بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم
Savolga javob
Turkiyadagi portlashlar ortida nima turibdi?
Savol: 2016 yil 17 dekabr shanba kuni yana bir portlash yuz berdi… “turk qurolli kuchlari bayonotiga koʻra shanba kuni Turkiya markazidagi Kayseri viloyati Erjiyes universiteti yaqinida portlovchi moddalar toʻlgʻazilgan avtomashina portlashi oqibatida 13 askar halok boʻldi va 48 tinch fuqaro yaralandi…”. (Si-En-En arabiyya sayti, 2016 yil 17 dekabr). Oʻtgan shanba tunda 2016 yil 10 dekabrda ham Istanbul markazidagi Beshiktosh klubi stadioni yaqinida ikki portlash roʻy berib 38 kishi (ulardan 30 tasi politsiyachi) halok boʻlgan edi. Keyinchalik halok boʻlganlar soni 44 kishiga yetdi. “Kurdiston ozodligi lochinlari” tashkiloti bu ikki portlash javobgarligini oʻz zimmasiga olganini eʼlon qildi. Hozirgi portlash ortida ham shu tashkilot turibdimi? Bu tashkilotning sahna ortidagi qanday yashirin jihatlari bor? Bu portlashlar ortida qanday sabablar bor? Alloh sizga yaxshilikni mukofot qilsin.
Javob:
2016 yil 10 dekabrda Istanbuldagi portlash haqida aytadigan boʻlsak uni “Kurdiston ozodligi lochinlari” tashkiloti oʻz zimmasiga oldi. Buni tashkilot oʻz eʼlonida bildirdi:
“Kurdiston Ishchilar partiyasidan ajralib chiqqan Kurdiston ozodligi lochinlari jamoati yakshanba kuni Istanbul shahridagi stadion tashqarisida roʻy bergan ikki portlash javobgarligini oʻz zimmasiga olganini eʼlon qildi. Ana shu ikki portlash oqibatida 38 kishi halok boʻldi va 155 kishi yaralandi… jamoat oʻzining elektron saytida chiqargan bayonotda hozirgi yilda Turkiyada roʻy bergan boshqa portlashlar javobgarligini ham oʻz zimmasiga olishini, shanba tunda roʻy bergan ikki hujumni ham oʻzi amalga oshirganini bildirdi… Bu ikki hujum barbod boʻlgan toʻntarishga urinishdan va yil boshidan buyon roʻy bergan bir necha portlashlardan hali ham oʻziga kelolmagan bu mamlakatda iztirobli vaziyatni paydo qildi… Shanba kunidagi hujumlar Beshiktosh futbol komandasining Vodafon stadioni yaqinida, futbol oʻyini tugaganidan taqriban ikki soat keyin roʻy berdi. Bu hujumlarda politsiyachilar nishonga olingani koʻrinib turibdi…”. (Anqara-Reyter, 2016 yil 12 noyabr). Keyinchalik qurbonlar soni ortdi: “Shanba tunida Istanbulda roʻy bergan ikki portlashda qurbon boʻlganlar soni 44 ga yetdi. Bu haqda sogʻliqni saqlash vazirligi bildirdi va turk axborot vositalari xabar tarqatdi. Sogʻliqni saqlash vaziri Rajab Akdogʻ Anqarada parlament oldida quyidagilarni aytdi: “Bitta qonli hujumda politsiyamizdan 36 kishini va sakkiz fuqaroni yoʻqotganimiz juda alamlidir”…” (London: “Sharqul Avsat onlayn” – 2016 yil 12 dekabr).
