Doktor Faraj Mamduh qalamiga mansub
Rim konventsiyasi talabiga ko’ra, 1957 yilda Yevropa Ittifoqi tashkil topdi. Uning tashkil topishi Yevropa iqtisodiy hamjamiyati yoki Yevropa umum bozori nomi ostida bo’ldi. O’shandan buyon Turkiya shu Yevropa Ittifoqiga qo’shilishga urinib keladi. 1959 yil to’liq a’zo bo’lish uchun so’rov taqdim etdi. Biroq Turkiyaning qo’shilishi to’la shaklda bo’lmadi. 1963 yil Anqara bilan Yevropa umumiy bozori o’rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Bu ikkala tomon o’rtasidagi Turkiyani to’liq a’zo qilishga oid muzokara asosida amalga oshirildi. Bir boshlanib va bir to’xtab davom etgan uzoq vaqtli muzokaralardan keyin 1984 yilga kelib Turkiya yana to’liq a’zo bo’lish uchun so’rov taqdim etdi. Biroq Yevropa tizimi Turkiya so’roviga ijobiy javob qaytarmadi va so’rov javobini ma’lum holatgacha kechiktirdi. Bu holat Turkiyaning to’la a’zo davlatga aylanishga nomzod bo’lish holati edi. 1999 yil Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga nomzod sifatida qabul qilindi, lekin bu xususda muzokaralar boshlanmadi. 2005 yil Adolat va Taraqqiyot partiyasi hukumati bu borada jiddiy g’ayrat qilganidan so’ng Yevropa Ittifoqi davlatlari Turkiya bilan uning ayni Ittifoqqa to’liq a’zo bo’lishga nomzod sifatida muzokara olib borishga rozi bo’lishdi. Biroq bugungacha Turkiya Yevropa Ittifoqiga to’liq a’zolar qatoridan joy olishga muvaffaq bo’lolmayapti. Turkiya sobiq prezidenti Abdulloh Gul va boshqa bir necha turk mas’ullari bergan bayonotlarga ko’ra, aftidan, Yevropa Ittifoqi 80 million musulmoni bor bir islomiy yurtni o’z safiga qabul qilgisi kelmayotgan ko’rinadi.
Ma’lumki, qonun va dastur nizomi o’zaro o’xshash narsa. Biroq shunga qaramay, 1923 yil Turkiya jumhuriyati tashkil topgandan buyon turk qonun dasturlarining aksari G’arb qonunlariga, xususan, Shvetsiya va Frantsiya qonunlariga tayanadigan bo’lib qoldi. Ma’lumki, Turkiyaning 14 milliondan ziyod aholisi Yevropada yashaydi, Turkiyaning ba’zi qismi geografik jihatdan Yevropa qit’alari ichkarisida joylashgan, Turkiya dunyoda keng yoyilgan «terrorizm»ga qarshi kurashda Yevropa bilan hamkorlik qilib keladi, bu kurash esa Yevropa bilan Turkiya o’rtasida o’zaro hamkorlik va ma’lumot almashuvni mustahkamlashni talab qiladi, Turkiya Yevropa istagan ilmoniy mabdaga asosan tashkil topdi…, shularning barchasiga qaramasdan, Yevropa Ittifoqi mana shunday aholi soniga ega bo’lgan va tarixida Islomiy Usmoniy Xalifalik davlati bo’lgan bir davlatning Yevropaga qadam qo’yishini xohlamayapti. Darhaqiqat, bu hol hatto Turkiyadagi ba’zi mas’ullarning noumidlarcha bayonot berishga undadi. Misol uchun, Turkiyaning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Selim Yenel Turkiya «hech qachon Yevropa Ittifoqining doimiy a’zosi bo’lolmaydi. Shuning uchun u o’zining hamkorlik siyosatida boshqa alternativ qidirmog’i lozim», dedi.
