Peterburgdagi teraktga aloqador Azimov Qirgʻizistondan noqonuniy olib chiqib ketilgan
Sankt-Peterburg metrosidagi terakt ishi boʻyicha gumonlanuvchi Akrom Azimovning advokati Olьga Dinzening taʼkidlashicha, Azimov shifoxonadan Moskvaga noqonuniy ravishda olib chiqib ketilgan, uning Rossiyada goʻyoki qoʻlga olinishi videosi sahnalashtirilgan.
Dinze Moskvadagi Basman tuman sudida Qirgʻizistonning Oʻsh shahridagi “Xosiyat” shifoxonasidan olingan maʼlumotnomani taqdim qildi. Unga koʻra, Azimov 15 aprelda mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan shifoxonaning jonlantirish boʻlimidan olib chiqib ketilgan va shundan keyin uni hech kim koʻrmagan. Azimov shifoxonada operatsiya qilingandi.
“19 aprelda Azimov Moskvadagi avtobus bekatida sumkada granata va krossovkalarining bogʻichisiz ushlangani videosi sahnalashtirilgan”,- deb aytdi advokat.
Uning maʼlum qilishicha, Azimov uni kuzatib borgan kishi bilan Moskvaga samolyotga oʻtkazilgan. Rossiyada Azimovni mahalliy huquq-tartibot idoralari kutib olgan.
Advokat RIA “Novosti” axborot agentligiga Qirgʻizistonda olingan maʼlumotnomani koʻrsatgan. Uning aytishicha, bu maʼlumotnoma advokat soʻrovi bilan olingan.
Axborot agentligi tergovning ushbu tasdiqlar boʻyicha izohlariga ega emas.
Rossiya tergov qoʻmitasida maʼlum qilinishicha, teraktning taxminiy tashkilotchisining ukasi Akrom Azimov teraktni sodir etgan xudkush Akbarjon Jalilov bilan qoʻngʻiroqlashib turgan va unga Turkiyada qandaydir xalqaro terrorchilik tashkiloti aʼzosidan olgan pulni oʻtkazib turgan.