Tramp: Qarzingni toʻlab qoʻy
AQSh prezidenti Donald Tramp Germaniya kantsleri Angela Merkel bilan Oq uyda uchrashuv oʻtkazgandan soʻng oradan bir kun oʻtib, oʻzining tvitter sahifasi orqali Germaniyaning AQSh va NATOdan katta miqdorda qarzdorligini daʼvo qildi.
“Germaniya NATO va Amerikaga katta miqdorda mablagʻ toʻlashga majbur. Chunki NATO va AQSh uni kuchli va rejali tarzda himoya qilib kelmoqda”, deya yozdi Tramp oʻzining tvitter sahifasida.
Tramp bir kun avval Merkel bilan uchrashuvi ortidan tashkil qilingan mushtarak matbuot anjumanida ham jurnalistlarga intervyu berib, suhbat chogʻida Germaniyani himoya qilish xarajatlarini koʻpaytirish talabini takror tilga olganligini bildirgan edi. “NATOni kuchli tarzda qoʻllab quvvatlashimni va ayni paytda ittifoqdoshlarimiz himoya xarajatlarini toʻlashlariga ehtiyojimiz borligini Merkelga yana bir bor eslatdim”, degan edi Tramp.
Biroq oʻz navbatida Germaniya mudofaa vaziri Ursula von der Leyyen AQSh prezidentining qarz daʼvosiga javoban Germaniyaning AQSh va NATOdan hech qanday qarzi yoʻqligini bildirdi.
“Biz NATOdan qarzdor emasmiz. Mudofaa xarajatlarimiz ayni paytda BMTning tinchlikparvar kuchlari missiyasiga va Yevropa missiyalariga hamda IShIDga qarshi kurashga ham sarflanmoqda”, dedi Germaniya mudofaa vaziri.