Jeyms Jeffri: Erdogʻanning oʻzi har kuni bunga izn beradi
AQSh hukumati IShIDga qarshi kurash bahonasida “Suriya demokratik kuchlari”ga shu kungacha 4900ta yuk mashinasida qurol-aslaha va bir qancha harbiy samolyotlar yetkazib berganligi aytilmoqda. Turkiya hukumati AQShning bu harakatiga rasman qarshiligini eʼlon qilib keladi. Ayniqsa AQShning “Suriya demokratik kuchlari” bilan hamkorlikda “chegaralar xavfsizligi kuchlari”ni tuzish haqidagi soʻnggi harakati Turk rasmiylarining keskin bayonotlar bilan chiqishiga sabab boʻldi.
Biroq AQShning Turkiya boʻyicha sobiq elchisi Jeyms Jeffri “Suriya demokratik kuchlari”ni qoʻllab-quvvatlayotgan AQShning samolyotlari Turkiyadagi harbiy bazalardan uchishiga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻanning oʻzi izn berayotganligini maʼlum qildi. Sobiq elchi bu haqida AQShdagi tushuncha tashkilotining tashqi aloqalar boʻyicha kengash markazida Turkiya-Amerika munosabatlari hamda Turkiyadagi ichki oʻzgarishlar bilan bogʻliq hozirgi muammolarga bagʻishlangan yigʻilishda aytib oʻtdi.
“Amerika IShIDga qarshi kurashda PKKga (terrorchi kurd ishchilar partiyasiga) bogʻliq guruhni qoʻllab-quvvatlamoqda. Turkiya har kuni bunga qarshiligini bildiryapti. Lekin bu guruhni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan samolyotlar Turkiyadagi harbiy bazalardan uchayapti, Erdogʻanning oʻzi har kuni bunga ruxsat bermoqda”, dedi sobiq elchi.
Shuningdek, Jeyms Jeffri Turkiyada demokratiya sohasida yuzaga kelgan muammolarga qaramay, hozirgi qiyin davrda ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro ittifoq buyuk ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Jeffriga koʻra, Turkiyaning geografik joylashuvi va harbiy salohiyatini eʼtibordan chetda qoldirish mumkin emas.
“Dunyo tushib qolgan bunday holatda ittifoqchilarga oʻta muhtojmiz. Ukrainadan Janubiy Xitoy dengizigacha, Shimoliy Koreyadan Suriyagacha, dunyoning ahvoliga bir qarang; uning juda nochor geostrategik vaziyatga tushib qolganini koʻrasiz. Bu holdan qutilish uchun Turkiya koʻp jihatdan muhim ahamiyatga ega”. “Mamlakatda koʻplab muammolarga qaramasdan, boshqa davlatlarga nisbatan Turkiya barqaror oʻlkadir. Turkiyaning geografik joylashuvi va harbiy salohiyatiga qaraganimizda, Yaqin Sharq va Qora dengizda undan ayri holda faoliyat yuritish aslo mumkin emas”, dedi Jeffri.