May, Makron va Merkel: AQSh yadro shartnomasidan chiqsa ham biz chiqmaymiz
Britaniya Bosh vaziri Tereza May, Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makaron va Germaniya kantsleri Angela Merkel Tehron bilan tuzilgan yadroviy bitimin qoʻllab quvvatlashini bildirdi. AQSh prezidenti Donald Tramp 8 may kuni AQShning bu bitimdan chiqqanligini eʼlon qilgan edi.
Britaniya bosh vaziri Tereza May AQSh prezidenti Donald Trampning yadroviy shartnomadan chiqish haqidagi qarorini muhokama qilish uchun Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boʻlib oʻtgan Yevropa ittifoqi sammiti doirasida Angela Merkel va Emminuel Makron bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqida Tereza Mayning matbuot kotibi maʼlum qildi. Kotibning bildirishicha, uch rahbar shartnomaga sodiq qolishlarini tasdiqlab, bugungi kunda umumiy xavfsizlik uchun uning muhimligini taʼkidlaganlar.
Shuningdek, Mayning matbuot kotibiga koʻra, har uchchala rahbar ham bitim tuzgan tomonlar bilan birga ishlashni davom ettirishni va Eronning oʻz majburiyatlarini bitim asosida bajarishi lozimligiga urgʻu berishgan.
Frantsiya prezidenti Emmanuel Makaron esa, Eronda faoliyat yuritayotgan Yevropa kompaniyalarini himoya qilish uchun Tehron bilan tuzilgan yadro shartnomasini qoʻllab-quvvatlashga qaror qilganini eʼlon qildi. Makaron Yevropaning iqtisodiy suverenitetini himoya qilish zarurligini taʼkidlar ekan, Yevropa kompaniyalari Eronda biznes qilish yoki qilmaslikda erkin tanlov imkoniyatiga ega boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
“Biz Eron xususida yaxshi maslahatlashib oldik. 2015 yilda imzolangan yadroviy shartnoma xavfsizlik va mintaqaviy tinchlik uchun muhim elementni tashkil qiladi. Shuning uchun – garchi Amerika Qoʻshma Shtatlari bitimdan chiqishga qaror qilgan boʻlasa ham – biz qolishga qaror qildik va kompaniyalarimiz uchun Eronda qolish imkonini beradigan siyosiy choralar koʻrishga ahd qildik”, dedi Makron.