Kurdiston mintaqasining boʻlinishi bilan bogʻliq referendum ortida nimalar bor?

834
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Kurdiston mintaqasining boʻlinishi bilan bogʻliq referendum ortida nimalar bor?

Savol: Kurdiston mintaqasining boʻlinishi haqidagi referendumga xalqaro va regional doiralar roziligi boʻlmasligiga qaramasdan nima uchun Barzoniy boʻlinish haqida referendum oʻtkazishga qattiq turmoqda? Bugungi vaziyatda referendum oʻtkazish kurdlarning oʻz manfaatiga ham zid emasmi? Referendum oʻtkazilishi kutilayotgan ishmi? Agar u oʻtkazilsa va koʻpchilik buni maʼqullasa, mintaqada Kurdiston davlati paydo boʻlishi mumkinmi? Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.

Javob: Bu yerda shunday gap borki, agar hokim oʻz yurti manfaatiga zid qaror qabul qilsa, bu oʻsha hokimning malayligini va boshqa davlat oʻz manfaati uchun bunday qarorni qabul qilish haqida koʻrsatma berganini anglatadi… Bu gap Kurdiston mintaqasidagi kurdlarga ham mos keladi. Buning bayoni quyidagicha:

Har qanday ongli siyosatchi biladiki, kurdlarning davlatga ega boʻlishi juda qiyin. Qolaversa, bugungi xalqaro vaziyatda kurdlar uchun davlat tiklashga harakat qilish Kurdiston mintaqasiga zarar yetkazadi. Bu bilan Kurdiston mintaqasi siyosiy va maʼnaviy zarar koʻribgina qolmay moddiy zarar ham koʻradi. Chunki bu yerda masala Iroqda kurdlar uchun davlat tiklashgina emas, agar shunday boʻlganida buni qilish imkoniyati mavjud edi… Amerikaliklar Iroqni bosib olganidan keyin u yerda tiklangan rejim, yaʼni Bremer dasturi nomi bilan tanilgan rejim Iroqni markaz bilan moʻrt aloqaga ega boʻlgan mintaqalardan tuzilgan federal davlatga aylantirib qoʻydi. Hatto Kurdiston mintaqasi boshqaruv va ishlarni tasarruf qilish jihatidan Bagʻdoddagi markaziy hukumatda eng kuchli mintaqalardan biriga aylandi.
Mustamlakachi kofir davlatlar oʻzi bosib olgan har qanday musulmon yurtni taqsimlash va parchalash haqida oʻylaydi. Bunda ular faqat fursat poylaydi xolos. Bu ularning Islom va musulmonlarga boʻlgan nafratidandir… 2014 yil 12 avgustda boʻlgan savol javobda shunday degan edik: (- Amerika 2003 yil Iroqni bosib olgandan beri uni parchalash payida. Bremer mazhabparastlik va toifachilik asosida ishlab chiqqan konstitutsiyada toifa va mazhablarning ulushlari bor. Ularni prezident, parlament spikeri va bosh vazirga boʻlib bergan. Bosh vazir ijroiy hokimiyat, Bremer uni mazhabga aloqador mansabga aylantirgan hamda u hokimiyatning boshqa boʻlimlariga nisbatan provokatsion xususiyatga ega… Konstitutsiyada mintaqalardan tuzilgan ittifoq va bu mintaqalar salohiyati yuqoriligi haqida yozilgan. Shuning uchun Amerika Iroqni mintaqalarga taqsimlash uchun vaziyat hozirlashda muvaffaqiyat qozondi…). Mintaqalar amaliy jihatdan oʻzicha davlat boʻlib, ularga BMTga aʼzolik va elchilik kabi rasmiy shakllar yetishmaydi xolos… Ammo amaliy jihatdan Kurdiston davlat ichidagi davlat markaziy davlatdan ajralgandir. Shuning uchun Iroq yaxlit davlat emas!

Shuning uchun Kurdiston mintaqasi Iroq davlati ichida davlatga muhtoj emas, balki u amaliy jihatdan oʻzicha davlatdir… Bundan tashqari yuqorida aytganimizdek masala faqat Iroqdagi kurdlar mintaqasida va Iroqdan tashqaridagi kurdlarga aloqasi boʻlmagan kurd davlatini tiklash emas. Balki kurdlar uchun tiklanadigan har qanday davlat ortidan avtomatik tarzda mintaqadagi kurdlar harakatini keltirib chiqaradi. Shundan kelib chiqib aytadigan boʻlsak kurd davlati Kurdiston mintaqasidagina toʻxtab qolmaydi…

