Eron Suriyadan chiqib ketish shartlarini maʼlum qildi
Eron Suriyadagi ishtirokini vaziyat barqarorlashsa, terrorizmga qarshi kurash esa oʻz yakuniga yetsa, kamaytiradi yoki butunlay chiqib ketadi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Bahrom Qosimiy maʼlum qildi.
“Suriya hukumati buni yana qancha xohlasa, biz bu mamlakatda shuncha boʻlamiz. Suriya hukumatining murojaatidan tashqari, terrorizmga qarshi kurash ham muhim vazifa boʻlgandi. Biz Suriya barqarorlikka yaqin ekani, terrorizm bilan kurash oxiriga yetayotgani va jiddiy muvaffaqiyatlarga erishilganini his etishimiz bilan, albatta, ushbu davlatdagi maslahat ishtirokimizni qisqartiramiz yoki umuman chiqib ketamiz”, – deya aytib oʻtdi Qosimiy “Pana” agentligiga.
Iyul oyi oʻrtalarida Eron oliy yetakchisi Ali Xomeniyning xalqaro ishlar boʻyicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiy Eron Suriyadagi ishtirokini saqlab qolishi, aks holda terrorchilar faol faoliyatga qaytishi haqida maʼlum qilgandi. Uning taʼkidlashicha, Eron qoʻshinlari Suriyada rasmiy Damashqning iltimosi bilan boʻlib turibdi, hamda boshqa davlat, jumladan, AQShning mamlakatdan qoʻshinlarni olib chiqish haqidagi talabi kulgilidir. Bundan tashqari, uning soʻzlariga koʻra, Eronning Suriyadagi ishtiroki (Isroil) bilan hech qanday bogʻliqlikka ega emas.