2016 yil 17 dekabrdagi portlashni esa hech qaysi tomon oʻz zimmasiga olmadi. Lekin turk rasmiylari oʻzlarining bayonotlarida bugungi portlash oʻtgan shanba 2016 yil 10 dekabrdagi portlashga oʻxshaydi, deb bildirishdi: “Turkiya bosh vaziri oʻrinbosari Noʻʼmon Qurtulmush: mamlakat markazidagi Kayserida soqchilikdan qaytayotgan askarlar tushgan avtobusga minalangan avtomashina bilan qilingan hujumda qoʻllangan portlovchi moddalar oʻtgan hafta Istanbuldagi ikki portlashda qoʻllangan portlovchi moddalarga oʻxshashdir, dedi. Qurtulmush buni NTV telekanali bilan boʻlgan muloqotda bildirdi. 13 kishi halok boʻlgan va 55 kishi yaralangan bu hujum javobgarligini hech qaysi tomon oʻz zimmasiga olmadi…”. (Arabiyya net, 2016 yil 17 dekabr). “Oʻz navbatida turk prezidenti Rajab Toyyib Erdogan, Kurdiston Ishchilar partiyasi bu hujumdan javobgardir, dedi. Erdogan bir bayonotda izoh berib “separatchi terrorchi tashkilot” bu hujumdan javobgardir” deb aytar ekan bunday hujumlar Iroq va Suriyadagi voqealar rivojiga bogʻliqligini koʻrsatib oʻtdi. Turk prezidenti “separatchi terrorchi tashkilot” iborasini bir necha marta qoʻllab bu bilan Kurdiston Ishchilar partiyasiga ishora qildi. Maʼlumki bu partiyani Qoʻshma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi va Turkiya terrorchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritgan…”. (Arabiyya net, 2016 yil 17 dekabr).
Shunga koʻra demak 2016 yil 17 dekabrdagi portlashni amalga oshirgan 2016 yil 10 dekabrdagi ikki portlashni amalga oshirganning oʻzi ekanligi, yaʼni “TAK” deb ataladigan “Kurdiston ozodligi lochinlari” tashkiloti amalga oshirgani ehtimoli kuchliroqdir.
Endi bu tashkilotning yashirin jihatlari va voqesiga kelsak, buni Kurdiston Ishchilar partiyasidagi – uning asoschisi Oʻjalon qamoqqa olinganidan keyin – oʻzgarish jarayonlarini bayon qilishdan keyin bayon qilamiz:
a) Oʻjalon 1999 yilda Keniya poytaxti Nayrobida qamoqqa olinganidan keyin Kurdiston Jamiyati ittifoqi rahbariyatining oltilik komissiyasi tashkil etildi. Bu tashkilot Kurdistonning qolgan qismlaridagi kurd partiyalari bilan solishtirganda juda murakkab tuzilish bilan ajralib turadi. Chunki, bu tashkilot toʻrtta yirik partiyadan iborat boʻlib, bu partiyalar tarkibida oʻnlab yoshlar, talabalar, ayollar tashkilotlari, ijtimoiy tashkilotlar, maishiy xizmat va xavfsizlik qoʻmitalari bor… Bu partiyalar quyidagilardir: Turkiyadagi Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK), Suriyadagi Demokratik Ittifoq partiyasi (PYD), Iroqdagi Demokratik Yechim partiyasi (PÇDK), Erondagi Ozod Hayot partiyasi (PJAK). Bu partiyalardan har birining oʻz rahbariyati va maxsus tuzilmasi bor. Lekin bu partiyalar Kurdiston Jamiyati ittifoqi tarkibiga kiradi. Bu tashkilotga 1999 yildan buyon Murod Qorayilon boshchilik qilib kelmoqda.
b) Kurdiston Ishchilar partiyasida Murod Qorayilon boshchiligi davrida Turkiyaga nisbatan oʻz pozitsiyasini yumshatish gʻolib boʻldi. Chunki Abdulloh Oʻjalon 1999 yilda qoʻlga olinganidan buyon Kurdiston Ishchilar partiyasining maqsadlari qisqarib, Kurdistonning toʻliq mustaqil boʻlishini talab qilishdan saqofiy haq-huquqlarga ega boʻlishni va faqat kurdlar bilan turklargagina tegishli boʻlgan avtonom boshqaruvning bir shaklini talab qilish darajasiga tushdi. Bu Amerika rejasi bilan turk hukumati va Oʻjalon oʻrtasida tuzilgan kelishuvlardan keyin roʻy berdi. Shundan keyin Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan turk hukumati oʻrtasida tinchlik hukm surdi.
v) Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan turk hukumati oʻrtasidagi aloqa Murod Qorayilon davrida bir muncha yumshoqlik va tinchlik bilan davom etdi. Bu turk hukumati bilan kurdlar oʻrtasida vaziyatni yumshatish qadamlariga muvofiq Amerika chizib bergan reja boʻyicha amalga oshdi. Amerika rejasidan keyin ikki taraf oʻrtasidagi yumshatish vositalari bir-biriga ulanib ketdi. Ayniqsa 2012 yil oxirlaridan eʼtiboran shunday boʻldi:
2012 yil 16 dekabr: Turk razvedkasi boshligʻi Hoqon Fidon Imrali oroliga borib u yerda Abdulloh Oʻjalon bilan uchrashdi.
2012 yil 9 dekabr: Rajab Toyyib Erdogan hukumatga qarashli TRT kanalida Oʻjalon bilan uchrashuvlar oʻtkazilganini bildirdi.
2013 yil 21 mart: Abdulloh Oʻjalonning murojaati navroʻz bayramini nishonlash uchun toʻplangan omma oldida oʻqib eshittirildi. Murojaatda Oʻjalon qurol-aslahani tashlab siyosiy kurash boshlashga chaqirgan. Oʻshanda Oʻjalon bunday degan edi: “Qurol-aslahani tashlash va qurolli guruh aʼzolarining Turkiya yerlaridan tashqariga chiqib ketish vaqti keldi. Bu kurashning tugaganini anglatmaydi. Aksincha boshqa turdagi kurash boshlanganini anglatadi”.
“Qoʻshma Shtatlar Kurdiston Ishchilar partiyasi yetakchisi Abdulloh Oʻjalonning kecha bu partiyaga mansub isyonchilarni “qurolni tashlash”ga chaqirib qilgan murojaatini olqishladi. Qoʻshma Shtatlar bu chaqiriqni “ijobiy qadam” deb baholadi. Turk hukumati ham bu chaqiriqni olqishladi. Ayni paytda bu chaqiriq turk millatchilarining noroziligini qoʻzgʻadi… Amerika tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilasi Viktoriya Nuland “Oʻjalonning oʻt ochishni toʻxtatishni eʼlon qilishi “Turkiyada 30 yildan koʻproq davrdan buyon davom etayotgan fojiali zoʻravonlikka” barham berishda yordam berishi mumkin” dedi. Nuland qoʻshimcha qilib “Qoʻshma Shtatlar ham tinch yoʻl bilan yechimga erishish uchun turk hukumati va manfaatdor taraflar sarflagan dadil kuch-gʻayratlarni olqishlaydi, tinch yoʻl bilan boʻladigan yechim Turkiyada demokratiyani mustahkamlaydi” dedi…”. (Al-Jazira net, 2013 yil 22 mart).
2013 yil 4 aprel: 63 kishidan iborat hakamlar komissiyasi tuzildi. Komissiya aʼzolari kurd masalasini oʻzaro kelishib hal qilish boʻyicha dialog oʻtkazish uchun Turkiyaning turli tomonlarini aylanib chiqishga kirishishdi.
2013 yil 25 aprel: Qandil togʻidagi yetakchilardan biri Murod Qorayilon yuzlab jurnalistlar oldida tashkilot 2013 yil 8 maydan boshlab Turkiya yerlaridan chiqib ketish amaliyotini boshlashini bildirdi.
g) Bu tinchlik va yumshoq pozitsiya Murod Qorayilon boshchiligi davrida davom etdi. Keyinchalik Kurdiston Ishchilar partiyasining toʻqqizinchi konferentsiyasida Murod oʻrniga Jamil Bayik saylandi. Ana shu vaqtdan eʼtiboran ishlar shiddatli tus olish (qattiqlik) sari ogʻa boshladi: “iyun va avgust oylarida Qandilda Kurdiston Ishchilar partiyasining toʻqqizinchi konferentsiyasi boʻlib oʻtdi. Unda 162 aʼzo ishtirok etdi. Konferentsiyada partiya rahbariyati tarkibida oʻzgarishlar yuz berdi. Bayik Qorayilon oʻrnini egalladi. Chunki u oshiqcha uch ovoz olib Qorayilonni ortda qoldirdi…”. (Kurdiston demokratik partiyasi sayti, 2013 yil 6 noyabr).
