DA’VAT AMRU MA’RUFDAN FARQLIMI (1)

848
0

بسـم الله الرحمن الرحيم

Hayotda insonning fikri va vaqtini elallab olgan bir necha xil muammolar bor. Inson bu muammolarni hal qilishga va ularning majburiyatlarini ado qilishga har xil yondoshadi.

Agar biz inson hayotida yo’liqqan muammolarni o’rganib chiqsak, albatta bu muammolar xilma-xil shaklda ekanini va bir-biridan farqlanib turishini bilamiz hamda bu muammolar insondagi g’arizalar va uzviy ehtiyojlarga aloqadorligini ko’ramiz. Shuning uchun insonlarning mana shu muammolar oldidagi e’tiborlari bir shaxs bilan boshqa shaxs o’rtasida va bir muammo bilan boshqa muammo o’rtasida farqlanib turadi. Bu farqlanish insonlarning g’arizalariga bo’lgan nuqtai-nazarining xilma-xilligidan kelib chiqadi. Masalan, gohida ba’zi insonlar baqo g’arizasini o’zining hamma hatti-harakatiga va e’tiboru ishlariga asos qilib oladi. Ko’pincha bu g’arizani asos qilish boshqa g’arizalarga e’tiborsizlik qilish darajasiga olib borib qo’yadi. Ba’zilar esa hamma g’arizalari ustidan tadayyun g’arizasini etakchi qilib qo’yadi. Natijada u odamning idroki emas, balki tadayyun g’arizasi undaganligini, dinda u juda qattik intiluvchanligini va boshqa g’arizalarga e’tiborsizligini ko’rasiz.

Haqiqatdan, insonlarning aloqalarini tartiblashtiruvchi hukmlar va shar’iy koidalarni o’qib o’rganish bilan bizga shu narsa ma’lum bo’ladiki, inson qaysidir bir g’arizani boshqa g’arizalarining hisobiga qondirmasligi lozim. Bu esa hayot bizdan talab qilgan narsalarga to’g’ri keladi. Lekin shu bilan birga bu erda tartib bo’lishi zarur. To’g’ri, Alloh Subhonahu va Taolo har bir qodir musulmonga o’zini va oilasini boqish uchun kasb qilishni farz qildi. Lekin Alloh da’vatchiga da’vat talab qilgan narsalarni amalga oshirishini ham farz qilgan. Balki, da’vat boshqa ishlarga nisbatan etakchi bo’lishini talab qiladi va Alloh Taolo da’vat ishini musulmon amalga oshiradigan barcha ishlarning markazi qildi. Chunki Islomiy davlat uchun asosiy qilinadigan ish bu da’vat ishi deb belgiladi. Shuning uchun da’vat ishi har bir musulmonga asosiy qilinadigan ish qilib belgilandi. Rasul akram r aytdilar: “Men insonlar la ilaha illalloh degunlarigacha ular bilan urush qilishga buyurildim, agar ular uni aytishsa mendan qonlarini va mollarini saqlab qolishadi, magar Islom haqqini (saqlay olishmaydi) va ularning hisobi Allohgadir”. Shubhasiz bu so’z Payg’ambarimizning davlat raisi bo’lgan paytdagi ahvolini ifodalab turibdi. Ammo bundan avvalgi ahvolini amakisi Abu Tolibga aytgan gaplari ifodalab beryapti: “Allohga qasamki, amakijon, ular agar shu ishni tashlashim evaziga quyoshni o’ng elkamga, oyni chap elkamga qo’yib berishsa ham hargiz tashlamayman. Hatto Alloh shu ishni yuzaga chiqaradi yoki men shu ish yo’lida halok bo’laman”. Bu ish Payg’ambarimiz Muhammad(s.a.v)dan keyin o’zini mo’minman deb bilgan har bir musulmonga meros bo’lib qoldi. Xulosa shuki, musulmon qiladigan ishlar bitta maqsadga olib boruvchi vositalar bo’lib, bu maqsad Islomga da’vat qilishdir.

Da’vat o’zi nima? Da’vatchi kim? U nima ishlarni qilishni o’z zimmasiga olgan? Quyida shularni bayon qilamiz. “Da’vat” lug’atda chaqiruv, omma orasidagi istiloh bo’yicha esa Islomga chaqiruv tushiniladi. Da’vat chaqiruv bo’lsada, Islomda uning aniq tushunchasi bor. Da’vat – Islomning aqida va ahkomlarini ta’lim berish tariqati bo’lib, kofirlar Islomni tushunib, uni qabul qilsin yoki tushungandan keyin ixtiyoriy ravishda rad qilishlari uchun, musulmonlarga esa, ularning tuyg’ulariga ta’sir qiladigan va ularni Allohning azobi va g’azabidan qo’rqitadigan suratda Islom (dindagi ishlar)ni o’rgatishdirki, musulmon Allohning ahkomlarini o’rganishi va o’rgatish tariqati natijasida tuyg’ulari aqliga bog’langan paytda ta’sir qiluvchi kuchga aylansin uchundir, ya’ni da’vatni jamiyatdagi odamlarga yoyishdagi uning tariqati hikmat yo’li bilan, chiroyli mav’iza bilan va go’zal suratdagi munozara bilan da’vat qilishdir. Alloh Taolo deydi:

«(Ey Muhammad), Parvardigoringizning yo’li-diniga donolik-hikmat bilan chiroyli pand-nasihat bilan da’vat qiling! Ular (siz bilan talashib-tortishadigan kimsalar) bilan eng go’zal yo’lda mujodala-munozara qiling! Albatta, Parvardigoringizning O’zi Uning yo’lidan ozgan kimsalarni juda yaxshi bilur va U Zot hidoyat topguvchi kishilarni ham juda yaxshi bilur». [16:125]

Hikmat – aqliy hujjat, chiroyli mav’iza esa go’zal eslatmadir. Ya’ni odamlarning aqllariga xitob qilgan vaqtda ularning tuyg’ularini va tuyg’ulariga xitob vaqtida esa ularning fikrlarini qo’zg’atish. Toki tuyg’ular fikrlar bilan bog’lanib, komil suratdagi amal kelib chiqsin. Go’zal suratdagi munozara esa fikratga cheklangan va shaxslarga, nafsoniyatiga o’tmaydigan munozaradir.

 (davomi bor).

G’arib.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.