Shuning uchun kurdlar davlatining paydo boʻlishi Amerika va uning Turkiya, Eron, Suriyadagi malaylari uchun ogʻriqli zarba hisoblanadi. Bundan tashqari har qanday siyosatchi tushunadiki, Turkiyada boʻladimi yoki Suriya yoki Iroqdami farqsiz oʻlaroq, kurdlar uchun davlat tiklanishiga na xalqaro va na mintaqaviy vaziyat yoʻl beradi. Men kurd siyosatchilari, shu jumladan Barzoniy bu narsani tushunmaydi deyishdan yiroqman. Balki hozirgina aytganimizdek bugungi vaziyatda kurd davlatini paydo boʻlishi ishlarni chalkashtiradi va mintaqadagi xususan kurdlar mintaqasidagi boshqaruvni qoʻldan chiqaradi. Bu esa yuqorida aytganimizdek kurdlarga nafaqat maʼnaviy va siyosiy, balki moddiy zarar keltiradi. Shuning uchun Barzoniyning qarori bugungi vaziyatda oʻz yurti manfaatiga ziddir… Bu gapning birinchi qismi.

Ammo Barzoniyning qarori ortida turgan va bu qarordan manfaatdor boʻlayotgan davlat haqida aytadigan boʻlsak, bu davlatning kimligini topish qiyin ish emas, chunki bunga dalillar ochiq oydin. Barzoniy Amerika hamda Kurdiston mintaqasini oʻrab turgan va Amerikaga malay davlatlar qarshiligi ostida Iroqdan alohida davlat tiklanishi haqida referendum oʻtkazishni eʼlon qila olmaydi. Shuningdek Barzoniy uni shu qarorni chiqarishga qiziqtirayotgan va qoʻllab-quvvatlayotgan davlat boʻlsagina xalqaro va mintaqaviy jihatdan qarshilik qilayotgan mana shu kuchlarga qarshi tura oladi. Chunki Kurdiston mintaqasi oʻzining lash-lushlari bilan bu davlatlar, xususan Iroq ustidan hukmron boʻlib turgan Amerika qarshisida sabot bilan tura olmaydi. Shuning uchun yuqorida aytganimizdek bu qaror ortida turgan davlat kimligini bilib olish qiyin ish emas, u Britaniyadir.
Barzoniy oilasi Usmoniy davlatning oxirgi kunlaridan beri Britaniya bilan aloqada boʻlib keladi. Barzoniy bu aloqani otasi Mustafo Mulla Barzoniy, undan oldin amakisi Ahmad Barzoniy, undan oldin 1909 yildan 1914 yilgacha Britaniyaning qoʻllab-quvvatlovi ostida Usmoniy davlatga qarshi qurolli kurdlar isyoniga yetakchilik qilgan Abdussalom Barzoniydan meros olgan. Demak uning oilasi Britaniya bilan tigʻiz aloqadadir… Agar Britaniyaning bu referendum borasidagi pozitsiyasini kuzatsak, u referendumni qoʻllab-quvvatlayotganini bilamiz. Britaniya oʻzi iflos uslub va aldovlari bilan tanilgan:

Masalan Barzoniy 2017 yil 24 avgustda Britaniyaning Iroqdagi elchisi Frenk Beyker bilan uni Britaniya qoʻllab-quvvatlayotganini koʻrsatish uchun uchrashdi. Kurdlarning “Rudaw” gazetasi bu uchrashuv haqida shunday yozdi: “Iroqda Barzoniy Britaniya elchisi bilan boʻlgan uchrashuvida mehmon oʻz yurti Kurdiston xalqi huquqlarini tushunishini aytdi va Kurdiston mintaqasi raisini Britaniyaning referendumga nisbatan tutgan pozitsiyasidan xabardor qildi”. Diplomatiya tilida tushundi degani qoʻllab-quvvatladi deganidir. Shuningdek hech narsa qoʻshmasdan Britaniya pozitsiyasi haqida xabardor qildi degani ham qoʻllab-quvvatladi deganidir. Boshqacha aytganda Britaniya Barzoniyning qaroriga nisbatan ijobiy pozitsiyada, uni qoʻllab-quvvatlaydi hamda Amerika va mintaqadagi unga malay davlatlar qarshiligiga qaramay ishini davom etishini talab qiladi deganidir…