Komissiya raisligigacha yetib borgan oʻzgarish baʼzi kurd va turk doiralari nazdida oldingi bosqichga qarshi bir siyosiy inqilob yasadi. Chunki komissiya rahbariyati butunlay yangidan saylandi. U olti kishi (uchtasi erkak va uchtasi ayol)dan iborat boʻldi. Unga taniqli yetakchi Jamil Bayik rais boʻldi. Aytish mumkinki, konferentsiya chogʻida partiya rahbariyatida roʻy bergan oʻzgarish partiya strategiyasida bir yangi burilishni shakllantirdi. Butunlay yangi rahbariyatni saylash darajasida boʻlsin yoki kelgusi bosqichda yurgizish lozim boʻladigan siyosat darajasida boʻlsin bu oʻzgarish shunday berilishni shakllantirdi. Keyingi hodisalar ana shu siyosatga dalolat qilib turibdi:
2013 yil 5 iyul: Kurdiston Ishchilar partiyasi tashkilotining Qandil togʻidagi harbiy yetakchilaridan biri Jamil Bayik va u bilan birga Bese Xozat Kurdiston Jamiyati ittifoqi (KSK) rahbariyatiga saylandi.
2013 yil 31 iyul: Jamil Bayik Bi-Bi-Siga bergan intervьyusida tashkilot – agar turk hukumati kelgusi yil iyuligacha sezilarli qadamlarni tashlamasa – chiqib ketish amaliyotini toʻxtatishini taʼkidladi. U shu bilangina kifoyalanmadi, balki tashkilotning chiqib ketgan aʼzolarining turk yerlariga yana qaytishi mazmunidagi ogohlantiruvni ham yoʻlladi.
2013 yil 19 avgust: Jamil Bayik milliy yarashuvning borishi barbod boʻlgan taqdirda Turkiya ichkarisidagi xavfsizlik vaziyati oldingidan ham koʻra koʻproq yomonlashishini bildirdi.
2013 yil 9 sentyabr: Kurdiston Jamiyati ittifoqi (KSK) Kurdiston Ishchilar partiyasi tashkiloti aʼzolarining turk yerlaridan chiqib ketishi butunlay toʻxtatilganini eʼlon qildi.
2013 yil 3 dekabr: Jamil Bayik Turkiyadagi voqealarni oxirgi jarayonlari xususidagi murojaat bilan chiqib quyidagilarni aytdi: “Agar vaziyat mana shu tarzda davom etaveradigan boʻlsa Turkiyada urush chiqishi muqarrar. Biz turk hukumatiga muhlat berib, kelgusi bahorgacha talablarimizni bajarish fursatini berdik. Turk hukumati bu talablarni bajarsa muammo yarashuv yoʻli bilan hal boʻladi. Agar shartlarimiz qabul qilinmasa u holda turklar bilan bu shaklda munosabatni davom ettirishimiz imkoni qolmaydi”.
2014 yil 20 dekabr: Jamil Bayik: qurolni tashlash kurdlar uchun oʻlim bilan barobardir – dedi.
2015 yil 12 iyun: Xalq demokratik partiyasi raisi Salohiddin Demirtosh Kurdiston Ishchilar partiyasi tashkiloti tashkilot yetakchisi Abdulloh Oʻjalon chaqirigʻiga binoan qurollarini tashlashi mumkinligini aytdi. Unga Kurdiston Jamiyati ittifoqi bunday deb raddiya bildirdi: “Hamma quyidagi haqiqatni anglab yetishi lozim: turk davlatiga qarshi qurolli kurashdan voz kechish masalasini faqat biz hal qilamiz. Bu toʻgʻrida hech qaysi shaxsning raʼy bildirishga haqqi yoʻq. Hamma shuni ham bilib qoʻyishi lozimki, Xalq demokratik partiyasi bizning siyosiy qanotimiz hisoblanmaydi, binobarin Xalq demokratik partiyasi rahbariyati qurolni tashlashimizni talab qilolmaydi. Biz yetakchimiz Oʻjalonning bizdan hozirgi shart-sharoitlarda qurolni tashlashimizni talab qilishiga ishonmaymiz… Biz hammaga shuni ham bildirib qoʻymoqchimizki, bizning qurolni tashlamaslik toʻgʻrisidagi qarorimiz Oʻjalon talablarini rad etish hisoblanmaydi va biz Xalq demokratik partiyasining siyosiy ish olib borishiga toʻsiq qoʻymoqchi ham emasmiz”.
