Qirg’iziston hukumati Rossiya bosimi ostida Islom va musulmonlarga qarshi olib borayotgan kurashini kuchaytirib kelmoqda. Rossiya hukumati Qirg’iz elitasidan jamiyatdan islomiy ko’rinish va qadriyatlarni surib chiqarishni talab qilib, bu yo’lda o’zidan o’rnak olishga majbur qilib kelayotgan bo’lsada, bu yo’lda keng ko’lamda kurash boshlash uchun Qirg’iziston hukumatida moddiy va texnik baza etarli bo’lmagani to’siq bo’layotgan edi. Bundan tashqari ozodlikdan mahrum etilgan “ekstremist” va “terrorist”larni jazoni ijro etish muassasalaridan ham o’z faoliyatini davom ettirayotgani, avval, o’g’rilik, qaroqchilik va qotillik qilib qamalganlarni qamoqxonalardan chinakam musulmon bo’lib etishib chiqayotgani ham hukumat o’zi rejalashtirgan loyihani amalga oshirishiga to’sqinlik qilib kelayotgan edi.
Shu sababli ham Jazoni ijro etish muassasasi tashabbusi bilan ekstremizm va terrorizm moddalari bo’yicha ozodlikdan mahrum etilganlarni qolgan mahbuslardan alohida saqlash tashabbusi ilgari surildi va ularni saqlash uchun Chuy viloyati Sokuluk tumanida joylashgan 19-sonli qamoqxona maxsus jihozlanadigan bo’ldi.
Qirg’iziston parlamentining huquq-tartibot va jinoyatchilikka qarshi kurash qo’mitasi 16 mart kuni bo’lib o’tgan yig’ilishida Jinoyat-ijroiya kodeksiga o’zgartirishlar kiritish bo’yicha qonun loyihasini ma’qulladi va diniy ekstremizm va terrorizm ayblovi bilan ozodlikdan mahrum etilgan mahbuslarni alohida saqlanishiga ruxsat berdi.
Yangi qabul qilingan qonun loyihasiga muvofiq, odamlarni garovga olish, noqonuniy qurolli guruh tashkil etish, jamoat yoki davlat arbobini o’ldirish, milliy, irqiy, diniy yoki mintaqalararo nafrat uyg’otish va ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish moddalari bilan ayblanganlar ham alohida saqlanadi.
Bundan tashqari, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish va ularni olib kirish hamda qasddan ekstremistik tashkilotlar ramz va belgilari (atributlari)dan foydalanganlarni ham alohida saqlash taklif qilinmoqda.
Qirg’iziston hukumati mana shunday bosqima-bosqich qadam tashlash orqali jamiyat ichida Islom da’vati yoyilishini oldini olishga harakat qilib kelmoqda. Bu qonun loyihasi tasdiqlanishidan oldinroq, Qirg’iziston sotsial-demokratik partiyasi (QSDP) fraktsiyasidan Jogorku Kenesh deputati Qiyonbek Sotiboldiev tomonidan ekstremizm va terrorchilikka aloqador bo’lgan 14 yoshdan katta fuqarolarni jinoiy javobgarlikka tortish to’g’risidagi qonun loyihasi ilgari surilgan va QSDP fraktsiyasi 11 mart kuni bo’lib o’tgan yig’ilishida mazkur qonun loyihasini tasdiqlagan edi. Agar bu qonun loyihasi parlament tomonidan ham tasdiqlanadigan bo’lsa, 14 yoshga to’lgan barcha fuqarolarni estremizm va terrorizm bo’yicha jazoga tortish mumkin bo’ladi.