Rossiya harbiy bazasi Qirgʻizistonda yana 15 yilga qoldirildi

836
0

Rossiya harbiy bazasi Qirgʻizistonda yana 15 yilga qoldirildi

“Regnum” agentligi, joriy yilning 29 yanvaridan boshlab Rossiya Federatsiyasi va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida kelishuv kuchga kirgani toʻgʻrisida xabar qildi. Mazkur kelishuvga koʻra, respublika hududida joylashgan harbiy obʼektlar yagona yuridik – Rossiya birlashgan harbiy bazasiga aylantirildi. Rossiya harbiy tashkilotining maqsad va vazifalari oʻzgarishsiz qolgan.

Kelishuvda Rossiya obʼektining tartib-intizomi va shart-sharoitlari, shaxsiy tarkib va oila aʼzolarining mamlakat hududida qolish qoidalari mahalliy qonunchilikdan kelib chiqqan holda qayta belgilab berildi. Hujjatda hech qanday sifat va miqdorga oid katta oʻzgarishlar yoʻq.

Rossiyaning toʻrt harbiy obʼekti – aviabaza, Issiqkoʻldagi sinov bazasi, seysmostantsiya va RF HDF (harbiy-dengiz floti)ning uzoq aloqa tarmogʻi avvalgi oʻrinlarida qolgan. Mazkur kelishuv 15 yil davomida amalda boʻladi va tomonlardan biri uni toʻxtatishga qaror qilgunga qadar avtomatik ravishda 5 yillik muddatlarga choʻziladi.

Hujjatga koʻra, “Kant” aviabazasi oʻz faoliyatini bepul davom ettiradi. Avtonom seysmik punkt joylashgan yer hududidan foydalanish evaziga toʻlanadigan ijara haqi evaziga Favqulodda vaziyatlar boʻyicha vakolatli organ va QR Fanlar akademiyasining Seysmologiya institutiga mamlakatdagi zilzilalar kuchi va vaqtiga oid operativ maʼlumotlar taqdim etiladi. Aslida yillik ijara haqi 4,5 million dollardan ziyodni tashkil etadi.

Turkiston:

Qirgʻiziston prezidenti oʻzining yil yakunida xalq oldida bergan matbuot bayonotida, “Rossiyaning Qantdagi aviabazasi ham Qirgʻizistondan chiqariladi” degan edi. Prezidentning bu gapiga ekspertlar, “bu shunchaki populistik bayonot boʻldi” deb baho berishgan.

Qirgʻiziston siyosiy va iqtisodiy krizis holatiga tushib qoldi. Prezident va hukumat bu iqtisodiy va moliyaviy krizis holatidan chiqa olishmasa, siyosiy boʻhron roʻy berishi kutilyapti. Yaʼni, iqtisodiy va moliyaviy muammolar siyosiy krizisni kuchaytirib yuboradi.

Shuning uchun qirgʻiz hokimiyati davlat kamomadlarini vaqtincha boʻlsa ham yopib turish uchun oʻziga iqtisodiy homiy qidiryapti. Shu bilan bir qatorda siyosiy boʻhronni oldini olish uchun siyosiy hamkor ham izlashyapti. Prezidentning Rossiya harbiy bazalarini chiqarib yuborish haqidagi bayonoti Gʻarb investorlarini qiziqtirib, ulardan qarz olish maqsadida aytilgan gap edi. Lekin Gʻarb davlatlari ham, xalqaro moliyaviy tashkilotlar ham Qirgʻiz prezidentining bu gapiga unchalik eʼtibor berishmadi. Yaʼni xalqaro tashkilotlar Qirgʻizistonga qarz berishdan bosh tortishayotgandek pozitsiyada turishibdi.

Shuning uchun prezident harbiy gvardiya tuzish maqsadida bir qator reformalar boshlab yubordi. U Putinning izidan boryapti. Putin ham 2016 yili oʻziga itoat qiladigan milliy gvardiya tuzib, u orqali butun harbiy struktura kadr siyosatini oʻz nazorati ostiga olgan edi. Shu kunlarda Putin yuzlagan generallarni almashtirib, ularning oʻrniga oʻzining kallakesar harbiylarini tayinlay boshladi. Bu uning Yevropaga qarshi harbiy yurishiga aloqadordir.

Lekin Atambayevning harbiy reformalari va Rossiyaning harbiy bazalarini Qirgʻizistonda yanada kuchaytirish ishlari faqat ichki siyosiy vaziyatlarni keskinlashib borayotganiga borib taqaladi. Yaʼni hozirgi siyosiy keskin holatda Atambayev Rossiyaning xohish istaklariga teskari bora olmaydi. Rossiya ham buni biladi. Shuning uchun u vaziyatdan maksimal foydalanib olishga harakat qilishi tabiiy hol.

Demak aytish mumkinki, rus harbiy mustamlakasining yana davom etib boraverishiga ruxsat berilishi Qirgʻiz yetakchiligining oʻz manfaatlari yoʻlida Qirgʻiziston manfaatlarini qurbon qilayotgan siyosatlarining davomidir.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.