Qirgʻiziston va Oʻzbekiston bosh vazirlari uchrashdi
2-3 noyabr kunlar Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejashtirilgan MDH aʼzo davlatlar hukumat raislari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun kelgan Qirgʻiziston bosh vaziri Sapar Isakov oʻzbekistonlik hamkasbi Abdulla Aripov bilan uchrashdi.
“Biz hamkorlikning qogʻozda emas, amalda rivojlanayotganini kuzatmoqdamiz. Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining Qirgʻizistonga tarixiy tashrifi 25 yil davomida yechilmay qolgan savollarni muhokama etishga imkon berdi. Shuningdek, hukumatlararo ikkitomonlama aloqalarni rivojlantirish sharoiti paydo boʻldi”,- degan Isakov.
Oʻz oʻrnida Abdulla Aripov joriy yilning 9 oyi mobaynida mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 193 million AQSh dollarini tashkil etgani, kelgusida ushbu koʻrsatkichni yiliga 500 million AQSh dollariga yetkazish rejada borligini bildirdi.
Bundan tashqari, hukumat rahbarlari “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻl transport yoʻlagi ustida olib borilayotgan ishlarni muhokama qilishdi. Shuningdek, ikki davlat oʻrtasida tuzilgan delimitatsiya va demarkatsiya masalalari boʻyicha ishchi guruhning faoliyatiga baho berildi.
Uchrashuv soʻngida, ikki mamlakat bosh vazirlari oʻzaro hamkorlik shartlarini kelishib olib, har ikki yurtda madaniyat kunlarini tashkil etishni bildirdi. Yigʻilishda Abdulla Aripov hukumat raislari boshchiligida Oʻzbekistonga chegaradosh viloyat rahbarlarining birinchi yigʻilishini oʻtkazishni taklif qildi.