Turk qoʻshinlari Idlibga safarbar qilina boshlandi
Turk qurolli kuchlariga tegishli harbiy texnikalar Suriyaga safarbar qilina boshlandi. Bu haqida Turk matbuoti va ommaviy axborot vositalari xabar tarqatdi. Xabarlarga koʻra, bir avtobus yuqori martabali askarlar, tibbiy vositalar va oʻq-dorilar yuklangan transport vositalari hamda harbiy texnikalar eshalon holatida Hatay viloyatining Rayhanli tumanidagi Chilvekoʻzi bojxonasidan Suriyaga olib oʻtilgan.
Rossiyaning RT axborot agentligi ham Interfaks axborot agentligiga tayanib xabar qilishicha, Turk askarlari Ostonada oʻtgan uchrashuvda erishilgan kelishuv boʻyicha qoʻshinlarini Idlibga safarbar qila boshlagan.
“Idlibda hozirgacha hech qanday rus askarlari yoʻq, lekin Turkiya hukumati mintaqaga askarlarini yubora boshladi”, deyiladi xalqaro axborot agentliklari tarqatgan xabarda.
Shuningdek, Axborot agentliklari Eron askarlari ham Idlibga safarbar qilinishi, rus askarlari esa Homs, Sharqiy Gʻuta va janubiy Suriyaga joylashtirilishi haqida xabar tarqatdi.
Turkiya qoʻshinlarining Idlibga kiritilishi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻrtasida Anqarada boʻlib oʻtgan uchrashuvdan soʻng amalga oshirila boshladi. Uchrashuvda ikki rahbar Suriya va Kurdiston masalasi ustida muhokama yuritganligi aytilgan edi.
Mazkur uchrashuv ortidan Rossiyaning qiruvchi samolyotlari Turk chegarasida joylashgan Suriyaning Harim shahriga hujum uyushtirib vayron qildi. Shuni aytib oʻtish lozimki, Rossiya samolyotlari Harim shahrini bombalash uchun Turkiyaning havo hududini kesib oʻtish kerak boʻladi.
Eron Suriyaga nisbatan oʻz bosqinchilik siyosatini davom ettirar ekan, Turkiya qoʻshinlarining muxolif kuchlar bilan toʻqnashuvi Suriya inqirozi boshlangandan buyon yuritilgan eng yomon tashqi siyosatning davomi sifatida baholanmoqda.