Anqara Yevropaga a’zo bo’lishga harakat qilar ekan, ayni harakatini faollashtirish uchun ko’plab krizislardan foydalanmoqda. Ularning asosiysi, Suriyadan kelgan qochqinlar va Yevropa davlatlariga noqonuniy hijrat qilish krizisi bo’lmoqda. Chunki Turkiya yuz minglab suriyalik muhojirlarga Yevropaga o’tib olishlari uchun o’z erlarini qulay tranzitga aylantirib berdi. Bu esa Yevropa Ittifoqi davlatlari ichkarisida ulkan krizis keltirib chiqardi. Gap shundaki, muhojirlarning aksari musulmonlardir, ular Iordaniya, Turkiya va Misr kabi Suriyaga «do’st» qo’shni davlatlarda duch kelayotgan vaziyatlarga nisbatan Yevropada yaxshi yashashni afzal ko’rmoqdalar va bu tabiiy, albatta. Bu esa Yevropani u bir necha yillardan beri aziyat chekib kelayotgan xalqaro iqtisodiy krizisdan ham boshqacha bo’lgan bir axloqiy va iqtisodiy krizisga kiritib qo’ydi. Shuning uchun Yevropa Ittifoqining Suriyaga qo’shni davlatlar bilan joriy yilda o’tkazgan navbatdagi uchrashuvida o’rtaga tashlagan echimlaridan biri noqonuniy hijratga chek qo’yish echimi bo’ldi. Ya’ni qo’shni davlatlardagi, shu jumladan, Turkiyadagi suriyalik qochqinlarning istiqomat va kutib olish shart-sharoitlarini yaxshilash orqali chek qo’yadigan bo’ldi. Biroq Turkiya ayni masaladan kuzir qarta sifatida foydalanib, o’zining Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishi masalasini faollashtirishga urinmoqda.
Yevropa Ittifoqi muhojirlar masalasida uzil-kesil kelishuvga erishish maqsadida Turkiya bilan sammit o’tkazish uchun joriy oyning 17-18 kunlarini belgiladi. Yevropa Ittifoqi komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker ikki tomon «asosiy printsiplar orqali qochqinlar krizisiga hamkorlikda echim berishga» kelishib olganlarini ta’kidladi. Bir vaqtning o’zida, evropaliklar Turkiyaning navbatdagi talablaridan gangib qolishdi. Chunki Anqara Bryussel sammitida Anqaraning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi masalasini muhokama qilish uchun Yevropa-Turkiya muzokaralarining navbatdagi qismini ochishga zamin tayyorlashni hamda Yevropa Ittifoqidan kelasi iyun oyidan e’tiboran turkiyaliklardan vizani bekor qilishni talab qilgandi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilgan 3 milliard dollar qiymatidagi yordamni 6 milliardga ko’tarish shartini qo’ygandi. Yevropa Ittifoqi suriyalik qochqinlarni mablag’ bilan ta’minlash uchun 2018 yilga qadar beriladigan bu mablag’ni Turkiyaga o’z erlaridan noqonuniy muhojirlarning o’tishini ta’qiqlashi evaziga va’da qilgandi.
Shubhasiz, Yevropa Ittifoqi davlatlari Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishi masalasiga juda ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Chunki bu tarixiy va diniy jihatdan nozik mavzu hisoblanadi. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari bugun Turkiyaning o’z siyosatida Amerika chizgan chiziq bo’ylab harakat qilayotganini hamda bu davlatlar oldidagi krizisning bir qismi Turkiya ekanini tushunib turibdi. Chunki Turkiya amerikaparast Asad rejimining qolishini qo’llab-quvvatlashda Amerikaning yonini olmoqda. Turklarning ommaviy a’borot vositalarida buning aksicha bayonot berayotganlariga kelsak, bu buzilgan huquqini himoya qilish siyosati hisoblanadi. Shuning uchun Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishi masalasining faollashishida yana ayrim va’dalarni kutish mumkin, xolos, bundan ortiq narsa kutilmaydi. Albatta, turk tomoni ham buni tushunib turibdi. Shuning uchun Turkiya turklarga Yevropadagi vizalarini bekor qilish va suriyalik qochqinlarga ajratilgan yordam mablag’ini oshirishdan iborat ikki shartni ham qo’ydi. Ya’ni uzoqdagi arpadan yaqindagi somon yaxshi qabilida ish tutib, oz bo’lsa ham ikkita shartni qo’ydi.
Roya gazetasining 2016 yil 16 mart chorshanba kungi 69-sonidan