بســـــم الله الرحمن الرحيم
Olimlarning jim turishi kufrni rozi qilmaydi (4)
Agar olim-domlalar o‘z ishini mukammal ado qilishsalar, hamda o‘zini musulmonman deb bilgan har bir inson o‘z Islomiga amal qilsalar albatta Alloh Taolo yordam beradi, chunki Alloh Taolo yordam berishiga biz notavonlik qilib shubhalanib qolishimiz ehtimoli borligi uchun ta‘kid bilan bir necha o‘rinda va‘da bermoqda. Alloh Taolo va‘dasida turadi. Alloh Taolo aytadi:
إِنَّا لَنَنصُرُ رُسُلَنَا وَالَّذِينَ آمَنُوا فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَيَوْمَ يَقُومُ الأَشْهَادُ
– „Albatta Biz payg‘ambarlarimizga va iymon keltirgan zotlaga dunyo hayotida ham, guvohlar hozir bo‘lib turadigan Kunda ham yodam berurmiz“. [40:50]
Yana:
وَكَانَ حَقًّا عَلَيْنَا نَصْرُ الْمُؤْمِنِينَ
– „Iymon keltirgan zotlarni g‘olib qilish Bizning zimmamizdagi haq bo‘lgan“. [30:47]
Yana:
إِنَّ اللَّهَ يُدَافِعُ عَنِ الَّذِينَ آمَنُوا
– „Albatta Alloh iymon keltirgan zotlarni himoya qilur“, [22:38]
Albatta, Alloh Subhanahu O‘ziga yordam qilgan kishilarga O‘zi ham yordam berishini umumiy tarzda aniq va‘da qildi. Alloh Taolo shunday dedi:
وَعَدَ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنْكُمْ وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ لَيَسْتَخْلِفَنَّهُم فِي الأَرْضِ كَمَا اسْتَخْلَفَ الَّذِينَ مِنْ قَبْلِهِمْ
وَلَيُمَكِّنَنَّ لَهُمْ دِينَهُمُ الَّذِي ارْتَضَى لَهُمْ وَلَيُبَدِّلَنَّهُمْ مِنْ بَعْدِ خَوْفِهِمْ أَمْنًا يَعْبُدُونَنِي لاَ يُشْرِكُونَ بِي شَيْئًا
– „Alloh sizlardan iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarga xuddi ilgari o‘tgan (iymon-e‘tiqodli) zotlarni (er yuziga) xalifa-hukmron qilganidek ularni ham yer yuzida xalifa qilishni va ular uchun O‘zi rozi bo‘lgan (Islom) dinini g‘olib-mustahkam qilishni hamda ularning (ahvolini) xavfu-xatarlardan so‘ng tinchlik-xotirjamlikka aylantirib qo‘yishni va‘da qildi. Ular Menga ibodat qilurlar va Menga biron narsani sherik qilmaslar“. [24:55]
Bir fikrlab ko‘rayliga, qadimda arablarning hayotida qanday o‘zgarish ro‘y berdiki, ular o‘z yurtlaridan chiqib, Islomga qilich bilan bo‘sunishlaridan oldin, qalblarni Islom haqiqati bilan ochuvchi muzaffar fotihlarga aylanib qoldilar?! Bu arablarning yo‘lini to‘sishdan son-sanoqsiz kofirlarni ojiz qoldirgan narsa nima?! Axir ular yaqindagina tuz bilan hid taratuvchi xushbo‘y daraxtning farqiga bormas edi-ku?! Qo‘y va mollarga podachilik qilib yurgan hamda forslar va rumliklar mohirona egallagan jangovarlik san‘atidan bexabar bo‘lgan cho‘ponlarning aynan mana shu fors va rumliklar ustidan muzaffarona g‘alaba qozonishiga nima sabab bo‘ldi?! But-sanamlarga ibodat qiluvchilarni zolim podishohlarni tahtlaridan ag‘darib, ularning poyondozlarini zotdor otlarning tuyoqlari bilan toptab, hatto Qaysarni o‘ldirib, undan keyin boshqa Qaysar chiqmaydigan darajada jihod qiladigan shaxslarga aylantirgan narsa nima?!
