Jon Kerri Hindistonga safar qildi
AQSh va Hindiston mudofaa vazirlari Vashingtonda oʻzaro harbiy bitim tuzish borasida muzokaralar oʻtkazgandan soʻng, ertasi kuniyoq AQSh Davlat kotibi Jon Kerri rasmiy tashrif bilan Hindistonga yoʻl oldi. Kerri Hindiston poytaxti Yangi Dehlida rasmiy muzokaralar olib borish uchun Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj bilan uchrashdi.
AQSh va Hindiston oʻrtasidagi harbiy shartnomalarning imzolanishi Xitoy va Pokistonga qarshi harakat sifatida baholanmoqda.
Xabarda aytilishicha, AQSh bilan mudofaa shartnomasiga imzo chekkan Hindiston kelishuvga binoan Pokistonga qarshi ishlatish uchun AQSh harbiy bazalaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan. AQSh esa Janubiy Xitoy dengizida ortib borayotgan Xitoy tahdidiga qarshi Osiyoda oʻziga ittifoqchi izlar ekan, u bu borada Hindistonni oʻziga maʼqul hamkor sifatida tanlagan.
Bu uchrashuvdan bir kun avval AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter va Hindistonlik hamkasbi Manohar Parrikar oʻrtasida Xitoyning kuchayib borayotgan harbiy harakatlariga qarshi mudofaa aloqalarni mustahkamlash doirasida shartnoma imzolangan edi. Shuningdek, Vashingtonda AQSh va Hindiston mudofaa vazirlari oʻrtasida bir-birining harbiy bazalaridan erkin foydalanish imkonini beradigan bitim ham imzolangan edi. AQSh Davlat kotibining Hindistonga tashrifi bu shartnomadan atigi bir kun oʻtib amalga oshirildi.
Rasmiy berilgan bayonotda aytilishicha, mazkur shartnoma AQShning Hindistonda yangi baza qurishi va qoʻshinlar joylashtirishni oʻz ichiga olmaydi.