Ukrainalik harbiylar Donbassda yana janglar tiklanganini xabar berdi
“Kun.uz”ning xabar qilishicha, Ukrainalik harbiylar Donetsk xalq respublikasi vakillarini hukumat qoʻshinlari pozitsiyalariga yangi hujumni uyushtirish hamda mintaqada 2014 yildan buyon davom etayotgan mojaroni avj oldirishda ayblashdi.
Donbassda joylashtirilgan 72-alohida mexanizatsiyalangan brigadaning “Bi-bi-si”ga maʼlum qilishicha, 31 yanvarь kuni ertalab DXR tarafdorlari sulhni tiklash haqida taklif qilishdi, keyinchalik esa kutilmaganda hujumga oʻtishgan.
Brigadada maʼlum qilishlaricha, hujumdan avval mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 7 da Avdeyevka tumanida zambarak orqali oʻt ochilgan. Ukraina harbiylari soʻzlariga koʻra, shundan soʻng DXR tarafdorlari hujum qilishdi.
Brigada matbuot zobiti Yelena Mokrenchuk soʻzlariga koʻra, hujum toʻxtatilgan, biroq jang hozirga qadar davom etmoqda. Brigadada yakshanba kunidan beri otishmalar tufayli yetti kishi oʻldirilganini tasdiqlashdi.
Donetsk harbiy-fuqarolik maʼmuriyati rahbari Pavel Jebrivskiy ham yangi jang haqida xabar berdi. Uning qoʻshimcha qilishicha, ayni damda maʼmuriyat DXR tarafdorlari bilan oʻt ochishni toʻxtatish borasida muzokaralar olib bormoqda.
Strategik muhim punkt deb hisoblanuvchi Avdeyevka hududdagi eng qaynoq nuqtalardan biri boʻlib qolmoqda. Harbiylar maʼlumotiga koʻra, unga reaktiv va toʻp artilleriyasidan, shuningdek, tanklar yordamida oʻt ochishmoqda.
DXRning oʻzida esa mojaro kuchayishida ukrainalik harbiylarni ayblashdi. Respublika vakillari toʻrt nafar jangchisi qurbon boʻlganini tan oldi hamda Ukraina oʻz talofotlarini pasaytirib koʻrsatganini maʼlum qildi.
Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko 31 yanvarь kuni Germaniyaga boʻlgan tashrifini mamlakat sharqidagi mojaroli hududda vaziyatning keskinlashishi tufayli toʻxtatdi. Uning matbuot xizmati Avdeyevkada otishmalar sabab favqulodda holat yuzaga kelganini va bu gumanitar halokatga chegaradoshligini maʼlum qilishdi.
Avvalroq mahalliy hukumat otishma tufayli zarar koʻrgan elektruzatish tarmoqlari ishlamayotgani sababli Avdeyevkaning 25 ming aholisi chiroqsiz qolganini xabar berdi. Shaharda, shuningdek, suv va isitish tizimi ham yoʻq.
Kutilishicha, Poroshenko tarkibiga Ukraina, Rossiya va YeXHT kiruvchi uch tomonlama aloqa guruhining navbatdan tashqari yigʻilishini chaqiradi. Uning uchrashuvi 1 fevralga rejalashtirilgandi, biroq endilikda 31 yanvarь kuni boʻlib oʻtishi mumkinligi xabar qilindi.
Maʼlumot uchun, strategik ahamiyatga ega Avdeyevkadagi vaziyatning jiddiy keskinlashishi 29 yanvarga oʻtar kechasi yuz berdi. Mojaroda ishtirok etayotgan tomonlar hodisada bir-birlarini ayblashdi. “Reyter” agentligi Ukraina harbiylari bir yarim oydagi eng yirik talofotga ega boʻlganini taʼkidlab oʻtgan.