Qirgʻiziston Qozogʻiston bilan yordam koʻrsatish kelishuvini bekor qilganiga tushuntirish berdi
Qirgʻiziston hukumati Qozogʻiston bilan Yevroosiyo integratsiyasi doirasida yordam koʻrsatish haqidagi kelishuvni bekor qilishiga tushuntirish berdi. Ushbu qaror haqidagi hujjat va unga asosnoma Jogorku Kenesh saytida chop etildi.
Hujjatda aytilishicha, Qirgʻizistonning Bojxona ittifoqiga qoʻshilishi yoʻl xaritasiga muvofiq, bojxona infratuzilmalarini joylashtirish va texnik jihozlash boʻyicha qisqa muddatlarda katta hajmdagi ishlarni amalga oshirish kerak. Bundan tashqari, Qirgʻiziston veterinariya, fitosanitar va karantin tizimlarini xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirishi va tajriba laboratoriyalarini modernizatsiya qilishi lozim.
Qirgʻiziston iqtisodiyot vazirligida maʼlum qilinishicha, Qozogʻiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi dorisida koʻmak koʻrsatish kelishuvi 2016 yil dekabrda imzolangan. Qozogʻiston bu kelishuvga koʻra Qirgʻizistonga 100 mln dollarlik texnik yordam koʻrsatmoqchi edi.
“2017 yil avgustda tomonlar 41 mln dollarlik texnik koʻmak tadbirlari roʻyxatini imzolashgan. Keyinchalik yordam kelishilgan smetalar boʻyicha taqdim qilinishi kerak boʻlgan. Ayni vaqtgacha Qirgʻizistonga yordam koʻrsatilmagani uchun ushbu qonun loyihasi tayyorlangan”,- deb aytilgan asosnomada.
Qonun loyihasi byudjet va moliya qoʻmitasi tomondan maʼqullangan. Qirgʻiziston hukumati ikki davlat vazirlar mahkamalari oʻrtasidagi Yevroosiyo iqtisodiy integratsiyasi sharoitlarida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish kelishuvini, koʻmak berish tartibi va undan foydalanishni nazorat qilish, texnik koʻmak koʻrsatish va avval tomonlar imzolagan koʻmak koʻrsatish haqidagi protokollarga tuzatish kiritish protokollarini bekor qilishga qaror qildi.