Kisro ham o‘ldi va undan keyin boshqa Kisro tug‘ilmadi. Ular juda qisqa vaqt oralig‘ida ko‘plab yurtlardan o‘tdilar, hatto Islom dunyo maydonida keng tarqaldi va osmon uzra tavhid kalimasi baralla yangradi. Butparastlarning but-sanamlar parchalandi, majusiylarning gulhanlari o‘chdi. Qofiyali gapirishdan boshqa narsani bilmaydigan bu kabi qoloq, yalqov odamlarni o‘zgartirib yuborgan, kechagina Ka‘bani buzib, arablarni Habashistonga yuzlantirish niyatida Makkaga kelgan Abraha Habashiydan qo‘rqib, orqasiga qaramay qochgan bu odamlarni Najjoshiy oldida haq so‘zni baralla aytadiganlarga aylantirib qo‘ygan narsa nima?!
Naqfurning maktubida shunday deydi: “Rumliklar podshoxi Naqfurdan arablar podshoxi Horunga, ammo ba‘d. Mendan avval bo‘lgan qirolicha seni (shaxmatdagi) piyoda o‘rningdan ruh maqomiga ko‘tarib qo‘ygan ekan va sen aslo haqli bo‘lmagan mollaridan senga o‘tkazib qo‘ygan ekan. Bu ish ayollarning zaifligi va ahmoqligidandir. Agar ushbu xatimni o‘qigan bo‘lsang, menga qirolichaning mol-davlatlarini qaytarib ber, aks holda o‘rtamizda qilich bo‘ladi”. Roshid xatni o‘qigach, g‘azabdan o‘rnidan turib ketdi va xatning orqasiga shunday javob yozdi: “Bismillahir rohmanir rohim. Mo‘minlarning amiri Horun ar-Roshiddan, rumliklarning iti Naqfurga. Ey kofir o‘g‘li, xatingni albatta o‘qidim, xatga javob esa sen qulog‘ing bilan eshitadigan emas, balki ko‘zlaring bilan guvohi bo‘ladigan ish (ya‘ni fath) bo‘ladi”. Horun ar-Roshid o‘sha kuniyoq yurish qildi va Xereklsgacha yetib borib, uni fath qildi, shaharning o‘ljalarini olib, o‘zini vayron etdi. Shunda Naqfur Horunga har yili xiroj to‘lab turishligini iltimos qilgan edi, Horun qabul qildi.
Ibn Kasirning: “Bidoya va nihoya” kitobida shunday yoziladi: “Rub‘iy ibn Omirni Sa‘d Qodisiya tomonga, forslarning amiri va lashkarboshisi Rustamga elchi qilib yuboradi. U kirib borganida uning o‘tiradigan joyini tilla ipdan tikilgan bolishlar, gilamlar, yoqutli suyanchiqlar, qimmatbaho marvaridlar bezagan edi, boshida toj, ustida qimmatbaho kiyimlar bo‘lib, tilla so‘rida o‘tirgan edi. Rub‘iy dag‘al ko‘ylak, qilich, qalqon va past otida kirib borib, gilamning chetiga borgandagina otidan tushdi va uni yostiqlardan biriga bog‘lab, ustida qurollari, boshida dubulg‘asi bilan oldinga yurdi. Undan qurollarini yechib qo‘yish talab qilinganida, “Men bu yerga o‘zim kelmadim, balki sizlar chaqirtirganingiz uchun keldim, xohlasanglar meni shu holimga qo‘yib beringlar, bo‘lmasa