Rossiya AQSh harbiylarini Afgʻonistondan olib chiqib ketishni talab qilmoqda
Rossiya prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili, Rossiya Tashqi ishlar mahkamasining ikkinchi Osiyo departamenti rahbari Zamir Qobulovning “Izvestiya” nashriga bergan intervьyusida aytishicha, Amerika hukumati Afgʻonistondan oʻz harbiy kontingentini olib chiqib ketishi va bu bilan Vashingtonning ish bermagan kampaniyasiga nuqta qoʻyishi lozim.
“AQSh armiyasi qoʻlidan hech narsa kelmasligi sababli ular Afgʻonistonni tark etishlari lozim. Amerikaning Afgʻonistondagi kampaniyasi magʻlubiyatga yuz tutdi”,- degan Qobulov.
Qobulov, shuningdek, Rossiya Amerikaning Vashingtondagi doimiy armiyasi oʻrnini xususiy kompaniyalarning yollangan askarlari egallashiga qarshi ekanligini qoʻshimcha qildi.
“Bu holat hech qanday yaxshilikka olib kelmaydi: yollanganlar shunchaki qochib ketishadi”,- deb taʼkidladi diplomat.
Sal ilgariroq OAVlarda Amerika hukumati shtatdagi, Afgʻoniston hududida faoliyat yurituvchi harbiylarni yollanma askarlarga almashtirishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Eng yirik xususiy harbiy kompaniya Academi rahbari Erik Prins, Afgʻonistonda 5,5 ming nafar yollangan askarlarni va 90ga yaqin harbiy samolyotlarni joylashtirish taklifini bergan.
OAVlar taxminiy bahosi boʻyicha ushbu rejani amalga oshirish Vashingtonga oʻn milliard dollarga tushishi mumkin.
“Bularning barchasi mustamlakachilar siyosatiga oʻxshab ketmoqda”,- degan Qobulov.
Turkiston:
AQSh boshchiligidagi olamiy koalitsiya va NATO harbiy kuchlari qariyb 13 yildan buyon Afgʻonistonda harbiy bosqinchilik qilib kelmoqda. Afgʻonistonni tark etganiga ham 4 yil boʻlyapti. Biroq Rossiya aynan bugunga kelib ularni harbiy mustamlakachilar deb atashining boisi nimada?
AQSh Rossiyaga nisbatan qoʻllay boshlagan oxirgi cheklov sanktsiyalari Rossiyaning AQShdan kutgan oxirgi umidlarini ham uzib yubordi shekilli. Shuncha yillar mobaynida Putinning rejimi oʻzini AQSh uchun manfaatli yoki kamida zararsiz yetakchi guruh sifatida taqdim etmoqchi boʻlib, umid bilan yashadi. AQSh oʻzi uchun baʼzida yirik diktatorlarni ham maxfiy hamkor sifatida xizmatga qabul qiladi. Masalan Eronning mustabid tuzumini, shimoliy Koreyani, bir vaqtlardagi Saddam rejimini, Muborakdan qolgan as-Sisi rejimini, Oʻzbekistondagi marhum Karimov rejimini… xizmatga qabul qilib, ularning har biridan shu avtoritar rejim holatida foydalangani singari.
Lekin Rossiya juda katta tabiiy resurslarga boy davlatdir. AQSh bu davlatni bir musht singari butun holatida qoldira olmaydi. Balki Rossiyani bir necha, bir biri bilan hamkor, lekin bir biridan mustaqil boʻlgan hududlarga boʻlib yubormoqchi. AQSh Putin rejimini avtoritar tuzum holatida qoldirishni dunyo va oʻzi uchun xavfli deb biladi. Uni hozirgi oʻta zaif holatida qoldirishni ham xohlamaydi. Chunki xalqaro siyosat Rus xalqini birinchi va ikkinchi jahon urushlaridan keyin oz vaqt ichida qanday oyoqqa turib olganini va yana olamiy yetakchi davlatlar safiga kirib olganini guvohi boʻlgan. Demak Rossiya har tomonlama shimoliy Koreya singari xavfsiz mamlakat emas. Shuning uchun AQSh Rossiyani hatto yashirin shartnoma asosida mustamlaka qilishni ham xohlamayapti.
Rossiya ham AQShning bu strotegiyasidan voz kechmasligini anglab yetdi. Shuning uchun endi u yana Amerikaga qarshi bor kuch quvvatini yangidan ishga sola boshladi. Lekin endi Rossiyaning bayonotlari ham, harakatlari ham avvalgidek kuch quvvatga ega emas. AQSh ham endi Rossiyaning pozitsiyalari bilan deyarli hisoblashmaydi.