Masalan (Kurdiston mintaqasidagi tashqi aloqalar boʻyicha masʼul Faloh Mustafo Kurdiston 24 kanaliga shunday intervьyu berdi: “Britaniya referendum oʻtkazilishi va kurdlarning intilishlariga qarshi emas”. Faloh Mustafo bu gapni Britaniyaning Oʻrta Sharq va Shimoliy Afrika boʻyicha masʼul xodimi Alister Bert Erbilda kurd masʼullari bilan uchrashganidan keyin aytdi. Britaniyaning Oʻrta Sharq va Shimoliy Afrika boʻyicha xodimi Alister Bert yakshanba kuni bir necha masalalar boʻyicha kurd masʼullari bilan soʻzlashish uchun Erbilga kelgan edi. Kurdlar Kurdiston mintaqasini Iroqdan ajralib chiqishi boʻyicha boʻladigan referendumni joriy yil 25 sentyabrga belgilashmoqchi va buni mustaqil davlatni tiklash sari birinchi qadam deb hisoblashmoqda…). (Kurdiston 24 kanali, Erbil, 2017 yil 5 sentyabr).

Shunday qilib referendum borasida Barzoniy chiqargan qaror ortida Britaniya davlati turibdi…

Britaniyaning bu qaror ortidagi manfaatiga kelsak, bu narsa Tramp saylovlarda gʻolib chiqib, Britaniya tashqi ishlar vazirasi 2017 yil 26 yanvarda Vashingtonga tashrif buyurib, uni tabriklashi ortidan boshlandi… Oʻsha paytda Tramp Meyni, Mey esa Trampni maqtadi. Lekin ularning har birining oʻzgacha maqsadi bor edi. Tramp Britaniyadan Yevropa Ittifoqini parchalashga kuch sarflashini va Yevropa bilan kechiktirmay aloqalarini uzishini xohladi.
Ayni paytda Yevropa Ittifoqini parchalash uchun muhit tayyorlashda kuch sarflashini, xususan bu ishni saylovlar arafasida turgan Frantsiya va Gollandiyada amalga oshirishini ham xohladi… Ammo Mey Trampdan Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi oldidan imtiyozlarga ega boʻlishi uchun Yevropa Ittifoqi davlatlariga bosim qilishda foydalanadigan tijoriy kelishuvlar tuzishni xohladi. Tramp ham, Mey ham tashrif chogʻida koʻzlagan maqsadi uchun fikrini jamladi. Masalan Mey inglizlar odatiga koʻra tijoriy maqsadini turli yoʻllar bilan yashirishga harakat qildi. Lekin Trampning diplomatiya sohasidagi malakasizligi va uning ochiq bayonotlari Meyga oʻz niyatlarni yashirish imkonini bermadi…

Frantsiya va Gollandiyadagi saylovlarda Yevropa Ittifoqini qoʻllovchilar gʻolib chiqdi. Bundan tashqari Germaniya Yevropa Ittifoqini kuchli qoʻllab-quvvatladi va unga qattiq eʼtibor bera boshladi. Shunda Tramp Britaniyani faqat Amerika bilan boʻladigan tijoriy aloqalargina qiziqtirayotgani va Tramp xohlaganidek Yevropa Ittifoqi parchalanishiga eʼtibor qaratmayotganini tushunib qoldi. Bu holat Trampni asabiylashtirdi va u Britaniyaning oʻlim nuqtasi boʻlmish Qatarga zarba berdi hamda uni qamal qilib, dunyodan uzib qoʻydi. Biz 2017 yil 23 iyuldagi savol javobda aytgan edikki: (Britaniya haqida aytadigan boʻlsak, Britaniya bosh vaziri Tereza Mey 2017 yil 26 yanvarda Vashingtonga tashrif buyurishi va Vashington bilan tijoriy ittifoq tuzishga intilishi Yevroittifoqning boshqa davlatlariga undan chiqishiga qiziqtirish uchun namuna boʻldi. Shuningdek Britaniya Amerika bilan yaqin munosabatga kirishib, Tramp idorasini xursand qildi. Lekin Amerikaning Yevropa ittifoqi parchalanishi haqidagi orzulari soʻna boshlagach, yaʼni Niderlandiya va Frantsiya saylovlarida Yevropani qoʻllovchilar muvaffaqiyat topgach, Trampning Britaniyaga nisbatan ijobiy qarashi oʻzgardi.

Chunki Tramp Britaniya Yevropani parchalash ishiga yetakchilik qilishini xohlagan edi. Londonda yuz bergan Breksit Parij va Amsterdamda takrorlanmagach, Amerika Britaniyaning xalqaro manfaatlarini yulib ola boshladi, bu esa Londonga zarba berdi. Amerika malayi boʻlmish Sisiyni Britaniyaning Liviyadagi manfaatlariga qarshi Haftarni qoʻllab-quvvatlashiga undadi. Shuningdek Amerika oʻz malaylarini Britaniyaning arab va islomiy olamdagi torpedosi boʻlmish Qatarga qarshi zarba berishga undadi…). Bularning barchasi Trampning asabiga tegdi va u Saudiyaga borib oliy darajada sammit oʻtkazdi hamda Qatarga nisbatan sodir boʻlgan qamal va dunyodan uzib qoʻyish amaliyotida Britaniyaga zarba berdi.

