Agar Iroq osmonida NATOga a’zo mamlakatlar harbiy uchuvchilari hayotiga Rossiya uchoqlari tarafidan tahdid tug’ilguday bo’lsa, ularga hujum qilishga ruxsat berildi. Bu haqda yakshanba kuni Londonning “Daily Star Sunday” gazetasi Birlashgan qirollik mudofaa vazirligidagi axborot manbasiga asoslanib xabar tarqatdi.
Vazirlikdagi manbaga ko’ra, Britaniya harbiy havo kuchlari “Tornado” uchoqlari uchuvchilariga, vaziyatga qarab, agar o’z hayotlariga tahdid tug’ilgiday bo’lsa, rus uchoqlariga hujum qilish huquqi berildi. Ammo, shu vaqtning o’zida, uchuvchilarga Iroqda rus harbiylari bilan har turli to’qnashuvdan imkon qadar yiroq bo’lishlik uqtirildi.
Nashrga ko’ra, Birlashgan qirollik harbiy havo kuchlari uchoqlari «havo-havo» toifasidagi raketalar bilan ta’minlanadi. “Shu vaqtgacha britan uchoqlari bunday raketalar bilan jixozlanmas edi. Ammo, bugunga kelib vaziyat o’zgardi. Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlari mintaqaga tahdid uyg’ota boshladi”, “Britan vazirlari Yaqin Sharqdagi vaziyat Rossiya harakatlari tufayli “anchagina xavfli” bo’lib qolgani to’g’risida ogohlantirilganidan so’ng ushbu qadam tashlandi”, deyiladi xabarda.
Axborot manbasining so’zlariga ko’ra, samolyotlar ovoz tezligida parvoz qilayotgan vaqtda havo kengliklari juda tor bo’lib qolishi, shu sababli to’qnashuvlar yuzaga kelishi yoki Rossiyalik uchuvchi xatolik tufayli o’t ochishi mumkin.