Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyer Suriya masalasini muhokama qilish uchun Saudiya tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan mushtarak matbuot anjumanida Shtaynmayyer Suriya inqiroziga siyosiy yechim topish uchun shu paytgacha olib borilgan urinishlar muvaffaqiyatsiz yakun topganligidan tashvishda ekanligini bildirdi.
“Siyosiy yechim topish uchun urinishlarimiz hanuzgacha samara bermadi. Bu esa hammamizni tashvishga solmoqda. Lekin muvaffaqiyatga erishish uchun bor kuchimizni sarflash majburiyatini zimmamizga olyapmiz”, dedi Germaniya Tashqi ishlar vaziri.
Fevral oyining boshida Myunxenda imzolangan “Suriyada vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish” haqidagi bitimga ishora qiligan Shtaynmayyer, o‘t ochishni to‘xtatish bitimi tinimsiz buzilganligini, ayniqsa Halab va Damashq atrofida tanglik kuchayganini eslatib o‘tdi. Shuningdek, Shtaynmayyer sulh davomli bo‘lishi uchun Rossiya va Amerika o‘rtasida uzluksiz uchrashuv bo‘lib turganligini ilova qilar ekan, kelgusi kunlarda vaziyat tinchlanishiga umid bildirdi.
Shtaynmayyer so‘zi davomida Suriyadagi muxolifat kuchlarini siyosiy yechimdan boshqa muqobil yo‘l yo‘qligiga qanoatlantirish lozimligiga urg‘u berdi. Uning ta‘kidlashicha, siyosiy yechim borasida tashkil etiladigan muzokaralar “hokimiyat o‘zgarishini” anglatadi va kelajak muzokaralarda “o‘tish davri” qanday amalga oshishi muhokama qilinadi.
Turkiston:
Aksar siyosatchilar, tahlilchilar, siyosiy partiyalar yetakchilari, xalqaro axborot vositalari, jurnalistlar, yozuvchilar, va hatto ba‘zi Islomiy tashkilotlar Suriya masalasi ustida so‘z yuritgan paytda “Suriyada fuqarolar urushi bo‘lyapti”, degan fikrni olg‘a surishib, go‘yoki Suriyada ichki nizo bo‘layotgandek talqin qilishmoqda. Agar Suriyada fuqarolar urushi bo‘layotgan bo‘lsa, G‘arb davlatlarining rahbarlari Suriya inqirozidan nega bunchalik tashvishga tushmoqda? Hatto amerikalik mas‘ullar Suriyada yuz berayotgan hodisalar Amerikaning milliy xavfsizligiga tahdid tug‘dirishini ochiq aytishdi. Ularni bunchalik xavotirga solayotgan narsa nima?
O‘z-o‘zidan ayon bo‘lib turibdiki, Suriyadagi urushlar hech qanday fuqarolar jangi emas, balki hazoratlar jangidir, ya‘ni Islom bilan kufr o‘rtasidagi jangdir. G‘arbning turli darajadagi mas‘ullari buni ochiq aytishmoqda. Chunki ular bu kurashdan o‘zlarining hazoratlariga kelayotgan xatarni his qilishmoqda. Ha, Suriya qo‘zg‘oloni G‘arb hazoratining barbod bo‘lganini aniq fosh qilib turibdi va bu hazoratning qulashiga Alloh Taolo izni bilan yaqin qolganini ta‘kidlab turibdi.
AQSh va G‘arb davlatlari bu qo‘zg‘olon ularning hazoratlariga, strategik manfaatlariga va xalqaro maydonda tutgan mavqelariga tahdid solishini yaxshi biladi. Shuning uchun u bu qo‘zg‘olonga har tarafdan zarba berish va “terrorizm” kabi yolg‘on shiorlar ostida uni yo‘q qilish uchun bor kuchlarini sarflashmoqda. Biroq Alloh O‘z ishida g‘olibdir, lekin odamlarning ko‘plari buni bilishmaydi.