2015 yil 11 iyulda Kurdiston Jamiyati ittifoqi (KSK) oʻt ochishni toʻxtatish haqida Turkiya bilan 2012 yildan boshlab tuzilgan bitim nihoyasiga yetganini bildirib buni “turk davlati harbiy blokpostlarni va pozitsiyalarni bino qilganligi” bilan izohlab oqladi… Buni Kurdiston Jamiyati ittifoqi (KSK) ijroiy kengashining mushtarak rayosati chiqargan bayonotda bildirildi. Rayosat bayonotda: turk davlati yarashuv shartlarini buzdi – deb bildirdi… (ARA NEWS 2016 yil 12 iyul).
2015 yil 14 iyulda Kurdiston Jamiyati ittifoqi boshliqlaridan biri Bese Xozat “Kelgusi bosqich Turkiyada qoʻzgʻolon koʻtaradigan xalq amalga oshiradigan urush bosqichidir” nomli maqola yozdi. Bu maqola “Oʻzgur Gundem” gazetasida nashr etildi.
d) Yuqoridagilardan ayon boʻlyaptiki, Kurdiston Ishchilar partiyasi Murod davrida bu partiya bilan turk hukumati oʻrtasidagi yarashuvga oid Amerika kelishuvini bajarishda Amerika rejasiga yaqinroq boʻlgan edi. Ana shu bosqich ikkala tomon oʻrtasida 2013 yil martda tinchlik kelishuvini tuzish bilan yakunlandi… ana shu davrda baʼzi kurdlar tomonidan bildirilgan norozilik boʻlinishlarga va eʼtirozlarga olib keldi… Murod Qorayilon davridagi (1999-2013) tinchlik muhiti baʼzi kurdlarni gʻazablantirdi. Chunki ular buni qaysidir darajada yon berishdir, deb bilishardi… Mana shu vaziyatda TAK deb ataladigan Kurdiston ozodligi lochinlari tashkiloti 2004 yilda Kurdiston Ishchilar partiyasidan ajralib chiqdi. Bu tashkilotga 1993 yilda Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan bogʻliq holda asos solingan edi. Hozir esa bu tashkilot – oʻzining bildirishicha – mustaqil ravishda harakat olib boryapti. Bu tashkilot oʻzlarining tuzilmasi mustaqil boʻlib, oʻzlariga hech kimning aloqasi yoʻqligini taʼkidlamoqda. Ular oʻzlarini strukturaviy jihatdan “fidoiy kuchlar” deb atashadi. Ularning asosiy maqsadi turk armiyasining harbiy infrastrukturasiga zarba berish va sayyohlik sektorini xarob qilishdir… “Lochin”lar (TAK)ning 2005 yildagi birinchi amaliyoti sayyohlar tushgan avtobusni nishonga olish boʻldi. Buning oqibatida 5 kishi halok boʻldi va 20 kishi yaralandi. 2008 yildan boshlab “TAK” tashkiloti Turkiya kabi Qoʻshma Shtatlar tashqi ishlar vazirligi tomonidan terrorchi tashkilot deb eʼlon qilindi va “ajnabiy terrorchi tashkilotlar” roʻyxatiga kirdi. Yevropa Ittifoqi ham uni terrochi partiya deb hisoblaydi…
ye) Toʻqqizinchi konferentsiya saylovlarida yuz bergan oʻzgarishdan keyin va 2013 yil avgustda Jamil Bayik raislikka kelganidan keyin Ishchilar partiyasi inglizlar rejasiga moyil boʻlib Erdogan va uning hukumatini portlashlar va oʻldirib ketish amaliyotlaridan iborat moddiy ishlar bilan nishonga ola boshladi…