qaytib ketaman”, dedi. Shunda Rustam o‘tkazib yuborishni buyurdi. Rub‘iy gilam ustida nayzasini hassa qilib yurib bordi va ko‘p joyni yirtib yubordi. Undan nima uchun kelganini so‘rashganda, u: “Alloh Taolo insonlarni bandaga ibodat qilishdan bandalarning parvardigoriga ibodat qilishga, dunyo torliklaridan kengliklariga va dinlarning zulmidan Islomning adolatiga chiqarishga bizni tanlab olib, bandalarni o‘z diniga da‘vat qilishimiz uchun bizni elchi qilib yubordi. Kim uni qabul qilsa, biz ulardan qabul qilamiz, kim bosh tortsa, Allohning va‘dasiga yetgunimizga qadar ularga qarshi abadiy jang qilamiz”, dedi. Ular: “Allohning va‘dasi nima?” deganlarida, u: “Bosh tortganlarga qarshi jang qilishda o‘lganlarga jannat, qolganlarga g‘alaba”, dedi. Rustam: “Gapingizni eshitdim, biz uni ko‘rib chiqqunimizcha biroz muddat berib kutib turasizlarmi?”, dedi. U: “Ha, beramiz, bir kun yaxshimi, yo ikki kunmi?” dedi. U: “Yo‘q, donolarimiz va qavm raislari bilan maktublar orqali xabarlashgunimizcha”, dedi. U: “Rasululloh (s.a.v) dushman bilan uchrashganda uch kundan ortiq muhlat berishni odat qilmanglar, o‘zingni va ularning ishini ko‘rib chiqib, muddat tugagach uch narsadan birini tanla, deganlar”, dedi. U: “Sen ulug‘larning ulug‘imisan?” deganda, “Yo‘q, lekin musulmonlar bir tana kabi eng pasti ham eng yuqorisini himoya qilaveradi”, dedi. Rustam qavmining raislari bilan yig‘ilib: “Hech qachon bu kishining so‘zidan ko‘ra qat‘iyroq va azizroq so‘zni eshitganmisizlar?” dedi. Ular: “Uning biror gapiga moil bo‘lib, o‘z diningdan bu itning diniga o‘tib ketishingdan xudo asrasin. Kiyimini ko‘rmadingmi?” deyishdi. U: “Sizlarga o‘lim bo‘lsin, kiyimiga qaramanglar, fikriga, so‘ziga va xulqiga qaranglar. Arablar kiyim va noz-ne‘matlarini arzimas narsa xisoblaydilar va qadr qimmatni e‘zozlaydilar”, dedi. Oldingi musulmonlar insoniyat oldidagi risolatlari va vazifalarini qanday tushunib yetganlarini ko‘rdingmi?! Ular shu narsani yaxshi anglaganliklari uchun ham dushmanlari askar va qurol jihatidan ko‘p bo‘lsa ham ulardan qo‘rqdilar. Rumning kattasi Hiraqlga musulmonlarning hujumi haqidagi xabar kelganda Shom ahliga: “Sizlarga o‘lim bo‘lsin, ular yangi din ahli-ku, hech kim ularning oldiga tusha olmaydi, meni aytganimni qilib ular aytgan sulhga – Shomni yarim xirojiga va Rum sizlarga qolishiga rozi bo‘linglar. Agar bosh tortsangiz Shomni sizlardan olib qo‘yib, sizlarga Rum tog‘larining oz qismini qoldiradilar”, degan edi.
