Jeenbekov Qirgʻizistonning asosiy ittifoqchisi qaysi davlatligini maʼlum qildi
Qirgʻizistonning yangi saylangan prezidenti Sooronbay Jeenbekov TASS agentligiga bergan intervьyusida mamlakatning asosiy ittifoqchilari haqida gapirdi.
U dunyoda yildan yilga vaziyat ogʻirlashib borayotganini qayd etgan. U buni iqtisodiyotdagi turgʻunlik, xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmning faollashuvi bilan izohlagan. Uning soʻzlariga koʻra, globallashuvning kuchayishi va integratsiya jarayonlari tezlashuvi davlatlararo munosabatlarda ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi.
“Bu borada Qirgʻiziston koʻp tomonlama hamkorlik yuritish tarafdori. Biz MDH, ShHT, KXHT, YeOII kabi tashkilotlar doirasida hamda ikki tomonlama munosabatlarda hamkorlikni kengaytirib boramiz”,- degan Sooronbay Jeenbekov.
“Agar aniq aytadigan boʻlsam, biz Qirgʻizistonning asosiy strategik ittifoqchisi Rossiya bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqchimiz. Shuningdek, Xitoy ham muhim strategik va savdo-iqtisodiy hamkor boʻlib qoladi”- deya qoʻshimcha qilgan.
“Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashimiz kerak. Albatta, biz yevropalik hamkorlarimiz bilan ham aloqalarni rivojlantirishni davom ettiramiz”, – degan u.
Turkiston:
Qirgʻizistonning yangi prezidenti Sooronbay Jiyanbekov bir qancha kuchlar oʻrtasida, oʻta qiyin holatda turibdi. Roza Otunbayeva “Azattыk”radiosi muxbiri bilan olib borgan suhbatida, “men uning oʻrnida boʻlishni xohlamayman” dedi. Darhaqiqatda vaziyat oʻta keskin. Jiyanbekov bir qancha taraflar, yaʼni Atambayev, hokimiyatni egallab turgan yetakchi guruh, oʻzining qarindosh urugʻlari va Qirgʻizistonda hali ham kuchli quvvatga ega boʻlib turgan siyosiy elita vakillari oʻrtasida hamda unga taʼsir oʻtkazish maqsadida olib borilayotgan kuchli harakat va raqobatlar oʻrtasida qoldi. Jiyanbekov shu kuchlarning birini tanlashi kerak. Uning bu tanlovi, qolgan quvvatlar bilan uning aloqasiga putur yetkazishini anglatadi. Tashqi siyosatda esa mamlakatning ham, Jiyanbekovning ham ahvoli yaxshi emas.
Otunbayeva “Jiyanbekov siyosiy populist emas” dedi. Jiyanbekovning yuqoridagi gaplari aynan siyosiy populistik bayonot boʻlib, qalbaki va yolgʻon axborot tarqata boshlagan debyutlik chiqishlarining biri boʻldi. Avvalgi prezidentlar singari u ham, hokimiyat boshqaruvni eplay olmayotganidan kelib chiqadigan muammolarini Islom va musulmonlarga toʻnkay boshladi.