Bu “Lochinlar” amaliyotlarida kuchli koʻzga tashlandi. Ayniqsa shu yil kuchli koʻzga tashlandi. Chunki vaziyat Kurdiston ozodligi lochinlari tashkilotiga turk xavfsizlik kuchlariga qarshi oʻz amaliyotlarini ikki baravar koʻpaytirishda qoʻl keldi. Natijada “Lochinlar” amaliyotlari mana shu davrda tobora kuchaydi. Oʻtgan yil oxirlaridan soʻng hozirgi yildan boshlab – bu yillarda amaliyotlar yanada qaynoq tus oldi, oxirgi amaliyot 2016 yil 17 dekabrda yuz berdi – bu amaliyotlarga yorqin nazar tashlasak bu ishni aniq mulohaza qilishimiz mumkin boʻladi:
2015 yil dekabr – Istanbuldagi Sabiha Goʻkchen raketalar bilan nishonga olindi, bu hujum bir xodima ayolning qurbon boʻlishiga olib keldi.
2016 yil fevral – Anqarada portlovchi moddalar joylangan avtomashina portladi, bu hujum 28 kishining halok boʻlishiga olib keldi, ularning koʻpchiligi askarlardir.
2016 yil mart – Anqarada portlovchi moddalar joylangan avtomashina portlatildi, bu hujum bir kishining qurbon boʻlishiga va oʻnlab kishilarning yaralanishiga olib keldi.
2016 iyun – Istanbuldagi Veznechiler rayonida portlovchi modda joylangan avtomashina portlatilishi oqibatida 11 kishi oʻldi va 36 kishi yaralandi, ularning koʻpchiligi politsiyachilardir.
2016 yil oktyabr – Istanbuldagi Yeni Bosna mahallasida mototsikl portlatilishi oqibatida 10 kishi yaralandi.
2016 yil noyabr – Turkiya janubidagi Adana viloyatidagi bir bino darvozasi oldida portlovchi modda joylangan avtomashina portlatilishi oqibatida bir necha tinch fuqaro halok boʻldi va oʻnlab kishilar yaralandi.
2016 yil 10 dekabr – Beshiktosh mahallasida yuz bergan qoʻshaloq portlashda 44 kishi halok boʻldi, ularning koʻpchiligi politsiyachilardir va 200ga yaqin kishi yaralandi.
2016 yil 17 dekabr – “Turkiya markazidagi Kayseri viloyatining Erjiyes universiteti yaqinida portlovchi modda joylangan avtomashina portlashi oqibatida 13 askar halok boʻldi va 48 kishi yaralandi, ularning orasida tinch fuqarolar ham bor. Bu haqda turk qurolli kuchlari tomonidan chiqarilgan bayonotda bildirildi… xavfsizlik manbalariga koʻra “portlovchi modda joylangan avtomashina Erjiyes universitetiga kiraverishdagi yaqin joyda, askarlarni olib ketayotgan avtobus yonida portlagan. Askarlar hafta oxirida dam olish kunini oʻtkazishga chiqishgan edi” ayni vaqtda politsiya boʻlinmalari va tez yordam mashinalari hodisa roʻy bergan joyga shoshilinch yetib keldi, yaralanganlarni viloyat shifoxonasiga olib ketildi, xavfsizlik choralari kuchaytirildi…”. (Si-En-En arabiyya sayti, 2016 yil 17 dekabr).
