Gʻarb Putin va Erdogon uchrashuvidan xavotirda
Turkiya prezidenti Rajab Erdogon 9-avgust kuni, harbiy davlat toʻntarishiga urinishdan keyingi ilk xorijiy safarini amalga oshiradi. Biroq, muzokaralar NATOdagi ittifoqchilar bilan emas, balki Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtadi, deb yozmoqda Financial Times.
Ayni vaqtda, gʻarb va Rossiya harbiy isyondan foydalanib, mamlakatda tozalash ishlarini avj oldirib yuborgan Erdogonni diqqat bilan kuzatmoqda. Shu boisdan ham, ikki davlat yetakchilarining Sankt-Peterburgdagi uchrashuvi keng geosiyosiy ahamiyat kasb etadi.
Moskva va Anqara bir qator turli muammolar, xususan “Gʻarbga dars berish ilinjida” hamda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash borasida umumiy manfaatlarini birlashtirmoqda, deya fikr yuritadi nashr. Bundan tashqari, Turkiya amalga oshmay qolgan davlat toʻntarishidan soʻng, Rossiyaning soʻzsiz qoʻllab-quvvatlashini olqishlamoqda. Bu esa, Anqaraning Vashingtonga nisbatan munozarali munosabatiga oydinlik kiritadi.
“Bizning AQSh bilan aloqalarimiz soʻnggi 50 yildagi eng murakkab vaziyatni boshidan kechirmoqda. Bu esa, soʻzsiz Rossiya bilan doʻstligimiz istiqbolini jozibador qiladi”, -degan Moskvadagi nomini oshkor qilmagan turkiyalik diplomat nashrga bergan intervьyusida.
Biroq, deb yozadi gazeta, turk siyosatchilari AQSh bilan aloqalariga barham berib, Rossiya bilan ittifoq tuzish niyatida emasliklarini taʼkidlashadi. Ularning soʻzlariga koʻra, Vashington va Anqara aloqalari bundan avval, hozirgidan ham koʻra jiddiyroq muammolarga duch kelgan. Turkiyaning 1974-yili Kiprga bostirib kirishi, 2003-yili Iroqqa amalga oshirilgan hujum chogʻida Amerika qoʻshinlariga oʻz hududidan foydalanishga ruxsat bermasligi, Saddam Husayn boshqaruvi davrida iroqlik kurdlarga AQSh tomonidan yordam berilishi, bundan tashqari yaqin-yaqingacha “IShID”ga qarshi kurashayotgan kurdlarga harbiy yordam koʻrsatilishi shular jumlasidan.
Biroq, diplomatlar boshqa narsadan xavotirdalar. Ularning fikricha, rasmiy Anqara Rossiyadan Suriya borasida gʻarbga bosim oʻtkazish vositasi sifatida foydalanishi mumkin. Xususan, Turkiya Bashar Asad tuzumini tanqid qilishni kamaytirishi va Moskvaning Asad hokimiyati Suriya suvereninetining kafolati, degan qarashini maʼqullashi ehtimol. Bunga javoban, Turkiya suriyalik kurdlar borasida Moskvaning qoʻllab-quvvatlashiga umid qila oladi.