Chavushogʻlu: AQSh Ostona yigʻilishida albatta ishtirok etishi kerak

740
0

Chavushogʻlu: AQSh Ostona yigʻilishida albatta ishtirok etishi kerak

Soʻnggi paytlarda Turkiya bilan AQSh oʻrtasida Suriya va Iroq masalasi ustida ayrim siyosiy ziddiyatlar yuzaga kelganligi ommaviy axborot vositalari orqali namoyish etila boshladi. AQShning “YPG” va “PYD”ni qoʻllab, qurol-yaroq berishi, IShIDga qarshi kurashda koalitsiya kuchlari va AQShning Turkiyaga yetarlicha dastak bermayotganligi, shuning uchun Injirlik havo bazasining yopilishi haqidagi ayrim masalalar kunning dalzarb mavzulariga aylandi. Bu borada Turkiya tashqi ishlar vaziri Binali Yildirim AQShni ochiq tanqid qildi.

“Butun dunyo IShID dardida. Ular (AQSh) esa yolgʻondan kurashmoqda. Gapdan boshqa narsani bilishmaydi. Qarshi kurashayotgan esa faqat Turkiya. AQShning qilgan ishi shuki, Turkiyada koʻproq terror amalga oshirilsin deb, “YPG”, “PYD”ga oshkoro qurol bermoqda. Bu ish doʻslikka toʻgʻri kelmaydi. Bunda AQShning yangi hukumatini ayblamaymiz. Chunki bular Obama maʼmuriyatining ishidir. Yangi hukumatdan esa bu holatga chek qoʻyishini umid qilamiz”, dedi Yildirim.

Boshqa bir tomondan, AQSh va Rossiya oʻrtasida siyosiy tanglikni avj oldirgan hodisalar ham yuz bermoqda. Obama maʼmuriyatining 35 nafar Rossiya diplomatini AQShdan deportatsiya qilishi bu keskinlikning bir ifodasidir. Mazkur ziddiyatlar Turkiyaning Rossiya bilan juda ham yaqinlashuvi va AQShning Suriya jarayonidan uzoqlashgani bilan izohlanmoqda. Goʻyoki, Rossiya, Turkiya va Eron tomonidan tashkil qilingan uch tomonlama muzokara stoli AQSh uchun yopiq va u Suriya jarayonidan uzoqlashgandek koʻrsatilmoqda. Shuningdek Rossiyaning Suriya masalasini Jenevada emas, Ostonada muhokama qilinishini talab qilishi va bu haqida qaror qabul qilinishi bu tasavvurni yana-da kuchaytirdi.

Biroq rasmiy safar bilan Nьyu-Yorkka borgan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavushoʻgʻlining bayonoti jamoatchilik orasida tarqatilayotgan yuqoridagi tushunchalarga tamoman zid keldi. Chavushogʻlu oʻzining bayonotida Suriya muzokaralari boʻyicha Ostonada oʻtkaziladigan yigʻilishda Rossiya bilan birga Amerika Qoʻshma Shtatlari ham albatta ishtirok etish kerakligini bildirdi.

“AQShning Ostona muzokaralariga ishtirok etishi masalasi haqida Rossiya bilan gaplashib oldik. Biz shu fikrni qoʻllab-quvvatlaymiz, yaʼni AQSh ham Ostonada albatta Rossiya bilan bir safda ishtirok etishi zarur. Bu yerda AQShning rolini hech kim inkor etmasligi kerak”, dedi Chavushogʻlu jurnalistlarga bergan bayonotida.

Rossiya tomonidan ham qoʻllab-quvvatlangan bu bayonot aslida soʻngi paytlarda Turkiya-AQSh oʻrtasida hamda Rossiya-AQSh oʻrtasida vujudga kelayotgan siyosiy ziddiyatlarning Suriya masalasiga hech qanday aloqasi yoʻqligini koʻrsatmoqda. Ostona uchrashuvida AQShning albatta ishtirok etishi kerakligi Suriya masalasining nazorati toʻliq AQShning qoʻlida ekanligini koʻrsatadi. Rossiya, Eron va Turkiya esa bu jarayonning ijrochilari boʻlib qolmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.