yo) Yuqorida oʻtgan barcha faktlarni oʻrganib chiqish bilan Kurdiston ozodligi lochinlarining yashirin siyosiy tomoni quyidagicha ekanligi bizga ayon boʻladi:
Jamil Bayik 2014 yil 20 dekabrda “Qurolni tashlash kurdlar uchun oʻlim bilan barobar” deb bildirganidan keyin Bayik boshchiligidagi Kurdiston Ishchilar partiyasi vaziyatni keskinlashtirishga kirishdi, bu keskinlik 2015 yil 12 iyulda avj oldi. Chunki Bayik boshchiligidagi Kurdiston Jamiyati ittifoqi (KSK) Erdogan hukumati bilan tuzilgan oʻt ochishni toʻxtatish haqidagi bitim toʻxtaganini eʼlon qildi… Bu bilan bir qatorda lochinlar tashkiloti (TAK) turk hukumatining hayotiy muhim manfaatlariga qarshi, ayniqsa xavfsizlik kuchlariga qarshi moddiy amaliyotlarni avj oldirdi, oxiri kelib 2016 yil 10 va 17 dekabr kunlaridagi ikki amaliyot roʻy berdi.
Bu esa Lochinlar tashkilotining yashirin tomoni haqidagi kuchliroq ehtimol uning hozirda Amerika malayi Erdogan hukumatiga qarshi Yevropa rejasiga, xususan Britaniya rejasiga yaqin turgan Bayik rejasi bilan hamohang kelmoqda degan ehtimoldir.
j) Buni Kurdiston Ishchilar partiyasi asoschilaridan biri Jamil Bayik aytgan soʻzlar tasdiqlab turibdi. U 2016 yil 15 martda Britaniyaning “Tayms” gazetasiga bergan intervьyusida bunday dedi: “Biz Erdoganni va Adolat va Taraqqiyot partiyasini qulatishni istaymiz. Chunki Erdogan va uning partiyasi qulatilmas ekan bu mamlakatda hech qachon demokratiya boʻlmaydi”. (Bi-Bi-Si, 2016 yil 15 mart)…
Respublikachi xalq partiyasi raisi, inglizlar malayi Qilichdoroʻgʻli ham turk savdo uylari va birjalari ittifoqi bosh jamiyatining 72 konferentsiyasida nutq soʻzlab “Bu prezidentlik sistemasi nima oʻzi? Bitta shaxs gapirsa butun Turkiya jim turibdi… Bu prezidentlik sistemasini bu mamlakatda tatbiq qilish qon toʻkmasdan mumkin boʻlmaydi” dedi. (www.tna24.com 2016 yil 13 may).
z) Bularning barchasidan aniq koʻrinib turibdiki, Istanbuldagi oxirgi portlashlar ortida inglizlar turibdi. Buning ortida turgan omilga kelsak, u quyidagi ishlar doirasidan chiqmaydi:
Inglizlar malaylari amalga oshirgan oxirgi toʻntarish urinishini davom ettirib Turkiyadagi Amerikaga malay rejim uchun beqarorlik holatini vujudga keltirish. Chunki inglizlar Turkiyadagi bu rejimni oʻzgartirish oson emasligini yaxshi tushunishadi. Chunki Erdogan Amerika uchun Turkiyada kuchli tayanchlarni vujudga keltirdi. Shuning uchun bu rejimni oʻzgartirish oson emas. Lekin taʼsir oʻtkazib sarosima va beqarorlikni keltirib chiqarishlari mumkin. Beqarorlik takrorlanaversa rejim tayanchlari zaiflashishi mumkin…
Bu masalaning bir tomoni, boshqa tomondan esa Turkiyadagi parlament sistemasiga Angliya 1924 yilda Xalifalik qulaganidan keyin oʻzining malayi Mustafo Kamol qoʻli bilan asos solgan. Bu esa Turkiyadagi parlament sistemasining ruhiy otasi Britaniya ekanligini anglatadi. Shuning uchun Erdogan va uning ortida turgan Amerika parlament sistemasini prezidentlik sistemasiga oʻzgartirish va jumhuriyat prezidentiga yanada koʻproq salohiyat-huquqlar berish orqali bu eshikni abadul-abad berkitishni istamoqda. Britaniya esa bu prezidentlik sistemasini istamaydi… Oldinroq Respublika xalq partiyasi raisi, inglizlar malayi Qilichdoroʻgʻli bu prezidentlik sistemasini bu mamlakatda qon toʻkmasdan tatbiq qilib boʻlmaydi, degan edi “Turkiyaning “Saboh” gazetasi oʻzining sarlavhasida “U majlisni, xalqni va siyosatni haqoratlamoqda” deb yozdi. Gazeta bu bilan Ruspublika xalq partiyasi raisi Qilichdoroʻgʻli “Sizlar prezidentlik sistemasini qon toʻkmasdan tatbiq qilolmaysiz” degan soʻzlariga ishora qildi…”. (Turkiya post, 2016 yil 13 may).
