بســـــم الله الرحمن الرحيم
Ko’r xassasini bir marta yo’qotadi
Mustamlakachi kofirlar demokratiya nomli baloni bizga majburlab tiqishtirishmoqda. Bundan ko’zlagan maqsadlari esa bizni doimo qullikda ushlab turishdan iborat. Ularga o’zimizdan chiqqan malay hokimlar yordam berishmoqda. Bular arzimas, qo’rqoq insonlar bo’lib, xo’jayinlari oldida tarixdagi qullardan ham yomonroq ahvolga tushib qolishadi. Chunki qullar kishanlarda bo’lishsa ham o’z fikrlarini aytishdan qo’rqishmagan. Ammo ular “hur” bo’la turib, o’z fikrlarini aytishga ham jur’at qilisha olmaydilar. To’g’ri, ularning hammasi ham qullarga aylanib qolishmagan, ularning orasida sheryurak, nohaqliklarga qarshi chiqadigan, haqiqiy o’g’lonlar ham bor, lekin kofirga malay bo’lgan hokimiyat ularni tilini tiyib qo’yishga bor kuchlarini sarflashmoqda. Kofir xo’jayinlari qilayotgan hiylalari esa o’zlarining ziyoniga bo’layotganini anglashmaydi. Masalan, hozirgi kunda hukumat imom-domlalarni Islomga karshi kurashda o’zlariga sherik qilib olishga intilishmoqda. Bu orqali o’zlariga topshirilgan vazifaga mos ravishda, xalq mustamlakachi kofirlar xohlagan tomonga yuradi deb o’ylashmoqda. Yo’q, aslo! Bu yangi balolarni boshlanishi bo’ladi, xalq yana qiynaladi.
Ey, rahbarlar! Ey, xalq etakchiligini o’z zimmasiga olganlar!
Xalq sizlarga umuman ishonmaydi. Na sizlarning va’dangizga, na chiqarayotgan qarorlaringizga va na tarqatayotgan xabarlaringizga ishonmaydi. Xalqni aldashni to’xtatinglar, o’z ziyoningizga behuda urinishni bas qilinglar! Ba’zi bir insonlar o’z manfaatini o’ylab, sizlarga tilyog’lamalik qilish bilan xudbinliklari asosidagi maqsadlariga etish uchungina sizlar tomonda turishipti. Mo’minlar ishonmay qo’yganliklari Rosululloh sallollahu alayhi va sallamning ushbu hadisi asosida bo’lgan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ لَا يُلْدَغُ الْمُؤْمِنُ مِنْ جُحْرٍ وَاحِدٍ مَرَّتَيْنِ
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rosululloh sallollahu alayhi va sallam dedilar:
“Mo’min bir teshikdan ikki marotaba chaqilmaydi”. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari. Ayrimlaridan yuz o’girishni boshlashgan bo’lsalarda, imom-domlalarga xalq ishonadi. Ular haqni aytmoqdalar, Allohning dinidan ta’lim berishmoqda degan ishonch hozircha yo’qolgani yo’q. Lekin har qanday holatda haqni bayon qilishi bilan tanilgan Rashod qori Kamolovni qamoqqa olinishi imom-domlalarning og’zini yopishga urinish bo’lgan bir xato edi. Endi mustalakachilarning maqsadlarini amalga oshirishda imom-domlalarni sherik qilishga bo’lgan urinishlar navbatdagi og’ir xato bo’ladi. Chunki, imom-domlalarga ishonayotgan xalq ulardan birin-ketin yuz o’gira boshlaydi. Ya’ni boshqa joylardan o’zlari uchun yo’lboshchilar izlaydi, savollariga javob beruvchi ishonchli olimlarni topishadi, bu hozirgi davrda juda oson. Yoki adashib AQSh kabi vahshiylar sun’iy ravishda tashkil qilgan harakatlarga bog’lanadilar. Bunda asosiy jinoyatchi sizlar bo’lasizlar!
Ey, imom-domlalar!
Ey, Rosululloh sallollahu alayhi va sallamning merosxo’rlari!
