Putin AQShni chechen jangarilarini qoʻllab-quvvatlashda aybladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bayonot berishicha, Amerika maxsus xizmatlari Chechenistondagi jangarilariga yordam bergan va Moskvaning bu boradagi noroziliklariga eʼtibor bermagan. U rejissyor Oliver Stounning Showtime telekanalida koʻrsatilgan “Putin bilan intervьyu” hujjatli filьmida shunday fikrni bildirgan.
“Chechenistonda, Shimoliy Kavkazda muammolar boshlanganida, afsuski, amerikaliklar, bu jarayonlarni qoʻllab-quvvatladi”,- degan Rossiya prezidenti.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya AQSh yordamidan umid qilgan, ammo buning oʻrniga Amerika maxsus xizmatlarining terrorchilarni qoʻllab-quvvatlayotganini aniqladi.
“Agar siyosiy qoʻllov haqida gap ketsa, buning uchun isbot talab qilinmaydi. Bu axir, ochiqcha, oshkora qilingan edi. Operativ, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash haqida soʻz ketganda – bizda shunday dalillar bor va biz ularning ayrimlarini amerikalik hamkasblarga taqdim etganmiz”,- degan Putin.
“Oʻshanda bizda qatʼiy qarash shakllandiki, amerikalik hamkorlar faqat soʻzda Rossiyani qoʻllab-quvvatlashadi, terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik qilish haqida gapirishadi. Amalda esa, ushbu terrorchilardan Rossiyadagi ichki vaziyatni izdan chiqarishda foydalanishadi”,- deb qoʻshimcha qilgan Rossiya yetakchisi.
Putin, shuningdek, AQShning sobiq prezidenti Jorj Bushning Kavkazda ishlagan va jangarilarga texnik yordam koʻrsatgan amerikalik maxsus xizmat xodimlarining ism-shariflarini aytganda bildirgan fikrini ham yodga olgan.
“U bunga juda salbiy yondashishini aytib, buni hal etishini bildirdi”,- deya qayd etgan Rossiya rahbari.
Bundan tashqari, Putin MRBning Moskvaga yoʻllagan maktubidan ham iqtiboslar keltirgan. Unga koʻra, amerikaliklar “oʻzlarini muxolifatning barcha aʼzolari bilan munosabatlarni oʻrnatishga haqli deb hisoblashadi va bu ishni davom ettirishadi”.
Rossiya prezidentining aytishicha, maktubda terrorchilik guruhlari haqida gap ketgani yaqqol koʻrinib turar edi. “Shunga qaramay, ular terrorchilarni qandaydir muxolifat namoyondalari sifatida koʻrsatishga urinishdi”,- degan Putin.