AQSh “Rossiya fitnasi”ga qarshi 3,4 mlrd dollar ajratdi
AQSh Shimoliy va Markaziy Yevropadagi ittifoqchilariga 3,4 mlrd dollar miqdorida yordam koʻrsatgan. Davlat kotibi Jon Kerrining soʻzlariga koʻra, bu “Rossiya fitnasi”ga qarshi taqdim etilgan. Kerri Vashingtonda oʻtkazgan matbuot anjumanida shu haqda soʻz yuritdi.
“Biz demokratik Ukrainani qoʻllab-quvvatlayapmiz va Rossiya fitnasiga javoban Shimoliy va Markaziy Yevropadagi ittifoqchilarimizga yordam berdik”,- degan Kerri.
Uning soʻzlariga koʻra, bu mablagʻlar mamlakatlarning xavfsizligini kafolatlash va mudofaasini barpo etish uchun zarur boʻlgan.
Bundan avval, Kerri oʻzining prezident Obamaga yoʻllagan soʻnggi murojaatida 2009-2013 yillarda Moskva va Vashington oʻrtasidagi munosabatlarni “kuchaytirish” yadro qurollarini nazorat qilish hamda Afgʻonistondagi amerikalik harbiylarga “zarur boʻlgan ashyolarni yetkazib berishni tashkil etish”da “sezilarli ustunlik” berganini taʼkidlagan edi.
Uning qayd etishicha, AQSh va Rossiya “ayrim sohalardagi” umumiy manfaatlar yoʻlida “birga ishlash salohiyatini saqlab qolgan”. Kerri bu fikrining isboti sifatida Arktikadagi faoliyatni muvofiqlashtirish va Eron yadro dasturi boʻyicha muzokaralarni keltirib oʻtgan.
“Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasiga javoban esa, biz xalqaro hamjamiyatga yetakchilik qilgan holda ukrain halqini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Rossiyaga qarshi sanktsiyalar kiritishimiz kerak”,- deb qoʻshimcha qilgan Kerri.