Oʻz oʻrnida Britaniya ham Amerikaning mintaqadagi manfaatlariga tashvish tugʻdirishdan boshqa chorasi yoʻq edi. Shuning uchun u malayi Barzoniy orqali referendum masalasini koʻtardi hamda Amerika va uning malaylarini bezovta qila boshladi. Aslida Britaniya Amerikaga ochiqdan-ochiq tashvish tugʻdira olmaydi va unga ochiqcha qarshi chiqishga kuchi yetmaydi. Lekin u Kurdiston referendumi kabi taʼsirli ish va qulay fursat topilganda tashvish tugʻdirish va bezovta qilish xususiyatiga ega. Britaniya Barzoniyni oxirigacha borishiga harisdir, chunki vaziyat mintaqada qurolli amaliyotlar boʻlayotgani uchun Amerika va uning malaylari Turkiya, Eron, Suriya uchun qaynoq vaziyatdir… Shuning uchun Barzoniy referendum oʻtkazilishiga qattiq turmoqda. Britaniya esa Kurdiston mintaqasida kurdlar uchun mustaqil davlat tiklanadi deb referendum oʻtkazishga qiziqtirmoqda. Britaniya odatiga koʻra aldayapti va adashtiryapti. Chunki u uchun oʻz manfaati oldida kurdlar manfaati hech narsa emas. Britaniyaning kurdlar bilan boʻlgan tarixi bunday ishlar bilan toʻla!
Biz 2009 yil 1 apreldagi savol javobda shunday degan edik: (… Britaniya 1919 yil Mahmud Hafidga Usmoniylarning Sulaymoniyadagi himoya qalʼasiga hujum qilish evaziga kurd davlatini tiklab berish vaʼdasini berdi. Shunda ular qalʼaga hujum qilib, u yerdagi usmoniy birodarlarini oʻldirishdi va tirik qolganlarini quvib chiqishdi. Britaniya esa vaʼdasida turmadi, balki Mahmud Hafidni mustamlakasi boʻlmish Hindistonga surgun qildi. 1920 yil Sevr (Frantsiya) shahrida Usmoniy davlat bilan boʻlgan kelishuvda Britaniya xalifa Muhammad Vahiduddinni bezovta qilish uchun Kurd davlatini tiklash degan bandni kiritishga qattiq turdi. Bu kelishuvda xalifaning elchisi ishtirok etdi. Britaniya bu ishda muvaffaqiyat qozonib, Mustafo Kamolni jumhuriyat prezidenti qilib tayinladi va Xalifalik tugatildi. Soʻng Lozannada 1924 yil Mustafo Kamolning jumhuriyati bilan soʻzlashuvlar boʻldi va Britaniya Kurd davlatini tiklash bandini inkor qildi. Chunki u maqsadi, yaʼni Xalifalikni qulatish ishini roʻyobga chiqargan edi. Shundan keyin bunday ishga hojat qolmadi.

Britaniya mintaqada kurd millatchiligi va undan boshqa barcha millatchilik fitnalarini qoʻzgʻadi. Keyin bu millatlarni Islomiy davlatga qarshi isyon qilishga qiziqtirdi va oxiri niyatiga yetdi. Soʻng unga yordam bergan va ularni quldek ishlatgan kimsalarni boshqaruvga tiklab, ularni hokim va yetakchi deb atadi…). Ha, Britaniya oʻtmishda ham hozir ham mana shunday aldaydi va adashtiradi…

Barzoniy shunday qilib, 2017 yil 25 sentyabrda davlati boʻlishi uchun referendum oʻtkazishga qattiq turibdi. U bunda referendum oʻtkazilishiga qarshi chiqqan mintaqaviy va xalqaro pozitsiyaga eʼtibor bermayapti. Balki u shunday deb ochiq bayonot berdi: (Kurdiston mintaqasi 25 sentyabrda oʻtkaziladigan Iroqdan ajralish borasidagi referendumni kechiktirish yoki bekor qilishdan chorshanba kuni yana bir bor bosh tortdi. Bu narsa Erbilni bunday qadamdan qaytarish uchun qilingan mintaqaviy va xalqaro harakatlarga qaramay hamda Bagʻdoddagi markaziy hukumat bu referendum va uning natijalaridan bosh tortishiga qaramay roʻy berdi).
Kurdiston mintaqasidagi referendum boʻyicha oliy kengash kecha mintaqa raisi Masʼud Barzoniy boshchiligida yigʻilish oʻtkazib unda kurdlar elchisining referendum mavzusi boʻyicha Bagʻdodga qilgan oxirgi tashrifi natijalari hamda Barzoniyning Erbilda Jeyms Mettis bilan oʻtkazgan soʻzlashuvlari natijasi borasida bahs munozara qildi. Barzoniy maslahatchisi shunday dedi: “Masʼud Barzoniy joriy yil 25 sentyabr, belgilangan referendum bir daqiqa ham kechiktirilmay oʻtkazilishi haqida aytdi”. (2017 yil 24 avgust, Dubay shahri, Arabiya net sayti). Bu bayonot referendum oʻtkazilishiga xalqaro va mintaqaviy jihatdan ochiq qarshiliklar boʻlishiga qaramay berilmoqda:

a)   Amerika Barzoniy 2017 yil 7 iyunda chiqib, Iroqning kurdlar mintaqasida 25 sentyabrda mustaqil Kurdiston davlatini tiklash borasida referendum oʻtkazilishi haqida eʼlon qilgan kundan boshlab, bu referendumga qarshi chiqqan. Amerika buni xalqaro aloqalar boʻyicha Amerika elchisi Brett Mak-Gurk orqali eʼlon qildi. U aytdiki: “Bunday qaltis vaziyatda referendum oʻtkazish beqarorlikni keltirib chiqaradi. Biz referendumni sentyabrda oʻtkazish shart deb oʻylamaymiz. Chunki referendumni bunday shoshilinch tarzda oʻtkazilishi, xususan bunday bahsli mintaqada oʻtkazilishi sezilarli darajada beqarorlikka olib boradi” (2017 yil 8 iyun, AFP).

Amerika tashqi ishlar vaziri Reks Tillerson Kurdiston mintaqasi raisi Masʼud Barzoniy bilan boʻlgan 2017 yil 11 avgustdagi telefon soʻzlashuvida Vashington referendumni kechiktirishni xohlayotgani va Bagʻdod bilan bu borada soʻzlashuv oʻtkazishi haqida aytgan… Amerika mudofaa vaziri Jeyms Mettisni 2017 yil 22 avgustda Iroq bosh vaziri Ibodiy bilan uchrashishi, soʻng Barzoniy bilan uchrashish uchun Erbilga borishi va 2017 yil 23 avgustda esa Anqaraga borib, Amerikaning mintaqadagi faol dastagi boʻlgan Erdogan bilan uchrashishi uchun mintaqaga yubordi…

b)   Amerikaga malay mintaqa davlatlari ham referendum oʻtkazilishiga qarshi chiqishdi. Bosh vazir nomidan soʻzlovchi Saʼd Hadisiy shunday dedi: “Iroqdagi har qanday tarafning bosayotgan qadami va pozitsiyasi konstitutsiyaga tayanishi lozim. Shuningdek konstitutsiyasida toʻliq milliy hukmronlikka ega, yaxlit federal, demokratik oʻlka deb belgilangan Iroq davlati kelajagi xususidagi har qanday qaror konstitutsiya bandlariga rioya qilinishi lozim… Hech qaysi taraf boshqalardan alohida Iroq taqdirini belgilashi mumkin emas”. (2017 yil 9 iyun, Hurra Amerika gazetasi).

Turkiya davlati ham birinchi kundanoq referendum va Kurdiston mustaqilligi eʼlon qilinishiga qarshi chiqdi. Turkiya tashqi ishlar vazirligi bir bayonot chop etib, unda mintaqa raisi qarorini “Bu qaltis xato va Iroq zaminining yaxlitligiga xatar tugʻdiradi” deb ifodaladi. (2017 yil 9 iyun, Amerika ozodligi gazetasi)… Erdogan Amerika mudofaa vaziri Mettis bilan uchrashgach, “Referendum haqidagi qaror xato qarordir” dedi. (2017 yil 24 avgust, Al-Jazira)…

Eron davlati referendum oʻtkazilishi eʼlon qilinganidan ozgina oʻtib, 2017 yil 11 iyunda kelayotgan sentyabr oyida Iroq Kurdistonida oʻtkazilishi belgilangan referendumga jiddiy qarshiligini eʼlon qildi. Eron davlati: “Iroq yerlari yaxlitligi borasida aniq pozitsiyasi borligini” aytdi.

