Bishkekda ShHT hukumat rahbarlari kengashi boʻlib oʻtadi
2016 yilning 2-3-noyabr kunlari Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.
Shu munosabat bilan, ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi 31 oktyabrdan kuchaytirilgan rejimda ish boshladi. Bu haqda Bishkekda oʻtgan matbuot anjumanida respublika IIV boshqarmasi boshligʻi Erkin Bayev maʼlum qildi.
“Ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi 31 oktyabrdan 3 noyabrga qadar jangovar darajada tayyor holatga keltiriladi”,- dedi Bayev.
Bayevning soʻzlariga koʻra, yigʻilish ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida Qirgʻiziston poytaxtida huquq-tartibot idoralarining 3 ming nafardan ziyod xodimi jalb etilgan.
Shanxay Hamkorlik tashkiloti (ShHT) mamlakatlari hukumat rahbarlari yigʻilishi 3 noyabr kuni Bishkekdagi “Ala-Archa” davlat qarorgohida boʻlib oʻtadi.
2 noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi davlat kengashi vaziri Li Ketsyan Qirgʻizistonga kelishi kutilmoqda.