Anqarada Rossiya elchisi otib oʻldirildi
Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlov qurolli hujumga uchradi. Hujum poytaxt Anqarada tashkil qilingan sanʼat koʻrgazmasida sodir etildi. Koʻrgazmada ochilish nutqini soʻzlagan rus elchisi qoʻriqchi kiyimida boʻlgan shaxs tomonidan otib oʻldirildi. Elchini otib tashlagan shaxs hujum asnosida hayqirib Halab haqida gapirganligi aytilmoqda. 22 yoshli hujumchi Mavlut Mart Altintashning oʻzi ham turk qurolli kuchlari tarafidan hodisa joyida otib oʻldirilgan.
Turkiya prezidentining matbuot kotibi Ibrohim Qalin Prezident Erdugʻonning Vladimir Putinga qoʻngʻiroq qilib, elchining oʻldirilishi haqida maʼlum qilganligini bildirdi. Andrey Karlovning oilasiga chin yurakdan chuqur taʼziya izhor qilgan Turk hukumati hodisa joyida otib oʻldirilgan 22 yoshli hujumchi Mavlut Mart Altintashning Ota-onasi va singlisini qamoqqa oldi.
Hodisa haqida bayonot bergan Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rus elchisiga qarshi uyushtirilgan suiqasd, Turkiya va Rossiyaning Suriyada olib borayotgan ijobiy hamkorliklariga qaratilgan provokatsiyadir”, “bu suiqasdga beriladigan eng chiroyli javob, terrorga qarshi kurashni kuchaytirishdir” dedi. Rossiya tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Maria Zaxarova ham Karlovning oʻldirilishini “terrorchilik akti”, deya baholab, “Terrorizmga qarshi kurashni davom ettiramiz”, deya taʼkidladi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Dimitriy Medvedovning bayonoti biroz qattiqroq boʻldi. Uning taʼkidlashicha, mazkur tadbirga qatnashgan har bir kishi elchining oʻlimi uchun javobgardir.
“Rossiya bu ishni jazosiz qoldirmaydi. Bu tadbirga ishtirok etgan har bir kishi buning uchun javob beradi. Ular nafaqat rus elchisiga oʻq uzishdi, balki yuksak qadriyatlarni oʻz ichiga olgan tinchlik va inson hayotining tarafdorlari boʻlganlarga oʻq uzishdi”, dedi Medvedov.
Rossiya davlat dumasi xavfsizlik qoʻmitasining rahbari Leonid Slutskiy mazkur hujum Rossiya va Turkiya aloqalariga taʼsir qilmasligini bildirdi. Slutskiyga koʻra, Moskvada tashkil qilingan Rossiya-Eron-Turkiya tashqi ishlar vazirlarining Halab haqidagi uchrashuvi mazkur hodisa sababli qolirilmaydi. Oxirgi olingan xabarlarga koʻra, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavushoʻgʻli Moskvaga yetib borgan.