Tinch aholining talofatiga qaramay, Pentagon hujum uslubini oʻzgartirmaydi

786
0

Tinch aholining talofatiga qaramay, Pentagon hujum uslubini oʻzgartirmaydi

Mosulning gʻarbiy qismida qilingan havo hujumlarida rasmiy raqamlarga koʻra kamida 307 tinch fuqaro halok boʻlgan va 273 fuqaro tan jarohati olgan. Bu haqida maʼlum qilgan BMT, AQSh boshchiligida IShIDga qarshi jang olib borayotgan koalitsiyani darhol jang uslubini qayta koʻrib chiqishga chaqirdi.

Biroq AQSh mudofaa vazirligi (Pentagon) havo hujumlari Molsulning gʻarbida tinch aholining oʻlimiga sabab boʻlayotganligini rad qilar ekan, IShIDga qarshi kurashda jang qoidalarini yengillatmasligini bildirdi.

AQSh Markaziy qoʻmondonligi soʻzchilaridan biri polkovnik Jon Tomas jurnalistlarga bergan intervьyusida janglar aholi zich yashaydigan mintaqalarda olib borilayotganligiga qaramay, AQSh armiyasi IShIDga qarshi hujum tariqatini oʻzgartirish niyati yoʻqligini bildirdi.

“AQSh Markaziy qoʻmondonligi rahbari General Jozef Votel biz qoʻllayotgan uslubni oʻzgartirishni muhokama qilmaydi. Amaliyotlarimiz yaxshi olib borilyapti. Bu amaliyotlarimizni davom ettirishimizni taʼkidlamoqchiman”, dedi Jon Tomas.

AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattis ham boʻlib oʻtgan vaziyatlarga qaramay, AQShning hujumlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Jeyms Mattis Mosul gʻarbida uyushtirilgan koalitsiya havo hujumlari natijasida oʻnlab tinch aholining oʻldirilishi haqida berilgan savolga javoban, ular AQSh samolyotlari tarafidan bombardimon qilinayotganligini tan olishdan bosh tortdi. Mattisning taʼkidlashicha, Amerika Qoʻshma Shtatlari butun dunyo boʻylab oʻz harbiy amaliyotlarida insoniylikni eʼtiborga oladi.

“Dunyoda tinch aholini bizdan koʻra koʻproq hisobga olishi isbotlangan biror bir harbiy kuch yoʻq. Biz hatto dushmanimiz insonlardan tirik qalqon sifatida foydalanib, bolalar va ayollar ortida yashiringan janglarda ham insoniyatni eʼtiborga olamiz”, dedi Mattis.

“Biz har doim vazifalarimizni insoniy bir tarzda bajarish uchun va begunoh odamlar orasida talofatlarni kamaytirish uchun bor kuchimizni sarflaymiz. Dushmanlarimiz esa bunday qilishmaydi”, deya qoʻshimcha qildi Mattis.

Ammo baʼzi xabarlarda aytilishicha, AQShning havo hujumlari oqibatida 24 soat ichida 500 kishi qatl etilgan. Guvohlar va Iroq rasmiylari ham oʻtgan hafta IShID nishonga olinganligi daʼvo qilingan hujumda bir qancha manzillar vayron qilinganligini bildirdi. Vayronalar ostida esa 200 atrofida tinch aholi vakillari qolib ketgan. Jasadlarni chiqarib olish hozirgacha davom etmoqda.

Xalqaro amnistiya tashkiloti ham AQSh boshchiligida amalga oshirilayotgan hujumlarda koʻp sonli tinch aholi halok boʻlayotganligini bildirib, bu oʻlimlar urush jinoyati hisoblanishidan ogohlantirdi. Tashkilotning maʼlum qilishicha, 17 mart kuni uyushtirilgan birgina hujumda 150 nafarga yaqin tinch fuqaro halok boʻlgan.

Soʻngi olingan xabarlarga koʻra, oxirgi havo hujumlarda aksariyati ayollar va yosh bolalardan iborat 263 kishi hayotdan koʻz yumgan. AQSh harbiy samolyotlari shifoxonalardan birini bombalashi oqibatida oʻnlagan tinch aholi vakillari halok boʻlgan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.