Putin: Kuchli boʻlishga haqqimiz bor
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya parlamenti yigʻilishining ochilish majlisida soʻzlagan nutqida davlat rasmiylarini “kuchli Rossiya”ni barpo qilishga chaqirdi. Putinning taʼkidlashicha, har bir davlatning kuchi uning saqlanib qolishining asosiy sharti hisoblanadi.
“Rossiyaning kuchli boʻlishi davlatimizning yaxlitligini va yurtimizda yashayotgan barcha xalqlarni oʻz ichiga olgan Rossiyaning mavjudligini saqlab qolishning eng muhim va asosiy sharti ekanligini har doim yodda tutishimiz kerak”, dedi Rossiya prezidenti.
Putin oʻz nutqida 1906-1911 yillarda Rus imperiyasini boshqargan Pyotr Stolыpinning bir asr muqaddam davlat mulozimlari qoshida “Biz Rossiyaning tarixiy oliy huquqini qoʻllab-quvvatlashimiz uchun kuchlarimizni birlashtirishimiz va saʼy-harakatlarimiz, majburiyatlarimiz va huquqlarimizni muvofiqlashtirishimiz lozim. Bu bizning kuchli boʻlishdagi huquqimizdir”, degan soʻzlaridan iqtibos keltirdi.
“Biz bu soʻzlarni yodga olib, yangidan tus bergan paytimizda har doim “har qanday xalq va har qanday davlat kuchli boʻlish huquqiga ega”, degan fikrga kelamiz. Ammo shuni aytib oʻtishimiz lozimki, biz bu soʻzlar bilan super davlatlarning gʻururiga bogʻliq maʼnoni qasd etmayapmiz. Birovga bir narsa demaymiz va bunday qilish niyatimiz ham yoʻq”, deya qoʻshimcha qildi Rossiya prezidenti.
Putin mamlakatda xavfsizlik va mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, xalqaro maydonda oʻz mavqeini himoya qilish zarurligini taʼkidladi. U parlament va barcha nomzodlar uyushmasi bu siyosiy saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻz hissasini qoʻshishiga umid bildirdi.
“Rossiyaning kuchi xalqimiz, anʼanalarimiz, madaniyatimiz, iqtisodiyotimiz, keng tuproqlarimiz, ulkan tabiiy boyliklarimiz, va albatta mudofaa qobiliyatimiz zimnida yotadi. Lekin eng muhimi shuki, bizning kuchimiz xalqimizning birligidan kelib chiqadi”, dedi Putin.
Shuningdek, Putin xalqaro konstruktiv munosabatlarni rivojlantirish uchun parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan foydalanishga chaqirdi. Iqtisodiy rivojlanish boʻyicha, raqobatga, investitsiya oqimlariga, zamonaviy texnologiyalarga toʻsqinlik qiladigan qonuniy cheklovlarni bekor qilish zarurligini ham taʼkidlab oʻtdi.