Eron tashqi ishlar vazirligi nomidan soʻzlovchi Bahrom Qosimiy shunday dedi: “Milliy va qonuniy ramka va meʼyorlardan yiroq va alohida chiqarilgan qarorlar Iroqdagi tinch vaziyatga putur yetkazadi va muammolarni koʻpaytiradi”. (Erkin fikr sayti, 2017 yil 15 iyun). Erkin fikr sayti 2017 yil 7 sentyabr kuni Eron maslahat kengashi raisining quyidagi bayonotini tarqatdi: (Islomiy maslahat kengashi raisining xalqaro ishlar boʻyicha maxsus yordamchisi Husayn Amir Abdullihyon Iroq Kurdistonida referendum oʻtkazilishi yangi inqirozni paydo qiladi…).

Amerikaning Kurdiston ichida ham tobelari boʻlib, ular Kurd Gʻavron (oʻzgartirish) harakati va Talaboniyning milliy ittihod hizbidir. Gʻavron harakati Barzoniyning referendum oʻtkazish borasidagi eʼloniga qarshi chiqdi va harakatning Kurdiston parlamentidagi aʼzosi Hushyor Abdulloh shunday dedi: “Oʻzgartirish harakati bitta fikrda qattiq turadi, u ham boʻlsa, referendum uchun belgilangan vaqt xato va bu reja Barzoniyning shaxsiy rejasidir”. Hushyor Abdulloh yana: “Kurdiston demokratik partiyasi oʻyinchi emas, piyodadir” deb taʼkidladi. (Ittifoq gazetasi, 2017 yil 5 avgust). Iroq jumhuriyati prezidenti, Taloboniyning milliy demokratik partiyasi aʼzosi Fuod Maʼsum ham referendumga qarshi chiqar ekan shunday dedi: “Prezidentlik kursisi kurdlarning roziligi va ovozi bilan tiklangan va u kurdlarning bir tomchi qoni va qurbonliklariga toʻgʻri kelmaydi. Ular “Maʼsum”ga davlat tiklash borasidagi orzulariga daxl qilishiga yoʻl qoʻymaydilar. Ular referendum kuni unga qarshi ovoz beradilar”. Kurdiston demokratik partiyasi Maʼsumning bayonotini shunday sifatladi: “U xatarli va dunyo davlatlariga yoʻllangan yomon nomadir. U yana referendum natijalarini chigallashtiradi hamda shaʼnini tushiradi”. (Sobiq manba).

Barzoniy shuncha mintaqaviy va xalqaro qarshiliklarga qaramay yuqorida aytganimizdek referendum oʻtkazishga qattiq turmoqda va uni bir daqiqa ham kechiktirilmaydi deb bayonot bermoqda. Bunga sabab Britaniya referendum mavzusini biz aytgan tariqada qoʻllab-quvvatlamoqda.

Referendum va unga taʼsir qiluvchi turli omillar haqida aytganimizdan keyin, bu mavzuga nisbatan kutilayotgan narsaga javob bersak boʻladi… Biz yuqorida bayon qilgan asoslarga koʻra bu ishga nisbatan maʼqul fikr quyidagicha:
a)   Har qanday holatda ham kurdlar uchun qonuniy maʼnoda davlat tiklanishi qiyin ishdir. Chunki Iroqqa nisbatan Amerika loyihasi shundan iboratki, Iroq markaz bilan mintaqalar oʻrtasida moʻrt aloqaga ega federal davlat boʻlishidir. Boshqacha aytganda rasman Iroq nomli federal davlati boʻladi, ammo amaliy jihatdan Iroqdagi boshqaruv idorasi turli toifalarga taqsimlanadi… Amerika 2003 yili Iroqni bosib olgandan beri shu loyihani qoʻllamoqda. Chunki Amerika Iroqni bosib olgan paytdayoq parchalash va taqsimlash urugʻini sepgan, lekin fursat kelganda uni rasmiy davlat deb eʼlon qiladi. Iroqning Amerikalik hokimi boʻlmish Bremer oʻsha paytda Iroq uchun federal mintaqalar konstitutsiyasini ishlab chiqqan. Unga koʻra, Iroq markaziy boshqaruvga ega kuchli yaxlit davlat boʻla olmaydi, balki moʻrt federal davlat boʻladi. Unda Mintaqalardagi boshqaruv markaziy boshqaruvdan kuchli boʻladi. Qachon Amerika kuchi yetganda va oʻzi uchun manfaatli deb topganda uni rasmiy shaklda davlat qiladi… Ammo Amerikaning bugungi loyihasi Iroq markaz bilan moʻrt aloqaga ega, mintaqalardan iborat federal davlat qilishdir…

