Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Misrda 2015 yil Mart oyidan buyon 840 kishi bedarak yo’qolganligi haqida hisobot taqdim qildi. Hisobotga ko’ra, davlat siyosatiga qarshi bo’lgan kishilarning jismonan yo’q qilinishi hukumatning rasmiy xavfsizlik siyosatiga aylangan. Ba’zi inson huquqlari tashkilotlarining ma’lum qilishicha, Mejdi Abdul G’afforning davlat ichki ishlar vazirligiga tayinlangandan so’ng bunday holatlar sezilarli darajada ortgan.
Ayni paytda Misrda inson huquqlari himoyasi vazifasini bajarib kelayotgan “Nadeem” markazi sog’liqni saqlash asosiga ko’ra yopib qo’yilgan. Bu muassasa Misrda keng tarqalgan qiynoq, odam o’ldirish va qamoqdagi eng yomon holatlar bo’yicha muhim ma’lumotlarni oshkor qilgan edi.
Misrda faoliyat yuritib kelayotgan bir necha fuqarolik jamiyatlari o’tgan yil davomida bir qancha odamlarning bedarak g’oyib bo’lishiga harbiylar va razvedka xizmatining qo’li bor deb hisoblaydi. Misr Ichki ishlar vaziri Abdul G’affar esa bu ayblovlarni rad etib, “90 million aholiga ega yurtda 200 kishining bedarak yo’qolishi oddiy hol”, deya bayonot berdi.
Misrda inson huquqlarining toptalishi bo’yicha bayonot bergan Hyuman rayts votch tashkilotining rahbari Jo Stork “Odamlarning bedarak yo’qolishi borasidagi holatlarni o’rganib chiqishda Misr davlat prokuraturasi muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgan. Sisi hukumatining o’zboshimchalik bilan qarorlar chiqaraverishi esa hech kimga sir emas”, deydi.