Muslima ayol mufakkira ayol hamdir

1613
0

بسم الله الرحمن الرحيم

MODA ORTIDAN QUVISh DEMOKRATIYaNING BALOSI (8)

Muslima ayol mufakkira ayol hamdir

Muslima ayol hayotdagi gʻoyasini Alloh Taoloning roziligiga erishish deb tushunadi. Muslima ayol Gʻarbning goʻzallikka bergan meʼyorlari bilan aldanmaydi. Gʻarb jamiyatlari goʻzal ayolga bergan gʻayrivoqeiy taʼriflarga hamqadam boʻlishga urinib, vaqti, mehnati va mablagʻini sovurmaydi. U kinoaktrisalarni, manekenchilarni, xonanda va sanʼatkor ayollarni oʻziga namuna qilib olmaydi, balki Yaratuvchining roziligini istab, oʻz ishlarida jannatni talab qiladi. U yuksak islomiy shaxsiya bilan bezanib, zakovat, saxovat, tavoze, vafodorlik, shijoat va fidokorlik sifatlari bilan sifatlanadi. U ixlosli ayol va fidokor onadir. Islomiy jamiyat juda koʻp mufakkira, muallima, mujohida, shoira, buyuk siyosatchi va daʼvat olib chiquvchi ayollar bilan ham tanilgan.

Rasululloh (s.a.v)ning birinchi ayollari Xadicha (r.a)ga oʻxshash ayollar Islomga daʼvat qilishda va birinchi islomiy davlatga asos solinishida erlariga suyanchiq boʻlib, u zot bilan birga barcha qiyinchiligu musibatlarga bardosh berib, ular qarshisida shijoat va sabr bilan turib, bebosh xalq ichida Rasululloh (s.a.v) bilan ozor va hayot qiyinchiliklarini boʻlishib turdilar. Rasululloh (s.a.v) u kishining vafot etganliklaridan koʻp xafa boʻlib, u kishini koʻp maqtab tilga olardilar. Oisha (r.a): “Alloh Azza va Jalla sizga u kishining oʻrniga yaxshirogʻini bergan-ku!” – deganlarida, ul kishi ularni tiyib qoʻyib, shunday dedilar: “Alloh Azza va Jalla menga uning oʻrniga yaxshirogʻini bergani yoʻq. Odamlar menga kofir boʻlib turganda, u menga iymon keltirgan edi, odamlar meni yolgʻonchiga chiqarib turganda, u meni tasdiqlagan edi, odamlar meni mahrum qilganda, u meni moli bilan yupatgan edi” (Ahmad rivoyati). U zot (s.a.v) yana deganlarki: “Olam ayollaridan Maryam binti Imron, Xadicha binti Xuvaylid, Fotima binti Muhammad va Osiyo (Firʼavn ayoli) kifoya qiladi” (Termiziy rivoyati). Bu ayollarni Allohga boʻlgan iymonlari, daʼvatni olib chiqqanliklari va Uning yoʻlida ozorlarga bardosh berganliklari jamlab turibdi.

Rasul (s.a.v)ning qizlari Fotima kabi ayollarning saxovati mashʼaladek koʻrinib turar edi. Rasululloh (s.a.v) ashoblaridan biri Salmon Forsiy (r.a) anchadan buyon ovqat yemagan bir och musulmonga taom topib kelishga urinib, bir qancha uylarni taqillatdilar va bir necha musulmonlarni izlab borib, hech kimni topolmasdan, Fotimaning eshigini taqillatdilar. Shunda Fotima (r.a) uch kundan buyon yeyish uchun oʻzlarida ham hech narsa yoʻqligini u kishiga bildirdilar-da, shunday boʻlishiga qaramasdan, oʻzlarining bir boʻlak matolarini Salmonga berib, undan matoni yahudiy Shamʼunga olib borib sotishni va uning puliga oʻsha och musulmon uchun ozroq gʻalla sotib olishni oʻtindilar. Bu narsa oʻsha yahudiyning musulmon boʻlishiga sabab boʻldi. Salmon gʻallani Fotima (r.a)ga keltirib bergach, uni yanchib, bir necha kulcha pishirib, yahudiyga yubordilar, oʻzlari va oilalari uchun undan ozgina olib qolishni rad etdilar, chunki oʻsha matoning hammasini Alloh Taoloning roziligini istab sadaqa qilgan edilar.

