Turkiya Mudofaa vaziri Qirg‘izistonga keldi

274
0

Turkiya Mudofaa vaziri Qirg‘izistonga keldi

Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasi 29-30-iyun kunlari Qirg‘izistonda bo‘ldi.

Tashrif doirasida Hulusi Akar Turkiyaning Bishkekdagi elchixonasida bo‘lib, u erda Turkiya va Qirg‘iziston barcha sohalarda, jumladan, siyosat, madaniyat, iqtisodiyot va mudofaa sohalarida strategik aloqalarni rivojlantirayotganini ta’kidlagan. Vazir Turkiyaning Qirg‘izistondagi diplomatik vakolatxonasi faoliyatidan mamnunligini bildirgan.

Tashrif doirasida Hulusi Akar prezident Sadir Japarov va Qirg‘iziston Mudofaa vaziri Taalaybek Omuraliev bilan uchrashdi. Unda ikki mamlakat mudofaasi va harbiy-texnik hamkorlik holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.

Izoh: AQSh Afg‘onistondan chiqib ketar ekan mintaqadagi o‘z ishtirokini Turkiya vositasida saqlab qolishga intilmoqda. AQSh Afg‘onistonda 1000ga yaqin harbiylarini qoldirishga qaror qilib, NATOga a’zo davlatlar birin-ketin afg‘on zaminidan o‘z qo‘shinlarin olib chiqib ketishni boshlayotgan bir vaqtda Turkiya zimmasiga Qobul aeroportini qo‘riqlash vazifasi topshirildi. Iroq, Liviya, Suriyada AQSh manfaatlarini himoya qilayotgan Turkiyaga Afg‘oniston va unga qo‘shni bo‘lgan islomiy yurtlarda ham ayni vazifa yuklatildi.

Qirg‘iz-tojik chegarasida sodir bo‘lgan navbatdagi qonli mojarodan keyin Turkiyaga rasmiy tashrif bilan borgan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qirg‘iziston hukumati Turkiya bilan mudofaa va xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish istagida ekanligini ma’lum qilgandi.

Japrov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida bo‘lgan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakpaev: “Sadir Japarov va Rajab Erdo‘g‘on uchrashuvida harbiy-texnik hamkorlik va Qirg‘iziston Mudofaa vazirligiga grant asosida xarbiy-texnik yordam ko‘rsatish masalasi” muhokama qilinganini aytgan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilga qadar Turkiya Qirg‘izistonga yiliga 1 million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatgan bo‘lsa, 2019 yildan boshlab bu ko‘mak miqdori 2 million dollarga etkazilgan. Ikki davlat rahbarlarining so‘nggi uchrashuvida ko‘mak miqdori yanada oshirilishiga kelishib olindi.

Qirg‘izistondagi safaridan so‘ng Hulusi Akar Tojikistonga borib, Mudofaa vaziri Sherali Mirzo bilan uchrashdi va ikki davlat harbiy hamkorligi masalasini muhokama qildi. Karimovdan so‘ng Turkiya bilan munosabatlarini yaxshilayotgan O‘zbekiston ham Turkiy tilli davlatlar parlamentlari assambleyasiga (TURKPA) a’zo bo‘lish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ma’lumki ushbu assambleyaga Turkiya bosh bo‘lib, turkiy tilli davlatlarni birlashtirish orqali ularni Rossiya ta’siri ostidan chiqarishni maqsad qilingan. Bu AQSh loyihasi bo‘lib Turkiya vositasida Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini kengaytirishga qaratilgan. Xulosa qilib aytganda, Turkiya rasmiylarining mintaqa davlatlariga amalga oshirayotgan safarlaridan ko‘zlangan maqsad – mintaqada Amerika gegemonligini kuchaytirishga qaratilgan.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.