2014 yil 12 avgustdagi savol javobda shunday degan edik: (Amerika 2003 yil Iroqni bosib olgandan boshlab, uni parchalashda davom etayapti. Bremer mazhabparastlik va toifachilik asosida ishlab chiqqan konstitutsiyada toifa va mazhablarning ulushlari bor. Ularni prezident, parlament spikeri va bosh vazirga boʻlib bergan. Bosh vazir ijroiy hokimiyat, Bremer uni mazhabga aloqador mansabga aylantirgan hamda u hokimiyatning boshqa boʻlimlariga nisbatan provokatsion xususiyatga ega…. Konstitutsiyada mintaqalardan tuzilgan ittifoq haqida va bu mintaqalarning salohiyati yuqoriligi haqida yozilgan. Shuning uchun Amerika Iroqni mintaqalarga taqsimlash uchun vaziyat hozirlashda muvaffaqiyat qozondi…).

Shunga koʻra Amerikanng bugungi siyosati shuki, u Iroqda bir necha davlat boʻlishni xohlamayapti. Balki u Iroqni shaklan davlat va amalda esa taqsimlangan federal davlat boʻlishini xohlayapti. Shuning uchun bugungi vaziyatda Iroqni qonuniy shaklda davlatlarga boʻlish haqiqatdan yiroqdir. Balki Iroq Bremer loyihasidagidek amalda taqsimlangan va mintaqalar markazdan kuchli holda qolaveradi. Bu holat hech boʻlmaganda kutilgan muddatgacha shunday qoladi.

b)   Referendum oʻtkazilishi eʼlon qilinishi Britaniyaning buyrugʻi boʻlib, hozir u Qatar borasida boshi berk koʻchaga kirib qolgan va shu yoʻl bilan Amerika manfaatlariga hujum qilmoqda. Agar Amerika Qatarni dunyodan uzib qoʻyish amaliyotini toʻxtatsa yoki uning qadr qimmatini saqlaydigan darajada uni yengillatsa, referendum masalasiga chek qoʻyiladi…

v)   Amerika xohlagan payt referendum masalasiga chek qoʻyishi mumkin, chunki u Iroqdagi yolgʻiz hokim davlatdir. Bu chek qoʻyish bevosita Amerika tarafidan boʻladimi? Yoki Kurdistondagi oʻziga malay harakatlarni ishga solish bilan boʻladimi? Yoki Turkiya va Eronni Barzoniyga qarshi harakatga keltirish bilan boʻladimi buning farqi yoʻq. Agar Amerika xohlasa moddiy kuchni ishga solishi ham mumkin. Eron harbiy shtab boshligʻi Muhammad Boqiriy 1979 yil Eron jumhuriyati tiklangandan beri Turkiyaga birinchi marta tashrif buyurdi. Bu tashrif uch kun davom etib, 2017 yil 15 avgustda oʻz nihoyasiga yetdi. Mehmonni Turkiya jumhuriyati prezidenti Erdogan Anqaradagi prezident qarorgohida kutib oldi. Turkiyaning rasmiy Onadoli axborot agentligi xabar berganidek uchrashuv 50 daqiqaga choʻzilgani ishning ahamiyatli ekanidan darak beradi. Tashrif chogʻida bosh shtab boshligʻiga quruqlikdagi harbiy kuchlar qoʻmondoni, chegara qoʻshinlari qoʻmondoni va Eronning bir qancha katta martabali harbiy qoʻmondonlari hamrohlik qildi. Bu haqida Eronning rasmiy “IRNA” axborot agentligi xabar tarqatdi.

Eronning tashqi ishlar vazirligi nomidan soʻzlovchi Bahrom Qosimiy Eron bosh shtab boshligʻi Muhammad Boqiriyning Turkiyaga tashrif buyurishi va Turkiyalik hamkori bilan uchrashishini “sakrash” va “ikki yurt oʻrtasidagi aloqalardagi yetuk qadam” deb baholadi… (2017 yil 21 avgust Mehr axborot agentligi). Bu tashrif referendumga yoki salmoqli boʻlgan chogʻda uning natijalariga chek qoʻyish uchun mintaqada moddiy ishlarni muvofiqlashtirish uchun qilingan boʻlishi mumkin… Amerika mudofaa vaziri 2017 yil 23 avgustda, yaʼni Eron bosh shtab boshligʻi tashrifidan soʻng Anqaraga tashrif buyurishi ham bu fikrimizni quvvatlaydi…

g)   Agar Amerika (v) banddagi ishlarni amalga oshirganda tashvish boʻlishidan qoʻrqsa, u referendum oʻtkazilishiga qarshilik qilmaydi, lekin bu referendum natija bermasligini xohlaydi. Boshqacha aytganda referendumdan keyin mustaqillik sari biror tadbir chora boʻlmasligini xohlaydi…

