Qirgʻiziston hukumati isteʼfoga chiqdi
Qirgʻiziston parlamentidagi prezident tarafdorlaridan iborat sotsial-demokratik partiyasi (QSDP) fraktsiyasi parlament koalitsiyasidan chiqishini eʼlon qildi. Bu fraktsiyaning parchalanishi va hukumatning isteʼfosini anglatadi.
“Sotsial-demokratik partiya koʻpchilik tarkibini tark etadi”, – dedi parlament fraktsiyasi rahbari Isa Omurkulov.
Uning tushuntirishicha, prezident boʻlib saylanguncha, Almazbek Atambayev rahbarlik qilgan Qirgʻiziston SDP koalitsiyani “siyosiy qarashlar mos tushmaganligi” sababli shunday qarorga kelgan. 24 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan fraktsiya majlisida shu haqda qaror qabul qilingan.
Mamlakat konstitutsiyasi talabiga muvofiq, koʻpchilikni tashkil etiluvchi fraktsiyadan biri koʻpchilik koalitsiyasini tark etsa, u parchalangan hisoblanadi va hukumatning isteʼfosiga olib keladi. Qirgʻizistonning 2015 yil oktyabrida shakllantirilgan parlamentida oltita fraktsiya boʻlib, shundan toʻrttasi, yaʼni sotsial-demokratlar, “Qirgʻiziston”, “Onuguu-Progress” va “Ata-Meken” partiyalari koalitsiyaga birlashgan edi. Oʻshanda, hukumatni shakllantirish huquqini prezident taraf sotsial-demokratik partiyasi qoʻlga kiritgan edi.
Soronboy Jeenbekov rahbarligidagi hozirgi hukumat shu yilning aprelida shakllantirilgan edi. Qonunga koʻra, davlat rahbari hukumat isteʼfosidan 3 kun ichida bironta partiyaga parlament koalitsiyasini shakllantirish vazifasini topshiradi.