Turkiyaning Asadga nisbatan pozitsiyasi oʻzgarishi mumkin

731
0

Turkiyaning Asadga nisbatan pozitsiyasi oʻzgarishi mumkin

Turkiya hukumatining Suriyaga nisbatan, xususan Asadga nisbatan siyosatida oʻzgarish yuz berayotgani aytilmoqda. Maʼlumki, Turkiya hukumati Suriya qoʻzgʻoloni boshlangan ilk paytlardan buyon prezident Asadning lavozimidan ketishi shartligini taʼkidlab keladi. Biroq markazi Londonda joylashgan Ashsharq ul-Avsat gazetasining xabar qilishicha, Suriya oʻtish davri hukumati tarkibida Asadning ham ishtirok etishi Turkiya tarafidan tasdiqlanishi mumkin. Gazetaning yozishicha, Turkiya tashqi  ishlar vazirligiga qarashli bir manba Asad rejimining kelajagi haqidagi pozitsiyasidan voz kechishlarini bildirgan.

Manbaga koʻra, agar AQSh va Rossiya boshchiligidagi xalqaro kuchlar bunday qarorni tasdiqlaydigan boʻlsa, Turkiya ham olti oydan oshmaydigan oʻtish davri mobaynida Asadning mansabida qolishini tasdiqlashi mumkin.

Adolat va taraqqiyot partiyasidan deputat Salchuk Oʻzdagning “vahdat” gazetasida chop etilgan fikri ham Asadning mansabida qolishiga ishora sifatida izohlanmoqda.

“Turkiyaning Suriyaga nisbatan eng munosib siyosati Suriyaning butunligidir. Baʼzan oʻylanib hayron qolasan kishi, bunchalik chuqur ziddiyatlar mavjud boʻlgan oʻlkada diktatorlikni mana shu ziddiyatlar keltirib chiqarmayaptimi? Unday boʻlsa, bir temir musht boʻlmas ekan, bir-birlarini yeyishga tayyor jamiyatni boshqarish oʻta mushkul”, “Diktator kerakligini bildirib qoʻyish uchun ziddiyatlar atayin uyushtiriladi, degan baʼzilarning gaplari nooʻrindir. Yaqin Sharqdagi mazhabchilik mojarosi yangi emas. Asad oilasidan oldin ham bu ziddiyatlar bor edi”, deydi Salchuk Oʻzdag.

“Asadning homiysi Rossiya ekanligiga qaraganda, Asadga nisbatan munosabatlarning oʻzgarish ehtimoli bor. Aslida Asad Turkiyaning yaxlitligiga tahdid emas edi. Aksincha, oʻtradagi yaxshi munosabatlar tufayli Suriya Hataydagi daʼvolaridan voz kechgan edi. Munosabatlar yomonlashgach, Suriya xalqi koʻp narsa yoʻqotdi, Turkiyaning ham boshi terrordan chiqmay qoldi”, deya qoʻshimcha qiladi Oʻzdag.

Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim ham Suriya hukumatiga qarshi turish uchun aytarlik sabab yoʻqligini bildirdi.

“Iroq, Misr va Suriya bilan munosabatlarimizning yomonlashuvi uchun deyarli sabab yoʻq, aksincha munosabatlarni takomillashtirish uchun bir qancha sabablar mavjud” dedi Turkiya Bosh vaziri.

Binali Yildirimning mazkur bayonoti oʻtgan besh yil davomida muzlab qolgan Turkiya va Suriya oʻrtasidagi munosabatlarini qayta jonlantirish yoʻlidagi ilk qadam sifatida baholanmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.