BMT Quddusni (Isroil) poytaxti deb tan olishdan bosh tortdi
BMT Bosh Assambleyasi AQShning Quddusga Isroil poytaxti maqomi berilishi haqidagi qarorini tan olmaslik toʻgʻrisida rezolyutsiyani qabul qildi.
Ushbu hujjat uchun 128 davlat ovoz bergan, 9 davlat qarshi ovoz bergan va yana 35 davlat betaraflikni saqlab qolgan. Rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatlamagan davlatlar bu: AQSh, (Isroil), Gonduras, Gvatemala, Mikroneziya, Marshal orollari, Nauru, Palau va Togo.
Ilgariroq Donalьd Tramp rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatlaydigan davlatlarga AQSh moliyaviy koʻmak berishni toʻxtatishi haqida bayonot bergan edi. Amerikaning BMTdagi doimiy vakili Nikki Xeyli ushbu hujjat Vashingtonning elchixonani Quddusga koʻchirish toʻgʻrisidagi qaroriga hech qanday taʼsir koʻrsatmasligi haqida maʼlum qilgan edi.
Qabul qilingan hujjatga koʻra, “Quddus maqomini oʻzgarishini nazarda tutuvchi har qanday qaror va harakatlar yuridik kuchga ega emas va bekor qilinadi”.
Rezolyutsiya shuningdek, barcha mamlakatlardan BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga zid keladigan hech qanday choralarni tan olmaslikni talab etadi.