3 oktyabr kuni tojik parlamenti vakillari qasamyod qiladilar
Tojikiston parlamenti quyi palatasi Majlisining 63 vakili joriy yilning 3 oktyabrida mamlakat tarixida birinchi marotaba xalq oldida, yaʼni saylovchilar oldida qasamyod qiladilar. Bu haqida ozodlik radiosi tojik xizmati xabar tarqatdi.
25 sentyabr kuni Tojikiston parlamenti vakili Qiyomiddin Miraliyonning maʼlum qilishicha, bugunga qadar millat vakillari vijdon amri bilan xalqga xizmat qilishar edi, endilikda ushbu xizmatlarini qasam bilan quvvatlamoq istgida ushbu qonunga bir ovozdan rozilik bildirishdi. Yaʼni ushbu qasamyod natijasida ular yanada ulkan masʼuliyat his etishadi.
“ Biz musulmonlarmiz va qasam qadrini yaxshi idrok etamiz. Qasamyod qilish barobarida oʻz boʻynimizga eng ulkan masʼuliyatlarni olganliklarimizni jon-dildan sezishimiz aniq. Yaʼni bizningcha, qasam ichgan inson vaʼdaga vafo qilishligi shart hisoblanadi”. dedi Qiyomiddin Miraliyon.
Majlis aʼzolarining yana biri Akramsho Felaliyev ham, jurnalistlarning savoliga javob berib, “Qasamyod xalq vakillari uchun eng ahamiyatga molik ishlardan sanaladi. Agar vakil qasam ichsa, uning vijdoni oʻygʻonadi va xalq foydasiga qonun chikarish bobida hushyorroq boʻlib, fuqarolarning turmush tarzining yuqori darajaga koʻtarish borasida yanada koʻproq zahmat chekadi”, dedi
Ayni paytda Hisor vohasi turgʻuni Abdurahmon parlament aʼzolarining bu qaroriga oid oʻz fikr- andishalarini izhor etib, bunday dedi : – “ Shaxsan men hukumat namoyandalarining qasamlariga zarracha ishonmayman. Zero ular saylov tugangunga qadar koʻp ovoz yigʻish maqsadida turli vaʼdalar berib xalq etagini puch yongʻoq bilan toʻldirishadi. Ammo “eshaklari loydan oʻtgach ” vaʼdalarini butunlay unutishib, xalqning yashash tarzi bilan qiziqishmaydi. Biz ham ularni deyarli tamomila yoddan chiqaramiz. Agar mabodo biror muammo bilan murojaat qilgan taqdirimizda ham noumidlikka uchraymiz. Zero xalq vakillari oʻzlarini goʻyo bizni umuman tanimaganday tutishadi”.
Parlament vakillarining xalq va prezidentga nomiga qasam bajo keltirishligi Tojikiston bosh konstitutsiyasi 41 bandining bir juzʼi hisoblanib, bu qonun joriy yilning 22 may kuni umumixalq referendum orqali qabul qilindi. Mazkur referendumga koʻra, Tojikiston hukumati aʼzolari mamlakat prezidenti nomi bilan qasamyod qiladilar. Bu qaror yurt tarixida ilk marotaba qabul qilindi va yaqin kelajakda xalq vakillarining prezident va xalqga bergan qasamyodiga rasman qonun tusi beriladi. Oʻtmishda, aniqrogʻi 2006 yildan boshlab Tojikiston qurolli kuchlari oʻz sadoqatlarini jumhuriyat prezidenti nomiga qasam bilan bildirishlari qonunan qabul qilingan edi.
Qasam ichish yoki biror kishiga qasam bilan vaʼda berish Tojikiston muhitida bir odatiy va eʼtimodga loyiq amallardan sanaladi. Odamlar faqat soʻzlayotgan shaxs oʻz fikrini qasam bilan quvvatlasagina uning gapiga ishonishadi.
Tojikiston Maorif vazirligi ham qasam ichishlikni yurtning eng “faʼol” ogʻzaki anʼanalari deya eʼtirof etdi. Bundan bir necha muddat ilgari Maorif vazirligi tomonidan “Tojikistonning gʻayrimoddiy milliy merosi roʻyxati” nomi bilan kitob nashr qilingan edi. Kitob mualliflarining fikriga koʻra, tojik xalqi orasida qasam ichish bir oddiy anʼanaga aylangan boʻlib, soʻzlovchi inson aytgan gapining toʻgʻriligini aynan qasam qalimasini tilga olish bilan quvvatlaydi. Yoki qasam bilan oʻzining u yo bu ishda gunohsiz ekanligini isbotlaydi.