Rossiya deputati: Injirlik Rossiyaga ham ochilishi mumkin
Rossiya havo kuchlari Suriyadagi harbiy amaliyotlarida Turkiyaning Injirlik havo bazasidan foydalanishga koʻz tikmoqda. Turkiya hukumati bunga ruxsat berishi mumkin. Bu haqida Rossiya federatsion kengashining xalqaro qoʻmita aʼzosi Igor Morozov maʼlum qildi.
Igor Morozovning taʼkidlashicha, Rossiya qiruvchi samalyotlarining Injirlik havo bazasiga joylashtirishga ruxsat berilishi prezident Erdugʻonning Moskva-Anqara oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish boʻyicha tashlayotgan qadamining mantiqli davomi boʻladi.
“Injirlik havo bazasidan asosiy bazamiz sifatida foydalanishimiz Erdugʻon bilan tuziladigan bitimga qarab turibdi”, “Rossiya havo kuchlarining aksilterror operatsiyalari uchun Turkiyaning Injirlik havo bazasidan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin. Bu Turkiya prezidentining Rossiya tarafga tashlaydigan qadamlarining davomi sifatida qabul qilinadi”, dedi Igor Morozov rus xabar agentligi Ria Novostiga bergan intervьyusida.
Federatsion Kengashi Mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasining raisi Viktor Ozerov ham Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Sankt-Peterburda oʻtkazgan muzokaralaridan keyin bunday qaror qabul qilishi mumkinligini bildirdi.
Ozerov Erdoganning Turkiya Suriyada “terrorizm”ga qarshi kurash borasida Rossiya bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligi haqida aytgan gaplarini eslatib, “Rossiyaning Injirlik havo bazasiga ehtiyoji tushmasligi mumkin, lekin bu qaror terrorizmga qarshi kurashda Turkiyaning Rossiya bilan hamkorlik qilishga tayyorligi quruq gap emas, balki haqiqat ekanligini isbotlaydi”, dedi.
Britaniyaning Taymes gazetasi Rossiya Injirlik havo bazasidan foydalanish uchun Turkiyaga bosim oʻtkazayotganligini daʼvo qildi. Gazeta oʻzining daʼvosiga dalil sifatida Rossiya Federatsiyasi Tashqi aloqalar qoʻmitasi aʼzosi Igor Morozov va Federatsiya Kengashi Mudofaa qoʻmitasi raisi Viktor Ozerovning yuqoridagi bayonotlarini keltirdi.