Rasmiy safar bilan Pekinga tashrif buyurgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogan Xitoy prezidenti Si TSzinpin bilan uchrashdi. Sharqiy turkistonlik musulmonlarni og’ir zulmlarga duchor qilgan Xitoy hukumati prezident Erdoganni rasmiy marosim bilan kutib oldi.
Prezident Erdoganga davlat iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi, energetika va tabiiy boyliklar vaziri Taner Yildiz, sog’lik vaziri Mehmet Muezzino’g’li, transport va dengizchilik aloqalari vaziri Feridin Bilgin va bundan tashqari yuzga yaqin Turk biznesmenlari va sarmoyadorlari hamrohlik qildi.
Ikki rahbar o’zaro uchrashuv o’tkazishidan avval, ya’ni uchrashuvning matbuotga ochiq o’tgan qismida Erdogan Xitoy prezidenti o’zining eng qiymatli do’sti ekanligini qayd etdi. Turkiya prezidenti musulmon uyg’urlar boshiga cheksiz balolar yog’dirayotgan “chin do’sti”ga o’zi va ayoliga ko’rsatilgan mehmondo’stlik uchun tashakkur bildirdi.
“Uch yillik tanaffusdan so’ng Pekinni ziyorat qilishdan va zoti oliylari bilan yangidan uchrashuv o’tkazishdan juda mamnunman. Bu erga kelishimizdan e’tiboran shaxsan menga va butun hay’atga ko’rsatilgan iliq muomala va mehmondo’stlik uchun tashakkur bildiraman”, dedi Turkiya prezidenti.
Xitoy prezidenti uyg’urlarga qarshi amalga oshirayotgan jinoyatlarini “milliy xavfsizlik masalasi” deya izohladi. Demak, Si TSzinpinga ko’ra, musulmon uyg’urlarni namoz va ro’zadan to’sishlik, muslima ayollarga avratini bekitib yurishni man qilishlik va masjid imomlarini keng maydonda ommaning ko’z o’ngida raqsga tushirishlik Xitoy xalqining xavfsizligini muhofaza qilish uchun amalga oshirilmoqda.
Janob Erdogan uyg’urlarga nisbatan amalga oshirilayotgan zulmlar haqida gapirmaslikni ma’qul ko’rdi. Turkiyada uyg’urlarni himoya qilib gapirgan Prezident Erdo’g’on Xitoyda Turkiya-Xitoy aloqalariga strotegik jihatdan nazar tashlashini ma’lum qildi.
“Strotegik hamkorlik nuqtasida 2010 yilda qadam tashlashni boshladik. Mana hozir amalga oshirish arafasida turibmiz. Shu bois Xitoy bilan bo’lgan aloqalarimizga strotegik jihatdan qaraymiz. Bu ziyoratlar o’rtamizdagi bir birimizga bo’lgan ishonchni kuchaytirishga va xalqlarimiz o’rtasidagi do’stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.”, dedi Erdogan.
Shuningdek, Erdogan Turkiya Xitoyning hududiy yaxlitligi tarafdori ekanligini ham ta’kidlab o’tdi. Erdoganning qayd etishicha, Turkiya chegaralari ichkarisida yoki tashqarisida bo’lsin, Xitoyning hududiy yaxlitligiga qarshi amalga oshiriladigan har bir harakat aslo qabul qilinmaydi.
Turkiya va Xitoy aloqalarini davomli rivojlantirish maqsadida ekanligini qayd etgan Erdogan bu aloqalarga zarar beradigan tashabbuslarga aslo izn bermasligini ta’kidladi. Xabarlarda aytilishicha, Turkiya bilan Xitoy o’rtasidagi savdo aylanmasi hozirgi paytda 24 milliard dollarga etgan.