Parlamentning 5 deputatiga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi
Qirgʻizistonda 2017 yil oltinchi chaqiriqdagi parlamentning besh deputati va ikki sudьyaga nisbatan mamlakat JKning “Korruptsiya” moddasi boʻyicha jinoiy ishlar qoʻzgʻatildi. Shuningdek, korruptsiya boʻyicha ishlarga prokuraturaning bir xodimi, vazirlik va idoralarning toʻrt rahbari jalb etilishi mumkin. Bu haqda Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining Korruptsiyaga qarshi xizmati rahbari oʻrinbosari Tilak Choʻkmorov xabar berdi.
Uning maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yilda korruptsiya boʻyicha hammasi boʻlib 210 ta jinoiy ish qoʻzgʻatilgan, 1 mlrd 448 mln somlik zarar yetkazilgan.
“210 ishdan 72 tasi xizmat mavqeini suiisteʼmol qilish, 14- pul talab qilish, 10- bojxona va soliq toʻlovlaridan boʻyin tovlash holatlariga tegishli”,- deya qoʻshimcha qilib oʻtdi Tilak Choʻkmorov.
Uning taʼkidlashicha, korruptsiya bilan kurash kuchaytirilganiga qaramay, qirgʻizistonliklar hamon davlat xizmatchilarining qonunga zid harakatlariga duch kelishmoqda.
Turkiston:
Yodingizda boʻlsa, 2017 yilning yoz faslida, dabdurustdan avtohalokatlar koʻpayib ketgani haqida vahima koʻtarilgan edi. Qirgʻiziston hukumati, parlamenti, matbuot xizmatlari, jamoatchilik faollari bu haqida tinimsiz gapira boshlagan va hatto masjid imomlariga ham shu mavzuda masjidlarda vaʼz aytish buyurilgan edi. Jamoatchilik vahimaga tushib, nega birdan avtohalokatlar bunchalik koʻpayib boryapti ekan, deb xavotirlana boshladi. Sentyabr oyiga kelib IIM tomonidan yoʻl harakati jinoyatlari uchun yangi jarima toʻlovlari joriy qilindi.“AVTOgid” maʼlumot xizmati orqali tarqatilgan xabarda, yoʻl harakati jinoyatlari uchun jarima toʻlovlari 4 barobarga koʻtarilgani haqida IIMining rasmiy xabari tarqatildi. Shundan keyin yana xotirjamlik muhiti hukm sura boshladi. Xoʻsh, avtohalokatlarga barham berildimi? Yoʻq albatta!
Korruptsiyaga qarshi kurash ham xuddi shunday dabdurustdan vahimaga solib yuboradigan “islomiy terrorizmga yoki ekstremizm”ga qarshi kurash singari avvaldan rejalashtirilgan manfaatlarga qarab uyushtiriladi. Bu matbuot hujumi deb ataladi. Maqsadi, avvaldan rejalashtirilgan biror maqsadni roʻyobga chiqarishdan avval, jamoatchilik raʼyini tayorlab olishdir!
Korruptsiyaga botgan Qirgʻiziston hukumat vakillarining, korruptsiyaga qarshi kurashlari ortida, oʻzlariga noqulay rasmiylardan qutilish maqsadi yotganini hozirda deyarli barcha bilib turibdi. Bu holat nafaqat Qirgʻizistonda, balki olamiy kapitalistik sistemaning ichki raqobatlashish mexanizmi boʻlib qoldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Ular Islom mabdasiga qarshi kurashda, musulmonlarga qarshi xuddi shu boʻhton toshlarini otish asosidagi matbuot urushlari uyushtirish mexanizmlaridan unumli foydalanib kelishadi! Maqsadlari ham qirgʻiz hokimiyatiniki bilan deyarli bir xil, yaʼni vaqtinchalik salohiyatlaridan foydalanib, oʻz raqiblaridan gʻirrom yoʻllar bilan qutilib olishdir.