Oqlanmagan ishonch

587
0

Oqlanmagan ishonch

Qirgʻiziston hukumat xalqning xohish istagiga zid ravishda mamlakatni Rossiya boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII)ga olib kirayotgan vaqtda “Qirgʻiziston uchun 170 million kishilik bozor ochilishi va investitsiya muhiti yaxshilanishi” tinimsiz takrorlab, bu ittifoqdan keladigan foydani deyarli naqd qilib qoʻygan edi. Oʻz navbatida agar mamlakat ittifoqqa aʼzo boʻlmasa yonilgʻi moylash maxsulotlari, xususan benzin va solyarka narxi oshishi natijasida narx-navolar keskin koʻtarilib ketishi bilan odamlarni qoʻrquvga solgan edi.

Mana, Qirgʻiziston ittifoqqa aʼzo boʻlib kirganiga ham ikki yildan oshdi. Bu vaqt davomida hukumat vaʼda qilgan bozor ham, investitsiya muhiti ham yaxshilanmadi. Benzin va dizel narxi esa ittifoqqa aʼzo boʻlmasdan oldingi vaqtga qaraganda sezilarli qimmatladi. Ittifoqqa aʼzo davlatlar tomonidan qoʻyilayotgan turli toʻsiqlar natijasida esa, avval bir oz boʻlsa ham yaxshi boʻlgan savdo aloqalari pastlab ketdi. Jumladan, veterinar va sanitar nazorati bahonasi bilan Qirgʻizistonda yetishtirilgan maxsulotlar qoʻshni davlatlarga oʻtkazilmay qoʻyildi. Buning ortidan esa tabiiyki, tashqi savdo hajmi kamayib ketdi.

Bojxona xizmati maʼlumotlariga koʻra, 2014 yilda Qirgʻiziston Qozogʻistonga umumiy qiymati 340 million dollardan ziyod tovar eksport qilgan boʻlsa, ittifoqqa aʼzo boʻlgan 2015 yilda 150 million dollarlik tovar sotgan xolos. Ikki davlat oʻrtasidagi umumiy savdo hajmi 2015 yilda 472 million dollarni tashkil etgan va bu koʻrsatkich 2014 yilga nisbatan ikki barobarga ozayib ketdi. Rossiya bilan boʻlgan savdo aylanmasi ham maqtanarli darajada emas. Garchi ittifoqqa aʼzo davlatlar har xil toʻsiq va nazoratlarni olib tashlashga kelishishgan boʻlsada, amalda buni hech qanday ijrosi koʻrinmayapti.

16 noyabr kuni Moskvada boʻlib oʻtgan Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yigʻilishida ishtirok etgan bosh vazir Sooronbay Jeenbekov yana bir bor shu masalani koʻtardi.

“Deyarli bir yarim yildan beri YeOIIga aʼzo davlatlar uchun bir xil boʻlgan veterinar nazorat tizimini qabul qilish va Qirgʻiziston-Qozogʻiston chegarasidagi veterinar nazoratni olib tashlash muammosi xal qilinmayapti. Bu esa bizning ittifoqdagi toʻlaqonli aʼzoligimiz imkoniyatini cheklayapti”,- dedi Jeenbekov.

Muammo faqat maxsulotlarni Qirgʻizistondan olib chiqishda emas, balki chetdan kelayotgan maxsulotlarni olib kirishda ham toʻsiqlarga duch kelinmoqda.

Bosh vazirning soʻzlariga koʻra, ayni vaqtda Qozogʻiston chegarasida Qirgʻizistonga tegishli 244 konteyner va 16 vagon nazorat organlari tomonidan hech qanday sababsiz ushlab turilipti.

Jeenbekovning qayd etishicha, Qirgʻiziston YeOIIga qoʻshilish boʻyicha “yoʻl xaritasida” belgilangan barcha majburiyatlarni bajarib kelmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.