Ostonada Suriya boʻyicha navbatdagi muzokaralar boshlanmoqda
RIA “Novosti”ning xabar qilishicha, Suriya hukumatining Bashar Jaafari boshchiligidagi delegatsiyasi Ostona shahriga yetib kelgan. Bu yerda 14-15 mart kunlari Suriya boʻyicha navbatdagi muzokaralar oʻtkaziladi.
Ostonada Suriya boʻyicha yuqori darajadagi navbatdagi xalqaro uchrashuv seshanba kuni boshlanadi. Qozogʻiston TIV maʼlumotiga koʻra, 14 mart kuniga dastlabki maslahatlashuvlarni oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlsa, 15 mart kuni umumiy majlis boʻlib oʻtadi.
Yanvar oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ostonada Suriya tinchlik jarayoni boʻyicha qoʻshimcha muzokaralar maydonini tashkil etish haqidagi taklifi Turkiya va Qozogʻiston prezidentlari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Ostonada Suriya boʻyicha muzokaralarning birinchi bosqichi 23-24 yanvar kunlari boʻlib oʻtdi. 15-16 fevral kunlari oʻtkazilgan ikkinchi bosqichda Suriyadagi sulh boʻyicha Eron, Rossiya, Turkiya ishtirokidagi monitoring guruhini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi.
Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabining tezkor boshqarmasi boshligʻi Sergey Rudskoy esa oʻtgan haftada 14-15 mart kunlariga rejalashtirilgan uchrashuvda Suriya Arab Respublikasida “Jabhot an-Nusra” va “IShID” terrorchi guruhlari tuzilmalarining borligiga oid yagona xarita ishlab chiqilishi yakunlanishi haqida maʼlum qilgan. Shuningdek, asirlarni almashish boʻyicha ishchi guruh va konstitutsiyaviy komissiyani tashkil etish muhokama qilinishi moʻljallangan.