Alamli narsa shuki, arabu ajamdan iborat musulmonlar eʼzozlaydigan islomiy robita masalasida kofirlar muvaffaqiyat qozondi. Chunki kofirlar uni musulmonlar hayotidan chetlatib, uning oʻrniga badboʻy robitalarni kiritdi. Shuningdek ularni parchaladi, oʻrtalaridagi oʻzaro urushlar ular uchun ahamiyatli va birodarlik yot narsaga aylandi!
Millatchilik choʻqmori kecha islomiy davlatni qulatish uchun ishlagan boʻlsa, bugun Ummat binosini parchalash uchun ishlayapti. Mustamlakachi kofir Ummat vujudidan qolganini ham mana shu choʻqmor bilan parchalashda davom etmoqda… Bundan tashqari musulmon yurtlarni katta davlatlar oʻrtasidagi urush maydoni hamda musulmonlar qonini toʻkish va ular oʻzaro bir-biri bilan urushishi uchun vosita qilmoqda! Vaholanki Islom bularning barchasini harom qilgan hamda musulmonlar yaxlit va birodar boʻlishini vojib qilgan. Alloh Taolo aytadi:

 “Va barchangiz Allohning arqoniga (Qurʼonga) bogʻlaningiz va boʻlinmangiz! Hamda Allohning sizlarga bergan neʼmatini eslang: bir-biringizga dushman boʻlgan paytlaringizda dillaringizni oshno qilib qoʻydi-yu, sizlar Uning neʼmati sabab birodarlarga aylandingiz. Va doʻzax chohining yoqasida turgan edingiz, sizlarni undan xalos qildi. Haq yoʻlni topishingiz uchun Alloh sizlarga oʻz oyatlarini mana shunday bayon qiladi”                      [Oli Imron 103]

 “Moʻminlar hech shak-shubhasiz ogʻa-inilardir” [Hujurot 10]

Islom yana barcha turdagi tarafkashlik, millatparastlik, vatanparvarlik va qabilachilikni harom qilgan. Amr ibn Dinor shunday rivoyat qiladi: Jobir ibn Abdulloh shunday deb aytayotganini eshitganman: Gʻazotda edik, shunda muhojirlardan bir kishi bir ansoriyni urib qoʻydi. Shunda haligi ansoriy ansoriy sheriklarini chaqirdi, muhojir esa muhojir sheriklarini chaqirdi. Alloh oʻz rosulini bu ishdan xabardor qildi. Shunda Rosululloh A bu nima? deb soʻragan edi, ular: Muhojirlardan bir kishi bir ansoriyni urib qoʻygan edi, u ansoriy sheriklarni, muhojir esa muhojir sheriklarini chaqirdi deyishdi. Shunda Rosululloh A:

“دَعُوهَا، فَإِنَّهَا مُنْتِنَةٌ”

“Uni (tarafkashlikni) tashlanglar, chunki u sassiq narsadir”. Buxoriy chiqargan. Abu Mijlas Jundub ibn Abdulloh Bajaliydan rivoyat qilishicha Rosululloh A shunday dedi:

“مَنْ قُتِلَ تَحْتَ رَايَةٍ عُمِّيَّةٍ، يَدْعُو عَصَبِيَّةً، أَوْ يَنْصُرُ عَصَبِيَّةً، فَقِتْلَةٌ جَاهِلِيَّةٌ”

“Kimki gumrohlik bayrogʻi ostida tarafkashlikka chaqirgan va yordam bergan holda oʻlsa, johiliyat oʻlimini topibdi”. Muslim rivoyati.

Musulmonlar yuzlab yillar oʻz dinlari tufayli aziz, Robbilari tufayli kuchli boʻlib yashashdi. Ularni Islom birodarligi jamladi. Rosululloh A sahobalari ichida Umar, Abu Bakr, Usmon, Ali, Salmon Forsiy va Bilol Xabashiydek kishilar bor edi… U bir-biriga birodar Allohning bandalari boʻlib, Alloh yoʻlida jihod qilishdi… Arab millatidan boʻlgan Umar Quddusni fath qildi, kurd millatidan boʻlgan Salohuddin Quddusdan salibchilarni quvib chiqdi. Turk millatidan boʻlgan Abdulhamid Quddusni yahud ifloslardan saqladi… Shuning uchun musulmonlar kuchli boʻlishdi. Kimki zehn bilan quloq solsa mana shunday boʻlishi vojib.

“Albatta mana shu (Qurʼonda) ibodat qilguvchi qavm uchun yetarli narsa bordir” [Anbiyo 106]

18 zul-hijja 1438h

9 sentyabr 2017m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.