Rasul (s.a.v)ning ayollari Oisha (r.a) ham shu kabi ayollardanlar. Oisha onamiz sogʻlom aql va mislsiz xotiraga ega boʻlib, ikki mingdan koʻproq hadisni rivoyat qilganlar. U zot hadis, fiqh va shariat tafsirini chuqur tushunish bilan alohida ehtirom qozonganlar.

Mumtoz shoira boʻlgan Xanso kabi ayollar ham borki, ular oʻz sheʼrlaridan oʻgʻillarini jihodga targʻib qilishda foydalanishgan, ularning shahid boʻlganini eshitgan paytda, ularni shahidlik bilan musharraf qilgan Allohga hamd aytib, oʻzlarini ham jannatda ular bilan jamlashni U zotdan soʻrashgan.

Mohir jangchi boʻlgan Ummu Ammora kabi ayollar ham mashhur – u ayol Uhudda jang qilib, Rasululloh (s.a.v)ni oʻz tanasi bilan himoya qilgan edi. Nabiy (s.a.v) yuzlarini qaysi tarafga bursalar, u zotni himoya qilish uchun oʻsha ayol jang qilayotganini koʻrardilar. Shunda Rasululloh (s.a.v) u ayolning haqqiga uni va ahlini jannatda oʻz yoʻldoshlaridan qilishni soʻrab duo qildilar.

Islomda birinchi shahida boʻlgan Yosirning ayoli Sumayya (Ummu Ammor) kabi ayollar ham bor. U ayol aqidada sobit turib, ozorlarni koʻtarishda matonat koʻrsatib, Abu Jahlning qoʻlida hayotdan koʻz yumdi. Rasululloh (s.a.v) unga jannatni vaʼda qilib: “Sabr qilinglar, ey Yosir xonadoni, sizlar bilan uchrashadigan joy jannatdir”, – dedilar.

Rasululloh (s.a.v) va Abu Bakr (r.a) Madinaga ketayotib gʻorda turganlarida, ularga yordam beraman deb mashaqqatlar chekkan Abu Bakrning qizi Asmo (r.a) kabi ayollar ham bor. U ayol Rasululloh (s.a.v)ning joylarini koʻrsatishga majburlash uchun yuziga tarsaki tortgan Abu Jahlning ozorini koʻtardi, sabot bilan turib, bardosh berdi.

Shuningdek, akasi Umar ibn Xattob bilan munozara qilgan Xattob qizi Fotima kabi ayollar ham borki, akasi uni Islomga iymon keltirgani sababli urar edi. Soʻngra uning oʻz diniga boʻlgan saboti va matonati akasini lol qoldirdi. Shu payt akasi Rasululloh (s.a.v)ga oshiqib, iymon keltirganini eʼlon qildi.

Muslima ayollar mufakkira boʻlib, Gʻarb ayollariga koʻr-koʻrona taqlid qilishmaydi, diniy taʼlimotlari boʻyicha yurishadi, garchi u mavjud jamoat tarziga zid boʻlsa ham. Ular oʻzlariga boʻlgan ishonchlarini iymonlaridan olishadi, ishonchlarini koʻrinishlariga bogʻliq qilishmaydi. Shaxsiyalarining hisobidan tashqi koʻrinishlari bilan mashgʻul boʻlib qolishmaydi. Ular ilgarigi musulmonlar ayollari kabi dinni barpo qilish va islomiy hayotni qayta qurishdagi oʻz rollari haqida fikrlashadi. Bu esa Rasululloh (s.a.v)ning: “Ayollar erkaklarning tugʻishgan opa-singillaridir” degan hadislarining maʼnosidir. Alloh ayollarga alohida yoki erkaklarga alohida belgilagan ishlardan oʻzgasida ular ham taklifotlarda va maʼsuliyatni koʻtarishda erkaklar kabidirlar.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.