Erdogʻan Xitoyda Obama bilan uchrashdi
G20 davlatlari rahbarlarining oliy yigʻilishiga ishtirok etish uchun Xitoyning Hangzo shahariga borgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdugʻon Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Barak Obama bilan uchrashdi. Erdogʻan va Obama oʻrtasidagi bu uchrashuv Turkiyada davlat toʻntarish tashabbusidan soʻng birinchi uchrashuvdir.
Taxminan 45 daqiqa davom etgan uchrashuvdan soʻng bayonot bergan Obama AQSh Turkiyani doim dastaklashini bildirdi.
“Qochqinlar masalasida hammamiz Turkiyani qoʻllab-quvvatlashimiz kerak. Prezidentligim davrida mustahkamlangan ittifoqning davom etishini tilayman. Turkiyada davlat toʻntarishiga qoʻl urganlarning adolat oldida javob berishlari uchun yordam beramiz”, dedi Obama.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik davom etishini taʼkidlagan Erdogʻan esa quyidagi bayonotni berdi:
“15 iyul Turkiyada davlat toʻntarish tashabbusidan soʻng Telefon orqali oʻtkazgan munozaralar ortidan birinchi marta yuzma-yuz uchrashdik. Men dastagingiz uchun sizga tashakkur bildiraman. Xususan, davlat toʻntarishiga urinish bilan mintaqamizdagi terror hodisalarining izma-iz yuzaga kelishi oʻziga xos maʼno kasb etadi. Dunyodagi barcha terror harakatlariga qarshi NATO davlatlari sifatida har ikkimiz hamkorlikda harakat olib borishimiz lozim. Ularga nisbatan bizning sukut saqlashimiz mumkin emas. Barcha terror tashkilotlariga qarshi bir xil munosabatda boʻlish holatidamiz. Chunki terrorizmning har qanday turlari yomondir. Yaxshi terrorchilar va yomon terrorchilar boʻlishi mumkin emas. Ularning barchasi yomon, laʼnatidir. Ularga qarshi tutadigan pozitsiyamiz ham aniqdir. Umidimiz shuki, janubiy tarafimizda terror koridori tashkil etilmasin. Turkiya bunday terror koridorini oldini olish uchun koalitsiya kuchlari bilan birdamlikda harakat qilmoqda. Bu kurashda muvaffaqiyat qozonishimizga ishonaman”.
Erdugʻon “Yaxshi terrorchilar va yomon terrorchilar boʻlishi mumkin emas” deganda PYDni (Suriyada kurdlardan tashkil topgan demokratik ittifoq partiyasini) nazarda tutdi. Chunki Turkiya PYDni terrorchi tashkilot deb bilsa-da, AQSh uning IShIDga qarshi jang qilayotganini roʻkach qilib, terrorchi tashkilot sifatida qabul qilmaydi.
Xitoyga yoʻl olishidan avval tashkil qilingan yigʻilishda Erdugʻon “IShIDga nisbatan “dushmanimning dushmani doʻstimdir” qabilida harakat qilayotganlar, aybga burmasinlar, yana bir terror tashkilotini doʻst tutmoqdalar”, degan edi.