Xulosa: Britaniya oʻzining malaylari, jumladan Kurdiston ozodligi lochinlari amalga oshirayotgan oʻldirish va portlatish amaliyotlari orqali bitta oʻq bilan ikki quyonni urmoqchi boʻlyapti: Amerikaga malay turk rejimida beqarorlikni paydo qilish va ayni vaqtda Erdoganning parlament sistemasi oʻrniga prezidentlik sistemasini eʼlon qilishga urinishiga qarshi kuch bilan qarshi turish. Ammo bu amaliyotlar bir avtonom boshqaruv mintaqasining paydo boʻlishiga olib keladi degan oʻyga kelsak, bu ishning yaqin kelajakda roʻy berishi ehtimoldan uzoqdir.
Soʻzim yakunida shuni aytmoqchimanki, musulmonlarning qoni Islom uchun va Islom Ummati uchun emas, mustamlakachi kofirlar manfaatlari uchun toʻkilayotgani haqiqatda juda alamlidir… Shunga qaramay bu Ummat eng yaxshi ummatdir. U uzoq davom etgan uyqudan keyin Alloh izni bilan albatta oyoqqa turadi. Bu Ummatning tarixidagi hodisalar buni aytib turibdi. Chunki axir salibchilar soʻngra moʻgʻul-tatarlar bu Ummatga qarshi urush qilib Xalifalik poytaxti Bagʻdodni vayron qilishganidan keyin va Dajlaning ajoyib tiniq, sof suvlarini oʻzlari toʻkkan qon va daryoga tashlashgan qoʻlyozmalar siyohlari bilan aralashgan qizil-qora rangga aylantirishganidan keyin Islom Ummatining yana oyoqqa turishini va Qustantiniya (hozirgi Istanbul)ni fath etishini kim kutgan edi? Lekin Allohga sodiq haqiqiy er oʻgʻlonlar bor. Ular adolatsizlikka indamay koʻz yumib uxlab yotaverishmaydi va zulmga aslo sukut qilib turaverishmaydi. Ular ishlarni haqqoniy ravishda oʻrni-oʻrniga qoʻymagunlaricha va roshid Xalifalikni oʻz asoslariga qaytarmagunlaricha kurashaveradilar. Ularning holatlari tili shunday demoqda:
مِنَ الْمُؤْمِنِينَ رِجَالٌ صَدَقُوا مَا عَاهَدُوا اللَّهَ عَلَيْهِ فَمِنْهُم مَّن قَضَى نَحْبَهُ وَمِنْهُم مَّن يَنتَظِرُ وَمَا بَدَّلُوا تَبْدِيلًا
“Moʻminlar orasida oʻzlari Allohga bergan ahdu paymonlariga sodiq boʻlgan kishilar bordir. Bas ulardan (ayrim) kishilar oʻz ahdiga vafo qildi, (yaʼni shahid boʻldi), ulardan (ayrim) kishilar esa (shahid boʻlishga) intizordir. Ular (Allohga bergan ahdu paymonlarini) oʻzgartirganlari yoʻq” [Ahzob 23]
Bu haqqi rostdir:
إِنَّ اللَّهَ بَالِغُ أَمْرِهِ قَدْ جَعَلَ اللَّهُ لِكُلِّ شَيْءٍ قَدْرًا
“Albatta Alloh Oʻzi (xohlagan) ishiga yetguvchidir. Darhaqiqat Alloh barcha narsa uchun miqdor-oʻlchov qilib qoʻygandir” [Taloq 3]
21 rabiul-avval 1438h
20 dekabr 2016m