AQSh Markaziy Osiyodagi 5 ta loyihaga 15 mln dollar ajratadi
Markaziy Osiyoning 5 davlati tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibi 3 avgustda Vashingtonda oʻtgan “S5+1” formatidagi yigʻilishda AQSh 15 mln dollar ajratadigan 5 ta loyihani boshlash haqida kelishib oldilar.
Xavfsizlikni yaxshilash, iqtisodiy hamkorlikka koʻmak berish, iqlim oʻzgarishlariga barqarorlikni oshirish boʻyicha hududiy loyihalarni ishlab chiqish qarori vazirlarning oʻtgan yil noyabrda Samarqanddagi uchrashuvida qabul qilingandi.
“C5+1” formati oʻzidan Markaziy Osiyoning 5 ta davlati va AQShni oʻzaro manfaatli masalalarni muhokama qilish uchun birlashtiradigan maydonni namoyon qiladi.
Quyida ushbu 5 ta loyiha roʻyxati keltirilgan.
Global aksilterrorchilik forumi mintaqaviy suhbati (GCTF).GCTF mintaqaviy suhbatining vazifasi Markaziy Osiyoda xorijiy terrorchilarning tajovuzlari va zoʻravonlikning radikallashuviga qarshi turishdir. Suhbatda Markaziy Osiyo va boshqa davlatlardan siyosatchi va mutaxassislar xorijiy terrorchi jangarilarning tahdidlari, radikallashuv, jangarilarning ketishi va qaytishiga qarshi kurashish mintaqaviy usullari va bundagi ilgʻor tajriba boʻyicha fikr almashadilar.
Markaziy Osiyo biznesining raqobatbardoshligi (CABC).CABC loyihasining vazifasi Markaziy Osiyodagi korxonalar uchun eksportni oshirish va yangi bozorlarga chiqishni yengillashtirishdan iborat. Loyiha dastlab kuchli eksport salohiyatiga ega boʻlgan bogʻdorchilik tarmoqlariga yoʻnaltiriladi. Loyiha ishtirokchilari kompaniyalar bilan ularning raqobatbardoshligini oshirish va global ishlab chiqarish-sotish zanjirlarida ishtirok etishi ustida ishlaydilar. Ular shuningdek hukumatlar va savdo ustidan nazorat olib boruvchi idoralar bilan, mahsulotlar eksportini yengillashtiruvchi siyosatni yaratish ustida ishlaydilar.
Transport yoʻlagini yaratish (TCD).TCD loyihasidan maqsad mahsulotlarni Markaziy Osiyo davlatlari chegaralari orqali harakatlanishi narxi va vaqtini kamaytirish hamda butun mintaqa boʻylab transport-logistika xizmatlari sifatini yaxshilashdan iborat. Loyiha ishtirokchilari korxonalar, savdoni nazorat qiluvchi idoralar va hukumatlar bilan muhim yoʻlaklar boʻylab savdo uchun notarif toʻsiqlarni aniqlash va kamaytirish ustida ishlaydilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar transport va logistik firmalar bilan nosamaradorlikni kamaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish boʻyicha ishlaydilar. Loyiha korxonlarga aloqalar tarmogʻini kengaytirish imkoniyati, raqobatbardoshlikni qiyosiy tahlil qilish, yoʻnalishlarni tuzish malakalari, havo orqali yuk tashishlar tendentsiyalari, muzlatgich transporti bilan tashish, yuklarni konsolidatsiya qilish usullari, logistika markazlarini boshqarish kabi mavzular boʻyicha oʻqitish va axborotni taqdim qiladi.
“Kelajak energiyasi” (Power the Future).Bu loyiha energetika tarmogʻidagi siyosatni ishlab chiquvchilarga va oʻrta boʻgʻin xodimlariga Markaziy Osiyoda tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamlarini kengaytirishga yordam beradi. Loyiha tiklanuvchi energiya tarmogʻini rivojlantirishni tezlashtirish uchun texnik yordam va eng yaxshi amerika va xalqaro tajribalar bilan almashishni taqdim qiladi. AQSh energetika sohasida strategik rejalashtirish, raqotbardosh xaridlar, energiya tarmogʻini joriy qilish, energiyaning tiklanuvchi manbalaridan foydalanish hududlari masalalari boʻyicha oʻqitish olib boradi va texnik yordam bilan taʼminlaydi.
Milliy va mintaqaviy moslashuvchan rejalashtirishni qoʻllab-quvvatlash.Bu loyihadan maqsad iqlim oʻzgarishi asoratlariga moslashuvchanlikni rejalashtirish uchun Markaziy Osiyo davlatlarining salohiyatini oshirishdan iborat. Loyiha ishtirokchilari iqlim oʻzgarishlariga moslashuvchanlikning mintaqaviy ustuvorliklari va transchegaraviy muammolarini aniqlash ustida ishlaydilar. Ular shuningdek iqlimshunoslik boʻyicha yuqori sifatli axborot va tahlilchilarga ega boʻlishni yaxshilaydilar. Bundan tashqari, AQSh manfaatdor tomonlarga texnik yordam koʻrsatadi va rivojlanish maqsadida yordam berish boʻyicha hamkorlari bilan harakatlarini muvofiqlashtiradi.