بسم الله الرحمن الرحيم
MODA ORTIDAN QUVISh DEMOKRATIYaNING BALOSIDIR (7)
Muslima ayol oʻzini qanday baholaydi
Muslima ayol oʻzini Gʻarb ayoli suyanadigan yuzaki mezonlar asosida baholamasligi lozim. Bilʼaks, u oʻz koʻrinishi bilan bunday koʻp mashgʻul boʻlishdan maqsad – hayot kechirishning haqiqiy gʻoyasi va inson oʻz aloqalarini toʻgʻri doirada munosib tarzda tartiblashtirib olishi kabi hayotning taqdiriy savollari haqida fikr yuritishdan uzoqlashtirishdir, deb tushunmogʻi kerak. Muslima ayol unga nisbatan hukm chiqariladigan asos nafaqat uning yuzi, balki fikrlashi va axloqi ekanligini, nafaqat uning shakl-shamoyili, balki Parvardigoriga itoatli banda ekanligini tushunmogʻi lozim. Aynan shu narsa uning hayotidagi muvaffaqiyati hamda jannatdagi abadiy saodati kalitidir. Alloh Taolo aytadi:
إِنَّ الْمُسْلِمِينَ وَالْمُسْلِمَاتِ وَالْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَالْقَانِتِينَ وَالْقَانِتَاتِ وَالصَّادِقِينَ وَالصَّادِقَاتِ وَالصَّابِرِينَ وَالصَّابِرَاتِ وَالْخَاشِعِينَ وَالْخَاشِعَاتِ وَالْمُتَصَدِّقِينَ وَالْمُتَصَدِّقَاتِ وَالصَّائِمِينَ وَالصَّائِمَاتِ وَالْحَافِظِينَ فُرُوجَهُمْ وَالْحَافِظَاتِ وَالذَّاكِرِينَ اللَّهَ كَثِيرًا وَالذَّاكِرَاتِ أَعَدَّ اللَّهُ لَهُم مَّغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا
– „Albatta muslim va muslimalar, moʻmin va moʻminalar, itoatgoʻy erkaklar va itoatgoʻy ayollar, rostgoʻy erkaklar va rostgoʻy ayollar, sabr-qanoat qilguvchi erkaklar va sabr-qanoat qilguvchi ayollar, tavozeli erkaklar va tavozeli ayollar, xayru-sadaqa qilguvchi erkaklar va xayru-sadaqa qilguvchi ayollar, roʻza tutguvchi erkaklar va roʻza tutguvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlaguvchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlaguvchi ayollar, Allohni koʻp zikr qilguvchi erkaklar va (Allohni koʻp) zikr qilguvchi ayollar – ular uchun Alloh magʻfirat va ulugʻ mukofot (yaʼni jannat) tayyorlab qoʻygandir“. [33:35]
Demak, u oʻzini taqvosi va solih amali asosida baholashi lozim. Shu jihatdan muslima ayol kirib boradigan kurash maydoni goʻzallik istash ham, Gʻarb ayoliga taqlid qilishga urinish ham boʻlmay, balki oʻz shaxsiyasini Islomga binoan tiklash, oilaviy hayotida ham, yashab kelayotgan jamiyatida ham islomiy hayot tarziga muvofiq yashashdir. Rasululloh (s.a.v) aytadilarki: “Dunyo bir matodir. Dunyo matosining eng yaxshisi soliha ayoldir”.
Ammo musulmon kishining ayolni koʻngli tusagan holatda koʻrishga haqqi yoʻq. U uylanish uchun izlaydigan ayolning tasniflarini Islom belgilab bergan. Rasul(s.a.v) deydilar: “Ayol kishi toʻrt narsa uchun nikohlanadi: molu davlati, nasabi, goʻzalligi va dini uchun. Dindoriga erishgan baraka topadi”. Shu boisdan Parvardigori roziligiga intilayotgan musulmon kishi dinni yaxshi tushungan soliha ayolni tanlaydi. Hamda ayol bezanadigan sifatlarning birinchi qatoriga mazkur tanlovdan kelib chiqadigan farzandlarni goʻzal suratda tarbiyalash va ularni Islom asosida voyaga yetkazishni eʼtiborga olishni qoʻyadi.
Musulmonlar ayol goʻzalligini baholashda Gʻarb dunyoqarashidan taʼsirlangan boʻlishsa ham, islomiy shariat tatbiq qilinishi bilan Islomiy tushunchalari oʻsib, keng yoyiladi: ayol xizmatga olinayotganda koʻrinishi yoki goʻzalligiga binoan xizmatga olinmaydi, u uning ayolligidan foydalaniladigan biror ishda ishlatilmaydi, balki uni xizmatga olish ham, ishlatish ham uning layoqatiga binoan boʻlib, erkagu ayol aralash holda boʻlishini, erkak bilan xoli qolish va avrati ochiq boʻlishini harom qilgan Islom tushunchalari muhofaza qilinadi. Umumiy hayotda erkak bilan ayol oʻrtasida paydo boʻladigan aloqalar ham tor va ehtiyoj hududida boʻladi. Bu esa muslima ayol oʻzining goʻzalligi yoki maftunkorligidan foydalanishning oʻrniga ishni yaxshi bajarishiga binoan baholanishini kafolatlab, unga tabiba, muhandisa, mudarrisa yoxud olima sifatida (oʻzining erkak hamkasblari tomonidan – Gʻarbda yuz berayotganidek – tazyiq yoki igʻvogarlikka duch kelishidan qoʻrqmasdan) oʻz ishini bajarishga imkon tugʻdiradi. Muslima ayol oʻz shaxsiyasi, zakovati va mahoratiga muvofiq baholanib, arzon matolar bozorida eʼtiborsiz tashlab qoʻyilgan mato emas, balki hayotda faol, hurmatga sazovor insonga aylanadi. (davomi bor).