Yevroparlament: Rossiya AQShni Markaziy Osiyodan siqib chiqarmoqda
Vashington Rossiya taʼsiri kuchayganligi tufayli Markaziy Osiyoda oʻz pozitsiyalarini yoʻqotmoqda. Bu haqda Yevroparlament bayonotiga tayangan holda RIA Novosti xabar bermoqda.
“AQShning Markaziy Osiyoda taʼsiri sustlashganini bir jihatdan Afgʻonistondagi operatsiyalar koʻlami pasayganligi bilan bogʻlash mumkin. Lekin asosiy sabab mintaqaning Rossiya taʼsiriga qaytganligidir. Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston Rossiyaning harbiy ittifoqdoshlari sanaladi. Aynan Rossiya, 2014 yilda, Qirgʻizistonni AQSh bilan “Manas” aviabazasi boʻyicha bitimni uzaytirmaslikka koʻndirgan edi”,- deyilgan hisobotda.
Hujjatda, shuningdek, AQSh Rossiya orqali Afgʻonistonga qurol-yarogʻ transportirovka qilish imkoniyatidan mahrum boʻlganligi ham eslatib oʻtilgan. 2015 yil Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev AQShga 2008 yildan buyon qurol-yarogʻ va aslahalarni transportirovka qilish imkoniyatini berib kelayotgan Shimoliy tarmoq boʻyicha tranzitni yopgan edi.
Bundan tashqari, Yevroparlament, Vashington Markaziy Osiyo mamlakatlarida savdo darajasi boʻyicha ham Moskvadan ancha ortda qolayotganini qayd etgan. 2016 yilda AQShning mintaqa mamlakatlari bilan amalga oshirgan savdo hajmi 2,4%ni tashkil qilgan boʻlsa, Rossiyaning bu bozordagi ulushi 18% darajasida saqlanib kelmoqda.
AQShning roli pasayishi Vashingtonning mintaqaga milliardlab mablagʻ kiritishi fonida roʻy berdi, ular Markaziy Osiyo davlatlariga investitsiyalar koʻrinishida kirib kelmoqda.
“Qozogʻiston, ayniqsa uning iqtisodiyoti neftь sektori Oʻrta Osiyodagi Amerika investitsiyalarining eng yirik obʼekti sanaladi. 2017 yil holatiga koʻra, AQShning bu davlatga toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalari 25 mlrd dollarni tashkil etdi. Natijada Qoʻshma Shtatlar Qozogʻistonda kattaligi boʻyicha ikkinchi xorijiy investorga aylandi. Bundan tashqari, AQShdan sarmoyalar oqimi tezlashdi, va ularning hajmi 2017 yilning birinchi yarmida 2,3 mlrd dollarlik rekord darajaga oʻsdi”, – deya taʼkidlanadi hisobotda.