Isfarada 45 Masjid yopildi
Tojikistonning Sugʻd viloyatida joylashgan Isfara shahri va uning atrofidagi 45ta masjidning faoliyatiga chek qoʻyildi. Bunga Masjidlarning sanitar normalariga javob bermasligi va shart-sharoitlarining noqulay ekanligi sabab sifatida koʻrsatilmoqda. Isfara shahar hokimi Jabboriy Dilshod Rasulzodaning bildirishicha, aholining bolalar bogʻchasi, ijtimoiy inshootlar va tibbiy yordam koʻrsatish punktlariga ehtiyojlari mavjud. Buning uchun yopilgan masjidlarni qaytadan taʼmirlab, fuqarolar talablarini qondirish asosiy maqsad qilib olingan.
“Aziya Plyus” axborot agentligining xabariga koʻra, Isfara shahar hokimi Dilshod Rasulzoda, 25 yanvarь kuni yilliq hisobot topshirish marosimida 45ta masjid yopilgani haqidagi farmonni eʼlon qilgan.
“Mahalliy aholi talabiga binoan yopilgan masjidlar ijtimoiy xizmat koʻrsatish maskanlari, bolalar bogʻchalari va tibbiy xizmat koʻrsatish punktlariga aylantiriladi. Biroq masjidlar taʼmirga muhtoj va bundan tashqari mamlakat Din Qumitasining ruxsati kerak boʻladi”, “Hozirda Isfara shahrida 113 masjid erkin tarzda faoliyat koʻrsatmoqda. Aholi orasidan 154 kishi xorijiy madrasalarda diniy taʼlim olar edi, hukumat buyrugʻi bilan ularning barchasi vatanga qaytarildi”, dedi Isfara shahar hokimi.
Rasulzodaning soʻzlariga qaraganda Oʻrta Osiyoning barcha davlatlari qatorida Tojikistonning Isfara shahri fuqarolari ham Iroq va Suriya tomon yoʻl olishib, “adashgan jihodiy guruhlar”ga qoʻshilib ketishgan. Ammo taʼkidlash joizki, ular asosan mehnat muhojirlaridan iborat boʻlib, boshqa xorijiy-islomiy oʻlkarlarga Rossiya orqali borib qolishgan.
“Biz bu jihatni inkor etmaymiz. Isfaraliklar ham jihodiy guruhlarga qoʻshilib janglarda ishtirok etishmoqda. Davlatimiz peshvosi Emomaliy Rahmoning fikriga koʻra, diniy oqimlar, xossatan jihodiy guruhlar safiga qoʻshilganlar orasida aynan Isfara shahri birinchi oʻrinda turadi”, deya taʼkidladi hokim.
Soʻnggi yillarda Tojikistonning turli mintaqalarida masjidlar faʼoliyati toʻxtatilib, tikuvchilik korxonasi, dam olish va oʻyin-kulgi maskanlari yoki bayram va anʼanalar nishonlanadigan makonlarga aylantirildi.
Faqatgina Sugʻd viloyatining oʻzida uch yil orasida 100ta masjidning faoliyatiga nuqta qoʻyildi. Xalqaro inson huquqini muhofaza qilish tashkilotiga koʻra, Tojikistonda mazhab erkinligiga nisbatan loqaydlik kuzatilmoqda. Amerika tashqi ishlar vazirligi hatto Tojikistonni 10ta muammoli davlatlar qatoriga qoʻshgan. Chunki Tojikistonda diniy mazhablar erkinligi cheklangan.
Ammo Tojikiston IIB masjidlar soni kamaytirilishining asosiy sababi mazhablararo nizolarni oldini olish deb sharhlaydi. Shundan kelib chiqib, qishloq mahallalarida, bir-biriga yaqin joylashgan masjidlar yopiladi.
Eng ajablanarli jihati shundaki, mazhablararo nizolar gohida mamlakatning janub qismida kuzatilsa-da, biroq aynan Sugʻd viloyatida, xususan Isfarada bu holat hargiz sodir boʻlmagan. Demak, ilmoniy hukumat turli bahonalar bilan dinga boʻlgan tazyiqni kundan kunga kuchaytirmoqda.
Eslatib oʻtish joizki, Tojikistonning Isfara shahri, Qirgʻizistonning Laylak va Botken viloyatlari bilan tutash yerda joylashgan. Ikki davlat orasida vizasiz qonun mavjud boʻlib, aholi har kuni oldi-sotdi, tijorat ishlari bilan bemalol shugʻullanishadi. Shu bois Tojikistonning janubiy mintaqasiga qaraganda, Isfarada tirikchilik uchun yaxshiroq shart-sharoitlar mavjud. Shu bilan bir qatorda bu mintaqa aholisi qadimdan Islom diniga haris, eʼtiqodlari mustahkam hisoblanadi. Demokratik qadriyatlar mamlakatning janubiy qismidan farqli oʻlaroq, Isfarada kengayib, rivojlanib ketishi amri mahol. U yerning qiz-juvonlari sharmu hayoli, iffat iboli boʻlib, hijobga qarshi kurash kampaniyasida qattiq sinovlarga bardosh berishdi va natijada hukumatning qattiq tazyiqlari qurboniga aylanishdi. Tabiatan hamiyatli, ixlosmand Isfaralik musulmonlarlar yot madaniyat va begona urf-odatlarni oʻz hayotlariga tatbiq qilishi amri mahol. Aynan shu jihat ilmoniy sistema muammosining asosiy qismiga aylangan. Shu maqsadda hukumat aholining xorijiy oʻlkalardan diniy saboq olishlari uchun toʻsiqlar qoʻyib, hujra-madrasalarni yopib, yoshlarni masjidlardan toʻsish amaliyoti keng yoʻlga qoʻygan. Chunki dinga, iymoniy muhitga chanqoq qalblar masjidlardagi mavʼiza va nasihatlardan bahramand boʻlib, taʼsirlanishi tabiiydir.
Munavvara