Og’ir, sinovli damlar tugashiga juda oz qoldi. Islom eshik qoqib kelayotgan bir paytda sizlarni kufr tomonida bo’lishdan ehtiyot bo’lishga chaqiramiz. Agar sinovda sobit qadam bo’lib, haqni bayon qilishda bardavom bo’lsangizlar ikki dunyo azizligiga ega bo’lasizlar. Moboda kufr va uning malaylariga yon bossanglar, ikki dunyo sharmandaligiga haqli bo’lib qolasizlar. Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilmaydigan hokimlar bilan do’stona munosabatda bo’lish Islomdagi katta jinoyatlardandir. Shuningdek, ularning xatolariga “qarsak chalish” va ular huzurida munofiqona turish – rozi bo’lish belgilaridandir. Ammo zulmlariyu, fisqu-fujurlarida ularga itoat qilish, kufr foydasiga chiqarilgan buyruq-qarorlarini bajarish va ularni o’zgartirmaslik, fitna (haqdan burish)larini inkor etmaslik zolimlarni yangidan-yangi hiyonatlarga shijoatlantiradi va musulmonlarga qarshi ilhomlantiradi, lekin asosiy javobgarlik sizlarning zimmangizda. Rosululloh sallollahu alayhi va sallam bu haqida ogohlantirgan:
“Ogoh bo’lingki, har biringiz rahbarsiz va har biringiz o’z raiyatidan mas’ulsiz. Odamlarga bosh bo’lgan imom rahbardir va u o’z raiyatidan mas’uldir…”.
Mehribon va Rahimdil Alloh Taolo bandalariga har bir ishda eng to’g’ri hukmlarni etkazdi va insonni o’z ixtiyori bilan ularni qabul qilishlarini xohladi. O’z ixtiyori bilan Islomni qabul qilgan inson mo’min hisoblanadi va unda hech qanday ixtiyor qolmaydi. “Alloh Taologa ishonaman va unga bo’ysunaman” degan insonda ixtiyoriy biror ish yo’q. Ba’zisini olib, ba’zisini tan olmaslik, Islomni to’liq inkor qilish kabi kufr hisoblanadi. Bu hukmlardan yuz o’girgan insonlarni og’ir hayot kechirganlariga tarixda juda ko’p misollar bor. Hozirgi vahshiyliklarning ham asosi Allohni qo’yib, insonlar chiqargan hukmlarga qarab ish ko’rishimizda. Alloh Taolo aytadi:
وَمَنْ أَعْرَضَ عَنْ ذِكْرِي فَإِنَّ لَهُ مَعِيشَةً ضَنكًا „
Kim mening eslatmamdan yuz o’girsa, bas albatta uning uchun tang-baxtsiz hayot bo’lur“. [20:124]
Islom olimi bu – Alloh Taoloning amr-farmonlarini yaxshi biladigan, o’z qavmiga nisbatan shariat asosidagi yashashni bilguvchiroq degan ma’noni anglatadi. Masalan, demokratiyada din va siyosat bir-biridan alohida ikki narsa, bir-biriga aralashishi mumkin emas, deb uqtirishadiyu ammo demokratlar bunga rioya qilishmaydi, balki dindan siyosiy ishlarda foydalanishadi. Islom dini bu – siyosat. Siyosat bilan shug’ullanish har bir musulmonga farz. Siyosiy hizblarni tuzish esa farzi kifoya. Rosululloh sallollahu alayhi va sallam bunday dedilar:
“E’tiborini Allohdan boshqaga qaratgan holda tong ottirgan odam Allohdan emas. Musulmonlarning ishiga ahamiyat bermagan holda tong ottirgan odam musulmonlardan emas”.
Alloh Taolo aytadi:
وَلْتَكُنْ مِنْكُمْ أُمَّةٌ يَدْعُونَ إِلَى الْخَيْرِ وَيَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنْ الْمُنْكَرِ وَأُوْلَئِكَ هُمْ الْمُفْلِحُونَ
“Oralaringizdan yaxshilikka (Islomga) da’vat qiladigan, ibodat-itoatga buyuradigan va isyon-gunohdan qaytaradigan bir jamoat bo’lsin. Ana o’shalar najot topguvchilardir”. [3:104].
Demak, siyosiy hizblarni bo’lishiga qarshilik qilish Alloh va Rosuliga qarshi chiqish bo’ladi, bundan Alloh saqlasin.
Olim bo’lsangiz o’rgating, da’vat qiling. Siz aytayotgan gaplaringni xalq dindan deb bilishadi, dalilini keltiring, loaqal kimning ijtihodi ekanini qo’shib bayon qiling. Ammo sizga ishongan insonlarni aldamang, dinga hiyonat qilmang!
Alloh Taolo aytadi:
أَأَنْتُمْ أَعْلَمُ أَمْ اللَّهُ وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنْ كَتَمَ شَهَادَةً عِنْدَهُ مِنْ اللَّهِ وَمَا اللَّهُ بِغَافِلٍ عَمَّا تَعْمَلُونَ
“ Sizlar yaxshiroq bilasizmi yoki Allohmi? O’zi biladigan guvohlikni Allohdan yashirgan kimsadan ham zolimroq odam bormi? Alloh qilayotgan ishlaringdan g’ofil emas”. [2:140]
وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنْ افْتَرَى عَلَى اللَّهِ كَذِبًا أَوْ كَذَّبَ بِآيَاتِهِ إِنَّهُ لَا يُفْلِحُ الظَّالِمُونَ
Alloh sha’niga yolg’on to’qigan yoki Uning oyatlarini yolg’on degan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Albatta, bunday zolimlar najot topmaslar. [6:21]
Ey, musulmonlar! Ey, sodda xalqim!