Ha, ey birodar, shu kabi o‘nlab savollar menga tinchlik bermaydi. Bu odamlarni qisqa vaqt ichida xalqlarga yo‘lboshchi bo‘lib qolishlariga sabab bo‘lgan bu siru sinoat haqida bahs yuritmoqchiman. Bu ish esa bizlardan, ayniqsa da‘vatchilardan biroz shoshmay chuqur o‘ylab, fikr yuritishni talab qiladi. Chunki bu sir o‘sha davrda ham, hozir ham Islom va musulmonlarning dushmanlarini lol qoldirib kelmoqda. Avvalda ham, xozirda ham Islom dushmanlari bu savollarga javob topishga har qancha urinmasin, hamon unga to‘liq javob topa olmay boshlari garang. Alloh Taolo aytadi:
وَشَهِدَ شَاهِدٌ مِنْ أَهْلِهَا
– „Ulug‘laridan biri guvohlik berdi“. [12:26]
Amerikalik Stoddar “Islom dunyosi hozirgi kunda” nomli kitobida shunday deydi: “Islomning vujudga kelishi haqidagi xabar kishini lol qoldiradi, chunki insoniyat tarixida Islomning barpo bo‘lishi kabi holat qayta yuz bermadi. Islom johil, nodon va tuban bir qavmning ichida, hech qanday obro‘-e‘tiborga ega bo‘lmagan bir yurtda yuzaga keldi. Biroq Islom vujudga kelgandan keyin bir necha o‘n yil o‘tmasdanoq, u yer yuzining yarmiga tarqalib, kuchli mudofaaga ega bo‘lgan imperiyalarni parchalab, keng atrofga tarqaldi, qadimgi dinlarni yo‘q qilib tashladi. Xalqlar va millatlarning ongini, so‘ngra ularning holatlarini o‘zgartirib yubordi va mustahkam poydevor ustiga yangi olamni – Islom olamini barpo etdi. Biz har gal Islomni, uning ta‘limotini, uning rivojlanish sirini chuqur o‘rganganimiz sari hayratimiz ortadi, qalbimiz qo‘rquvga tushadi, hasrat-nadomatimiz ziyodalashadi”.
Tarixchi Gaben “Rimning parchalanishi va qulashi” kitobida shunday deydi: “Yagona kuch-qudrat va yagona muvaffaqiyat bilan arablar Avgust – Rim imperatorining vorislari ustiga bostirib keldi va Eron ustiga butunlay yopirildi. Bu o‘zaro raqobatli davlatlar bir vaqtning o‘zida dushman o‘ljasiga aylanib, na kurashishga va na o‘zlarini mudofaa qilishga qudratlari yetmay qoldi. Umarning xalifaligining o‘ninchi yili arablar 36 mingta shaxar va qal‘alarni o‘z hukmronligi ostiga bo‘ysundirdilar hamda kofirlarning 4 mingta cherkov va ibodatxonalarini buzib tashladilar, musulmonlarning ibodat qilishlari uchun 14 mingta masjid qurdilar. Muhammadning Makka hijratiga bir asr bo‘lganida, uning xalifalarining hukmronligi Hindistondan to Atlantika okeanigacha yetdi va Islom bayrog‘i Eron, Suriya, Misr, Afrika va Ispaniya kabi uzoq yurtlar va davlatlar uzra hilpiray boshladi. Islomning bu qadar tezlik bilan keng tarqalishi hatto dushmanlarni ham esankiratib qo‘yganini ko‘ryapsanmi?”
Yuqoridagi barcha savollarga javoban aytish mumkinki, bu qadar hayrat va dahshatga soluvchi hamda jamiyatni tag tomiridan o‘zgartirib yuborgan bu inqilobning amalga oshishi uchun avvalo insonlar ongini ich-ichidan o‘zgartirish zarur bo‘ladi. Shunda ular risolat va din egalariga aylanadilar va go‘yoki qayta tug‘ilgandek bo‘ladilar. Alloh Taolo aytadi:
إِنَّ اللَّهَ لاَ يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يُغَيِّرُوا مَا بِأَنفُسِهِمْ
– „Aniqki, to biron qavm o‘z ahvollarini o‘zgartirmaguncha Alloh ularning holatini hargiz o‘zgartirmas“. [13:11]
Ey, imom-domlalar!
Aytingchi, Islomni kufr xohlagandek qilib, “an‘anaviy islom”ga o‘zgartirish bilan dunyo-oxirat horligi kerakmi yoki necha yillardan beri Islomdan bexabar rahbarlar zulmidan ezilgan xalqimizga haqni bayon qilib, Islom asosida tubdan o‘zgarish, Alloh Taolo rozi bo‘ladigan hayotni boshlash bilan ikki dunyo saodtiga erishishmi? (davomi bor).
G‘arib.