Erlan Abdildayev: Oʻzbekiston bilan davlat chegarasi yana 10 foizga muvofiqlashtirildi
Qirgʻiziston va Oʻzbekiston davlat chegarasi yana 10 foizga muvofiqlashtirib olindi. Bu haqda Bishkekdagi brifingda Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev xabar berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, bundan avval Qirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani 85 foizga muvofiqlashtirib olish toʻgʻrisidagi bitimni imzolagan.
“Oʻzaro tushunish mamlakatlarimiz oʻrtasida yaxshi. Soʻnggi muzokaralar davomida maʼlum bir uchastkalar boʻyicha kelishuvlarga erishildi, bu haqda aniq nimanidir ayta olmayman. Biroq, ish 10 foiziga qadar yakunlandi, muzokara guruhlari tomonidan tegishli bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda. Bu uzoq jarayon”, – dedi u.
Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi chegarani delimitatsiya hamda demarkatsiya qilish boʻyicha muzokaralar bosh vazirlar oʻrinbosarlari hamda komissiyalar darajasida davom etmoqda.
“Bu yil bosh vazirlar oʻrinbosarlari darajasida ikkita uchrashuv va komissiyalar darajasida 3-4ta uchrashuv oʻtkazildi. Yaxshi siljishlar bor”, – dedi Abdildayev.