Qachongacha do’st-dushmanni ajratmay yurasan?! Qachongacha kofirlarning malaylariga jim turasan?! Musulmonlar yurtidagi qamoqlarda yotgan begunoh insonlarni, or-nomuslari toptalayotgan ayollarni, ochidan o’layotgan go’daklarni ko’rmayapsanmi?! Bugun o’sha musulmonlarga kelgan ahvol ertaga, menga ham kelganda “qarshi turaman” deb o’zingni aldama!
Qachongacha o’zingdan chiqqan xoinlarga jim turasan? Holbuki Alloh va Rosuli sallollahu alayhi va sallam buni haromligini bayon qilgan. Sen ularning hiyonatlarini ko’rib turib indamasliging ularning jinoyatiga sherikligingni anglatadi.
Abu Mas’ud (r.a)dan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sallollahu alayhi va sallam aytadilarki: …”Yo’q, aslo, Allohga qasamki, sizlar albatta yaxshilikka buyurasizlar va yomonlikdan qaytarasizlar. Sizlar albatta zolimning qo’lidan ushlaysizlar va uni haqqa burilishga majbur qilasizlar va albatta uni haqqa mahkam bog’lab qo’yasizlar. Yoki albatta Alloh ba’zilaringizni ba’zilaringiz qalbi bilan uradi, so’ngra ularni la’natlaganidek, sizlarni ham la’natlaydi”.
Alloh aytadi:
وَمَا اخْتَلَفْتُمْ فِيهِ مِنْ شَيْءٍ فَحُكْمُهُ إِلَى اللَّهِ
“Nimada ixtilof qilsangiz uning hukmi Allohga (qaytadi)”. [42:10]
Yana aytadi:
فَإِنْ تَنَازَعْتُمْ فِي شَيْءٍ فَرُدُّوهُ إِلَى اللَّهِ وَالرَّسُولِ
“Agar biror narsada talashib qolsangiz, uni Alloh va Rasuliga qaytaringlar”. [4:59]
Dorqutniy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallollahu alayhi va sallam shunday dedilar:
«كُلُّ أَمْرٍ لَيْسَ عَلَيْهِ أَمْرُنَا فَهُوَ رَدٌّ»
“Bizning unga amrimiz bo’lmagan har bir ish rad etilgandir”.
Shulardan ma’lum bo’ladiki, Islomda asos – shariatga ergashish va u bilan bog’lanishdir. Musulmon har bir ishni qilishdan avval o’sha ishning shar’iy hukmini bilib, keyin unga nisbatan, musulmonligidan kelib chiqib, unga mos ravishda o’zini shakllantirishi kerak, aks holda u musulmonlikni da’vo qilayotgan yolg’onchi, munofiq bo’lib qoladi.
Alloh Taolo aytadi:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmasanglar zikr ahlidan ya’ni biladiganlardan so’ranglar”. [16:43] va [21:7].
Abu Dovudning Jobir (r.a)dan rivoyat qilgan tayammum haqidagi hadisida Rasululloh sallollahu alayhi va sallam shunday dedilar:
«أَلاَ سَـأَلُوا إِذْ لَمْ يَعْلَمُوا فَإِنَّمَا شِفَاءُ الْعِيِّ السُّؤَالُ»
“Bilmasalar, so’ramabdilarda. Chunki, johillikning davosi so’rashdir”.
So’rayotgan olimni tekshirish shart, fosiqning gapini tekshirib ko’rish Alloh Taoloning amri:
يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَإٍ فَتَبَيَّنُوا أَنْ تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ
“Ey muminlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda, biron qavmga musibat etkazib qo’yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab-tekshirib ko’ringlar”! [49:6]
Ammo olimni berkinib olishi yoki o’z vatanini tark etishi uning gapini shubhali qilmaydi, chunki Islom kelgan ilk davrlarda musulmonlarni xalq dushmani degan tamg’a bilan jamiyatda jinoyatchilarga aylantirishgan vaqtda sahobalar Makkani tark etishga majbur bo’lishgan, hatto avvalda “Muhammad Amin”(ishonchli) deb tanilgan Rosululloh sallollahu alayhi va sallamga ham Makka eshiklari yopilgach, boshqa qabilalardan yordam talab qilganlar. Shunda Makkadan quvg’in qilingan Rosululloh sallollahu alayhi va sallamni Madina aholisi “to’linoy”dek kutishib olgani va yo’lda o’zini Payg’ambar ekanini bir a’robiydan yashirgani ma’lum va mashhurdir.
Abu Zar