Jeneva – 4 muzokara natijalari
Shvetsariyaning Jeneva shahrida boshlangan Suriya muzokaralarining toʻrtinchi turi nihoyasiga yetdi. Beshinchi tur muzokaralari uchun mart oyida taraflar Jenevaga taklif qilinadi. Bu haqida BMTning Suriya masalasi boʻyicha maxsus vakili Steffan de Mistura maʼlum qildi.
Muzokaralar jarayonida Mistura barcha taraflar, yaʼni Nosir al-Haririy boshchiligidagi muxolifat vakillari, Bashar Asad rejimining vakillari va Qohira bilan Moskva hukumatiga yaqinligi bilan tanilgan guruhlar bilan alohida-alohida uchrashib chiqdi.
BMT vakilining maʼlum qilishicha, taraflar xavfsizlik kengashining 2254-sonli qarorida koʻzda tutilgan muvaqqat hukumat tashkil qilish, yangi Konstitutsiya tuzish, adolatli va erkin saylovlar oʻtkazish, shuningdek, “ishonchni yuzaga keltiradigan chora-tadbirlar va terrorizmga qarshi kurash” ustida kelishib olishgan.
“Yaqin kunlarda BMT Bosh kotibi Antonio Guterres va Xavfsizlik Kengashini xabardor qilish uchun Nьyu-Yorkka boraman. Ular bilan fikr almashgandan soʻng taraflarni mart oyida 5 tur muzokaraga taklif qilaman”, dedi Mistura.
Nosir al-Haririy boshchiligidagi muxolifat delegatsiyasi Mistura bilan uchrashuvlaridan soʻng tashkil qilingan matbuot anjumanida “Muzokaraning toʻrtinchi turini aniq natijalar bilan tugatmayotgan boʻlsak-da, biroq bu safargi uchrashuvlar samaraliroq boʻldi. Ilk bor siyosiy oʻtish davri va Suriyaning kelajagini chuqur muhokama qildik”, dedi.
Turkiston:
Barchaga maʼlumki, Jenevada bundan avval uch marta uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, biroq biror natijaga erishilmadi. Yaʼni AQSh Suriyada oʻzi istagan vaziyatni paydo qila olmadi. Ammo Jeneva 4 muzokaralari avvalgilaridan biroz boshqacha boʻldi. Chunki AQSh Jeneva 1-2-3 muzokaralari oʻtkazilayotgan paytda hozirgisi kabi muxolifatning katta qismini muzokara stoliga oʻtirgʻiza olmagan edi. Yaʼni Jeneva 1-2-3 muzokaralarida muxolifat nomidan muzokaraga ishtirok etganlar Suriya ichida soʻzi oʻtmaydigan kimsalar edi. Ammo Ostona va Jeneva 4 muzokaralarida AQSh muzokara stoliga harbiylar vakillarini ham oʻtirgʻiza oldi. Biz bilamizki, Suriya masalasida tashqaridan kim nima haqida qaror qilsa qilsin, eng muhimi bu qarorning Suriya ichkarisida qabul qilinishidir. Bugungi kungacha boʻlgan kelishuvlar haqida Suriya xalqi chet el mehmonxonalarida yastanib yotgan kimsalarning uchrashuvlari va qarorlarini aslo qabul qilmayotgan edi. Ammo hozirgi muzokara stoliga oʻtirganlar esa, garchi soxta va xoin vakillar boʻlsa ham, mehmonxonalarda yastanib yotgan kimsalar emasligini namoyon qilmoqda. Shu bois Jeneva 4 muzokaralari avvalgilaridan biroz boshqacha boʻldi, deb aytish mumkin.
Biroq bu – AQSh mazkur muzokara orqali asl maqsadiga erishdi, degan maʼnoni anglatmaydi. Zero Jeneva 4 muzokarasi boshlanmasidan avval de Mistura bu muzokaradan biror natija kutmayotganligini bildirgan edi. BMT bosh kotibi Guterres ham “Biz Jeneva uchrashuvlaridan biror natija kutmayapmiz”, deb bayonot bergan edi. Faqat erishilgan narsa shu boʻldiki, taraflar oʻrtasida yangi konstitutsiya tuzish va oʻtish jarayoni haqida baʼzi kelishuvlar tuzildi xolos.