Nyu-Yorkda tashkil qilingan BMT bosh assambleyasida nutq so’zlagan BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Suriya masalasi nazorat changalidan chiqib ketganligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, to’rt yil davom etgan urinishlarning barchasi behuda ketgan.
“BMT xavfsizlik kengashi va boshqa urinishlarning diplomatik jihatdan to’rt yil davomida muvaffaqiyatsizlikka yuz tutishi Suriya inqirozining nazoratdan chiqib ketishiga sabab bo’ldi”, dedi BMT bosh kotibi.
Pan Gi Mun AQSh, Rossiya, Turkiya, Eron va Saudiya Arabistoni davlatlarini Suriya masalasini hal qilish uchun jadalroq harakat qilishga chaqirdi.
Boshqa bir tarafdan esa Suriyada yuzaga kelgan inqirozga echim topish ilinjida olti davlatdan iborat “Suriya bo’yicha xalqaro aloqa guruhi”, tashkil qilinishi haqida aytilmoqda. “RIA” axborot agentligi Rossiya tashqi ishlar vazirining yordamchisiga tayangan holda mazkur olti davlatning nomini e’lon qildi. Agentlikka ko’ra, AQSh, Rossiya, Turkiya, Eron, Saudiya Arabistoni va Misr davlatlari oktyabr oyida uchrashuv o’tkazishlari kutilmoqda.
Bu davlatlar shu paytgacha Suriya masalasida bir biriga zid pozitsiyaga ega ekanliklarini da’vo qilib kelishayotgan edi. Rossiya va Eron Asad tarafdori bo’lsa, AQSh, Turkiya va Saudiya Arabistoni Asadning ketishi zarurligini qayta-qayta takrorlab kelishdi. Bugunga kelib voqea rivoji jiddiy tus olgach, bu davlatlar ham ochiqchasiga siyosat yuritishga o’tishdi.
AQSh davlat kotibi Jon Kerri AQShning “CNN” kanaliga intervyu berib, Asadga ehtiyoj borligini bildirdi.
“(Asad masalasida) fikrimizni o’zgartirdik. Bu ketishda biror natijaga erisha olmaymiz. Qasos ketidan quvishni bas qilish va yana ko’plagan insonlarning o’limini oldini olish uchun boshqaruvga loyiq muvaqqat hukumatga muxtojmiz”, dedi AQSh davlat kotibi.
Jon Kerri Suriyada insonlar o’limini to’xtatish uchun Asad iqtidorda qolishi zarurligiga urg’u berdi. Vaholangki, Asad kuchlari Suriyada tinch aholini qanday qirg’in qilayotganiga butun dunyo guvoh bo’lib turipti.
Kerrining ta’kidlashicha, Asadning iqtidordan ketishi mamlakatda kutilmagan “portlash”ning yuzaga kelishiga sabab bo’lishi mumkin. Bundan avval u “Asad ketishi kerak, lekin hozir ketishi shart emas”, degan bayonot bilan chiqqan edi.